Moliyaviy qiyinchiliklarga yo‘liqqan odamlar migren kasalligiga moyil bo‘ladi
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot ma’lum genetik variantlarga ega, moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan odamlar migren (vaqti-vaqti bilan tutadigan qattiq bosh og‘rig‘i) kasalligiga moyil bo‘lishini ko‘rsatdi. Vengriya va Britaniya olimlari 999 nafar budapeshtlik va 1350 nafar manchesterlik ko‘ngillilarning ma’lumotlarini tahlil qildi.
Olimlar sutkalik ritm muvozanatini boshqarib turuvchi CLOCK genining ikki varianti migren’ xavfiga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi. Ushbu gen va migren kasalligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik topilmadi. Lekin CLOCK genining ikki varianti moliyaviy muammolarga yo‘liqqan odamlarda kasallik xavfini 20 foizga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga qaraganda, ushbu genetik variantlar taxminan har uchta odamdan bittasida kuzatiladi. Ya’ni moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan aksariyat odamlarda migren kasalligi paydo bo‘lishi mumkin. Olimlar izlanishda davom etmoqda.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.