Maktabgacha ta’lim tubdan takomillashadi
Mamlakatning yuksak taraqqiyoti, xalqning farovonligi bolalikda olinadigan ta’lim-tarbiyaga bog‘liq. Bu borada esa maktabgacha ta’lim muassasalari muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan davr mobaynida yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish va bu sohaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo, ushbu yo‘nalishda davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishda ayrim tizimli kamchiliklar to‘sqinlik qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yil 9 sentyabrda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan O‘zbekiston Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi. Ushbu qarorda maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Maktabgacha ta’lim sohasini amalga oshirishdagi to‘siqlar
Qarorda qayd etilishicha, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti. MTMlar infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining hozirgi holati bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, muassasa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning past darajasi yosh avlodni tarbiyalash masalasini professional darajada hal etishga yo‘l qo‘ymaydi. Bolalarning oziq-ovqat, moddiy ta’minoti va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ham jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.
Yangi MTMlar – davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi
– Mazkur qarorga binoan 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etiladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi maktabgacha ta’lim muassasalari boshqarmasi boshlig‘i Sabohat Mirjalilova.
Qolaversa, ushbu huquqiy hujjatda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida zamonaviy va hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun investorlarga yer uchastkalari va bo‘sh turgan binolarni 50 yil muddatga beg‘araz ajratiladi.
Investorlarga imtiyozli kreditlar taqdim etiladi
Investorlar tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida davlat ta’lim talablariga, sanitariya-gigiyena va boshqa normalarga rioya qilish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish, shuningdek, maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bunda investorlarga keng soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, shuningdek, imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik sub’yektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berildi. Mazkur eksperimentlar yakunlari bo‘yicha respublikaning boshqa hududlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishi ham nazarda tutilmoqda.
Qaror bilan ushbu sohadagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.
Maktabgacha ta’limning xususiy sektori rivojlantiriladi
Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zarur infratuzilmani yaratish va maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan bir qatorda sifatli maktabgacha ta’lim tizimini tashkil etishga davlat talablari, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash hamda joriy etish ishlari ham zamonaviy talablarga muvofiqlashtiriladi.
Qarorda vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilishni soddalashtirishni ham o‘z ichiga olgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.
Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari
Bu sohani ham takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda
Nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish maqsadida Komissiyaga mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amalga oshirilishi mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda respublikada 4 893 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularni moliyalashtirishga 2016 yilda davlat byudjetidan 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri