“Kimligingni bilmay sevaman…”

Ijtimoiy tarmoqlar – fikrlar jangi kechadigan maydon. Bahs maydoni, munozara maydoni. Yaqinda bir foydalanuvchining postiga ko‘zim tushdi.

Unga yuklangan suratda to‘xtovsiz harbu zarbdan abgor holga kelgan shahar xarobalari fonida oppoq libosdagi kelin, uning qarshisida tiz cho‘kib, qo‘lidagi guldastani yoriga tutayotgan harbiy kiyimdagi kuyov tasvirlangan. Tagida esa izoh: “Suriyadagi kelin-kuyov. Kuyov o‘zining bo‘lajak rafiqasiga gulni muhabbat emas, balki tinchlik ramzi sifatida tutmoqda”. Davomida esa foydalanuvchining o‘z yurtdoshlariga ginasi keltiriladi: “Sizlar yuraveringlar, go‘sht narxi falon so‘mga oshib ketdi, u unaqa bo‘ldi, bu bunaqa bo‘ldi, deb! Eng muhimi, go‘zal O‘zbekistonimizning tinchligi emasmi?!”

Chindan. Yurt tinchligi – eng birlamchi, eng muhim masala. Qolgani hal qilsa bo‘ladigan, birlashib yechimini topish mumkin bo‘lgan muammolar. Bugun urush kechayotgan, shiddatli janglar odamlarning tinchini yeb bitirgan davlatlar haqida o‘qib, eshitib, hammaning xayoliga eng avvalo shu gap keladi: “Xudo ko‘rsatmasin bizga bu kunlarni!” Tinchlik atalmish ne’matning eng bebaho, eng topilmas boylik ekanini ham shunday paytlarda yaqqol sezasan kishi. Atrofga qaraysanu yashab turgan hududingda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, obodonchilik, bunyodkorlik ishlarini ko‘rasan. 26 yil ichida bu jannatmonand diyorning qanchalik yashnab, qanchalik gurkirab ketganiga amin bo‘lasan. Ko‘zing yashnaydi, qalbing g‘ururga to‘ladi. Shunday go‘zal yurtda yashayotganingga shukr qilasan. Qariyalar tilida takrorlanadigan duoni beixtiyor pichirlaysan: “Ishqilib, yurtimiz tinch bo‘lsin!” Istiqlol yillaridagi bu yutuqlar, muvaffaqiyatlarning kaliti ham aslida shu tinchlik, shu osoyishtalikda ekanini o‘ylaysan.

Tinchlik hukmron bo‘lishi kimga bog‘liq, nimaga bog‘liq? “Avvalo, niyatga”, deydi kimdir. Darhaqiqat, “yaxshi niyat – yarim davlat”, degan dono xalq. Niyat – ishning avvali. Ammo faqat uning o‘zi bilan ish bitmaydi. Tinchlik ham xuddi shunday, faqat uni istash, niyat qilish bilangina tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Unga munosib bo‘lish ham kerak. Ya’ni xalqning birligi, jipsligi, buyuk maqsad yo‘lida bahamjihatligi tinchlikni ta’minlaydigan omil emasmi? Yoki ogohlik, hushyorlik, atrofdagilarga loqayd, beparvo bo‘lmaslik, jamiyat taqdiri, hayotiga daxldorlik hissi bilan yashash tinchlikka qo‘yilgan poydevor emasmi? Birinchi Prezidentimiz kabi o‘zini zarrama-zarra shu el, shu xalq, shu Vatan ravnaqi uchun fido qilish-da aslida tinchlikning garovi…

Yana o‘qing:  YURT NOMINI ShARAFLAGANLAR

Bularni xayoldan o‘tkazib, o‘sha foydalanuvchining fikrini ma’qullayman: ha, eng muhimi, tinchlik. Boshqa muammolar esa yechiladi, ularga yechim topiladi. Ammo buni ham shu xalq istasa, shu odamlar xohlasa… Bugun Prezident talab qilayotgan o‘z-o‘zini nazoratga oladigan, “ura-ura”ni emas, amaliy ishga yaraydigan, shu vatanning ertasini bugunidan porloq, munavvar qilishga astoydil bel bog‘laganlar har qanday muammoga yechim topa oladi. Zero, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov yozgani kabi:

Sajda qilma,

Yurt tuprog‘in o‘p!

Unga qullar emas, fidolar kerak.

Uning senu mendek shoirlari ko‘p,

Buyuk yurtga endi daholar kerak…

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: