Butun ish kunini tik turib o‘tkazish sog‘liq uchun zararli
Kanadalik mutaxassislar 7320 nafar xodimning ma’lumotlarini tekshiruvdan o‘tkazdi. Ishtirokchilar haftasiga kamida 15 soat turib yoki o‘tirgan holatda ishlashdi. Ular 12 yil davomida nazorat qilib borildi. Tadqiqot boshlanishida hech kim yurak kasalliklaridan aziyat chekmasdi, deb xabar beradi The Daily Mail nashri.
Tadqiqotdan so‘ng, asosan turib ishlaydigan xodimlar yurak kasalligiga o‘tirgan holda ishlovchilarga nisbatan ikki marta ko‘proq duch kelishi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar natijalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni ham hisobga oldi. Ularning fikricha, inson tik turgan paytda qon oyoqlarga quyiladi va yurakka og‘irlik tushadi. Shuning uchun uzoq vaqt tik turish yurak kasalliklari xavfini oshiradi.
Mutaxassislar ish kunini tik turib o‘tkazadigan xodimlarga ba’zi-ba’zida o‘tirib dam olish uchun vaqt topishni maslahat beradi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.