Sihatgohlar salomatlikni mustahkamlaydi
Sihatgoh hududiga kirar ekanmiz, yo‘laklarda ulug‘ allomalarimizning salomatlik borasidagi fikrlari yozilgan stendlarga ko‘zimiz tushdi. So‘lim va bahavo, saranjom-sarishta maskan bo‘ylab sayr qilib, hordiq chiqardik. Bu yerda muolaja olib, salomatligini tiklayotgan hamyurtlarimizga havasimiz keldi.
Dono xalqimiz “Yaxshi dam, mehnatga hamdam”, deb bejiz aytmagan. Biroq, ko‘pchilik insonlar mehnatini qiladiyu, dam olishga kelganda turli bahonalarni ro‘kach qiladi. Rostdan ham inson o‘z hayoti davomida oila tashvishlariyu farovonligi, farzandlar kamoli, yurt obodligi uchun tinim bilmaydi. Bir kun bo‘lsin, oyoq uzatib, hordiq chiqarishga vaqt topolmaydi. Hayot tashvishlari bilan tinim bilmay, yelib-yuguradi.
Ta’kidlash joiz, inson tanasi temirdan emas. Issiq jonning isitmasi bo‘ladi. Shuning uchun biz o‘z salomatligimizni muhofaza qilish, tiklash, dam olish yoki davolanishga ba’zan ehtiyoj sezamiz. Bu bizdan sog‘lig‘imizga bo‘lgan katta e’tibor va mas’uliyatni talab etadi. Ana shunday paytda inson albatta, tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, bahavo maskanlarga sayohat qilishni istab qoladi. Bu ularga yangi kuch-g‘ayrat, shijoat, yangicha ruh bag‘ishlaydi. Kishilar shu tariqa ham ma’nan, ham jismonan qo‘shimcha kuch-quvvat olib, o‘z hayoti zarvaraqlarini yangilab turadi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari va kurortlar Boshqarmasi tasarrufidagi Qibray tumanida joylashgan “Umid gulshani” sihatgohini aylana turib, beixtiyor xayolimizdan shu o‘y-fikrlar kechdi. Bu yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishishga chog‘landik.
Dam olish maskaniga yangi rahbar ishga kelgach, qisqa muddat ichida muassasa faoliyatida katta o‘zgarishlar boshlandi. Barcha yotoq bo‘limlari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, yumshoq va qattiq jihozlar, tibbiy muolaja xonalari esa eng so‘nggi rusumdagi zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Yangi kutubxonaga 5 mingdan ziyod turli adabiyotlar keltirildi. Hudud yanada obodonlashtirilib, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
– Sihatgohimizga dam olish maqsadida yo‘llanma yoki ixtiyoriy tarzda kelgan odam, avvalo, qabul bo‘limida shifokor tomonidan birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. So‘ngra biokimyoviy laboratoriyamizda qon tahlillarini topshiradi. Ularni UTT, EKG apparatlaridan o‘tkazib, yurak, jigar, buyrak, o‘t qopi kabi a’zolarida kasallik bor-yo‘qligi aniqlanadi. Uch kun ichida biokimyoviy tahlillarga asoslanib, fuqaro shifokor tomonidan yozilgan muolajalarni olishgani boshlaydi, – deydi dam olish maskanining rahbari, oliy toifali shifokor Dilorom Mamadaliyeva. – Jamoamizning asosiy vazifasi o‘z ishiga intizom va mas’uliyat bilan yondashishdan, shifokor ko‘rsatmasiga binoan ularning muolajalarini o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat. Ayniqsa, dam oluvchilarning talab va istaklarini bajarishda muomala madaniyati, kutib olish va kuzatish, ularning xizmatimizdan mamnun holda uyga qaytishlari ham muhim ahamiyatga ega.
