“Toshbaqa” kotleti
Bolajonlar uchun mo‘ljallangan, ishtaha ochuvchi taom!
Zarur masalliqlar: 300 gr qiyma, 5 dona bolalar uchun mo‘ljallangan sosiska, buterbrod uchun mo‘ljallangan pishloq, ta’bga ko‘ra murch va tuz.
Bezak uchun: salat bargi, qora murch donalari.
Tayyorlanishi: sosiskalarni uzunligi bo‘yicha teng yarimga ajratib olamiz. Ikkiga ajralgan sosiskalarni o‘rtasidan kesib, to‘rt bo‘lakka bo‘lamiz. Uning uchlarini pichoq yordamida biroz kesib, tirnoqchalar hosil qilamiz. Bu orqali toshbaqa oyoqlarini yasaymiz. Sosiskani ko‘ndalangiga bo‘lib, undan toshbaqa uchun bo‘yin yasaymiz. Sosiska uchini pichoq yordamida birozgina kesib, og‘iz hosil qilamiz. Sosiskaning qolgan qismidan dum yasaymiz. Tuz va murch aralashtirilgan qiymadan toshbaqa uchun kosa yasaymiz. Unga sosiskadan yasalgan dum, qo‘l va oyoqlar biriktiriladi. So‘ngra toshbaqa kosasi ustidan pishloqdan “qafas”yasab chiqiladi. Yarim tayyor “toshbaqalar”ni folga qog‘oziga o‘raymiz. 180 daraja qizdirilgan gaz pechida 30-35 daqiqa pishiriladi. Tayyor bo‘lgan ajoyib kotletlarni salat bargi bilan bezab dasturxonga tortishingiz mumkin. Yoqimli ishtaha!
XURSHIDABONU