Ilm fidoyisi
Hayotimiz farovonligi, oilamiz tinchligi, farzandlar tarbiyasi, ularning ma’nan va jismonan yetuk bo‘lishlari oila muhitiga, asosan ota-ona tarbiyasiga bog‘liq. Mamlakat kelajagi, uning obodligi, mustahkam oilalar bilan, uning o‘zga yurtlardan kam bo‘lmasligi esa albatta ilm-fan taraqqiyoti, shu mamlakat fidoyilarining yaratuvchanligi, mehnatlari natijalarida ifodalanadi.
Rustam aka Bobojonovni fan fidoyilaridan desak, aslo yanglishmaymiz. U dastlab O‘zbekiston Milliy Universiteti (ToshDU)ning fizika fakultetini tugatgan. Keyinchalik, u Rossiyaning Dubna shahridagi Yadro fizikasi instituti birlashmasida ilmiy izlanishlar olib bordi va sohaga doir ilmiy ishini yoqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Kafedra mudiri S.Azimov rahbarligida jahondagi eng mashhur olimlar guruhi a’zolari akademik A.Aleksandrov, Nobel mukofoti laureati, Neytron fizikasi laboratoriyasi direktori akademik Frank va boshqalar bilan yadro fizikasi sohasida ilmiy izlanishlar olib bordi. Qator yillar olib borgan faoliyati natijasida yadro fizikasi kafedrasida «Umumiy atom fizikasi», «Yadro fizikasi» va boshqa ilmiy laboratoriyalar tashkil etilishiga rahbarlik qildi. Ularni yigirmadan ziyod laboratoriya jihozlari bilan ta’minlab, mutaxassis-shogirdlariga ilm-fan sirlarini o‘rgatish, bu yo‘nalishda yangiliklar yaratish ishlariga bosh bo‘ldi. Yuzlab yadro fizikasi kafedrasi talabalarining diplom ishlariga hamda sakkiz nafar fan nomzodlarining ishlariga ilmiy rahbarlik qildi. Jahonda birinchi bo‘lib, uchta yangi radiaktiv izotopning mavjudligini isbotlagan Rustam Bobojonov, o‘zi tanlagan talabalar, aspirantlar, iqtidorli ilmiy xodimlardan iborat bo‘lgan ilmiy jamoa a’zolari bilan ko‘plab yangiliklar yaratdi. Konlardagi ma’danlarda oltin elementi miqdorini aniqlashning eng sezgir, eng tezkor uslubini kashf qildi. Kosmik asbobsozlik korxonalari buyurtmasiga binoan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ba’zi moddalarning yuqori quvvatli radiatsiyaga chidamlilik chegarasi aniqlanib, ishlab chiqarishga tavsiyalar berildi. Radiatsion nurlanish yordamida konstruksion materiallarning chidamliligi va qattiqligini oshirish texnologiyasi ishlab chiqildi.
Shu haqda o‘nlab maqolalar xorijiy jurnallarda e’lon qilindi va kashfiyotlarga mualliflik guvohnomalari olindi. Tibbiyot sohasi uchun zarur bo‘lgan radioizotoplarni elektron tezlatgichlarda ishlab chiqarish uslubi kashf qilindi.
U kafedra xodimlarini ustuvor ilmiy yo‘nalish – saraton kasalini tezkor diagnostika qilish va davolash uslublarini respublikamizda joriy qilishdek dolzarb, ijtimoiy va umuminsoniy ahamiyatga ega faoliyat bilan shug‘ullanishga undamoqda. Bu taklifni amalga oshirish uchun yadroviy tibbiyot mutaxassisligi bo‘yicha mutaxassislar qisman yetarli. Shuningdek, boshqa zaruriy diagnostik tibbiy uskunalar, onkologiya markazining radiologiya va kompyuter diagnostikasi bo‘limlari artofida tomografning o‘rnatilishi va ekspluatatsiya qilinishi uchun bo‘sh yer maydoni mavjudligi bu ishda qo‘l keladi.
R.Bobojonov namunali oila boshlig‘i, sevimli umr yo‘ldoshi, uch nafar farzandning mehribon otasidir. Ustoz farzandlarini ham oliy ma’lumotli qilib, ularni bugungi kunda Vatan taraqqiyoti, uning kelajagi uchun fidoyi insonlar bo‘lib voyaga yetishiga hissa qo‘shdi.
Bir inson umrida erishishi mumkin bo‘lgan baxt va omad Rustam akaning hayotida mujassam. Biz ustozni muborak yoshi bilan samimiy qutlaymiz. Hamisha yaqinlari va shogirdlari baxtiga omon bo‘lsin.
M.XO‘JAMURODOVA