Ha, dam olish maskanida 12 kunlik reabilitatsiya va profilaktika muolajalaridan so‘ng dam oluvchilar ham tibbiy, ham ma’naviy hordiq chiqaradilar. Ular muolajalardan bo‘shagach haftada 2 marta tabiat qo‘yniga sayrga, shuningdek, poytaxtimizdagi muzey, teatr, sirk va ziyoratgohlarga tomoshaga olib boriladi.
E’tiborlisi, dam oluvchilarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun o‘tgan yili 2 qavatli zamonaviy qishgi-yozgi madaniyat saroyi, kutubxona, davolash – jismoniy mashg‘ulotlar xonasi (DJX), shuningdek, 120 o‘rinli zamonaviy oshxona qurib bitkazilib, ular qattiq va yumshoq hamda sport jihozlari bilan ta’minlandi. Yotoqxonalar to‘lik ta’mirdan chiqarilib dam oluvchilarga zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda ayollar va erkaklar bepushtligi, asab tizimi, endokrin va yurak qon-tomirlari tizimi kasalliklarini reabilitatsiya qilish (tiklash) va profilaktika ishlarini olib borish maqsadida jamoa samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Muolajalarning asosiy negizini tashkil etuvchi tanadagi moddalar almashinuvi, qon aylanishi, kasallikning so‘rilishi va nobud bo‘lgan to‘qimalarning tiklanishini ta’minlovchi fizioterapevtik muolajalar – suvda uqalash, shifobaxsh balchiq, parafin, past chastotali tok, igna terapiyasi, uqalash, suv muolajalari, ichaklarni yuvish, banka qo‘yish, giriudo terapiya, fitobar, kislorodli ko‘pik, sauna va basseynda suzish dam oluvchilarga salomatlik bag‘ishlamoqda.
Bunday jarayonlarni tezkor va sifatli ta’minlanishida urologlar Shokir Ashurov, Aziz Nosirov, ginekologlar – Dilbar Saidova, Nilufar Rahmatova, Gulira’no Qosimova, biokimyoviy laboratoriyasi bo‘limi rahbari Barno Sattorova, nevropatolog Idris Mardonqulovning mehnati tahsinga sazovor.
Qolaversa, dam oluvchilar uchun har oqshom taniqli xonanda va aktyorlar ishtirokida ko‘ngilochar konsert dasturlari, teatr va ko‘chma sirk namoyishlari, taniqli shoir-yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Kunda uch mahal parhez taomlar, serquyosh tuprog‘imizda yetishtirilgan sarxil mevayu shirin-shakar qovun-tarvuzlar to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.
Sihatgohda dam oluvchilarning ijtimoiy himoyasi ta’minlangan. Davlat dasturi asosida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va sobiq front orti xizmatchilariga, mehnat faxriylari va nogironlarga imtiyozli yo‘llanmalar asosida xizmat ko‘rsatiladi. Ya’ni, muolajalar ularning joylariga borib bajariladi. Zarur holatlarda bu toifa dam oluvchilarga dori-darmonlar bilan qo‘shimcha muolajalar amalga oshiriladi.
Yana bir e’tiborli tomoni sihatgohda ona-bolalar ham qabul qilinadi. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Buning uchun muassasada hamma sharoitlar yaratilgan. Hatto bolalar xonalari ham tashkil etilgan.
Amaliy-tibbiy jarayonlarning sifatli bajarilishida hamshiralardan Dilorom Abdurahmonova, Viloyat Yusupova, Salomat Saidoxunova, Shahlo Musaxonovadan barcha minnatdor.
Har hafta o‘tkaziladigan shanbalik va tozalik kunlari esa hududdagi obodonchilik va ozodalikni ta’minlamoqda. Chor-atrofga ekilgan gulu rayhonlar sihatgoh hovlisiga o‘zgacha ko‘rk va fayz bag‘ishlabgina qolmay, musaffolikni ta’minlab, kishining bahri-dilini ochadi.
M. QODIROVA