Mehr mangu yashaydi
Biz farzandlarimizning barkamol ruhiy dunyosi uchun, ularning ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun doimo qayg‘urishimiz, kurashmog‘imiz zarur.
Islom KARIMOV
– Bizni baxtimizga doim sog‘-omon bo‘ling. Siz borsiz, xalqimiz, yurtimiz tinch. Siz borsiz, osmonimiz musaffo. Doim bizni yonimizga kelib turing…
Bu samimiy so‘zlar bundan 10 yil avval, aniqrog‘i, 2007 yil O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov Buxoro shahridagi 32–“Mehribonlik uyi”ga tashrif buyurgan paytda ushbu maskan tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Liana Suleymanovaning tilidan yangragan edi. Har gal oynai jahon orqali ushbu lavhani tomosha qilganda qaddi baland, oy yuzli qizning “Doim bizni yonimizga kelib turing…”, deya aytgan gaplaridan vujudni titroq bosadi. Beixtiyor, ko‘zlarga yosh keladi. Tomog‘ingga nimadir tiqilganday bo‘ladi… Sen ham nimadir demoqchi bo‘lasan-u, kuching yetmaydi…
Aslida ham har bir farzand doim otasi yonida bo‘lishini, uni suyib-erkalashini istaydi. Padarining borligi, yonida ekani har bir o‘g‘il-qiz qaddini ko‘taradi, unga quvonch bag‘ishlaydi. Shuning uchun Liananing bu so‘zlarini har bir farzand otasiga aytadigan eng beg‘ubor, eng samimiy tilaklar ramzi degim keladi.
Liana bugun o‘sha baxtli kunlarni ko‘zlarida yosh bilan eslaydi. Shirin entikish bilan yodga oladi. Birinchi Prezident bilan yana suhbatlashgisi, unga qalbidagi shirin orzularini aytishni istaydi.
Islom Abdug‘aniyevichning “Qizim, yig‘lama. Barchangiz farzandimsiz. Hammangizni yaxshi ko‘raman. Sizlarni yoningizga tez-tez kelib turaman”, deya aytgan so‘zlari hanuz quloqlari ostida jaranglaydi…
– Islom Karimov muassasamizga tashrif buyurgan o‘sha quvonchli lahzalarni nafaqat men, balki barcha tengdosh dugonalarim unutmaydi, unutolmaydi, – deydi Liana ko‘zda yosh bilan. – Eslayman, shu kuni maskanimiz hovlisida u inson bilan uzoq suhbatlashganmiz. Ular bizdan sport bilan shug‘ullanishni, oldimizga yuksak maqsadlar qo‘yib, unga yetishish uchun doimo olg‘a intilishni, hech hachon bo‘sh kelmaslikni tayinlagan edilar. Ayniqsa, Islom boboning samimiyligi, otalarcha mehribonlik bilan aytgan so‘zlari biz kabi ota-ona mehridan mosuvo bolalar qalbiga ishonch tuyg‘usini jo etgandi. Ushbu yuksak ishonch esa beg‘ubor orzularimizga yetishda bizga qanot bag‘ishladi. Bu mehridaryo inson bilan bo‘lgan o‘sha uchrashuv bir umrga tatigulik shirin xotiralarni qalbimizga muhrladi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti yurtimizning qay go‘shasiga bormasin, yoshlar davrasiga talpinar edi. Ularning quvonchiga sherik bo‘lardi, dardu tashvishlarini jon qulog‘i bilan tinglardi. Yurt farzandlarini qiynayotgan muammolarga yechim izlardi. Ayniqsa, u ulug‘ insonning tashabbusi bilan mamlakatimizda yosh avlodning sport bilan shug‘ullanishi, ma’naviyatli shaxs bo‘lib kamolga yetishi, chuqur bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar, bu sohada amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar, qabul qilingan qaror va qonunlar farzandlarimizning ko‘plab orzularini ro‘yobga chiqardi. Bu borada Islom Karimov shunday degan edi: “Biz xalqimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasligi, farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi”.
– Islom Karimovning g‘amxo‘rliklarini biz kabi ota-onasiz qolgan bolalar yaxshi bilishadi, his etishadi. Masalan, o‘zim tarbiya topgan Mehribonlik uyida sport bilan shug‘ullanish, ta’lim olish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi, – deya so‘zida davom etadi Liana. – Men ana shunday imkoniyatlar sabab ko‘plab orzularimga erishdim. Huquqshunoslik sohasida tahsil oldim. Oilali bo‘ldim. Bugun turmush o‘rtog‘im va 7 yoshli Anisa qizim bilan shirin hayot kechirmoqdamiz. Bu yil farzandim Buxoro shahridagi 21-umumta’lim maktabining 1-sinfiga boradi. Unga Prezident sovg‘a berishini aytganimda bolalarcha sevindi. Farzandimning yuz-ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, tanish tuyg‘ular meni olis xotiralar sari yetakladi. Bilasizmi, biz ham bayram kunlarida Islom bobodan ko‘plab sovg‘alar olardik. O‘sha paytda qanchalar sevinganimizni sizga so‘z bilan ifodalab berolmayman…
Xalqimiz har bir ishdan hikmat izlaydi. Bugun oynai jahon orqali Afg‘oniston, Suriya, Falastin, Iroq va Misr mamlakatlarida bo‘layotgan taloto‘plar, urush-u nizolarni ko‘rib, tinch va osuda yurtda yashayotganimiz uchun shukronalar aytamiz.
Ona Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik-totuvlik, osuda hayot ana shu ko‘ngli o‘ksik bolalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklarimiz, ezgu amallarimiz tufayli emasmikan, deb o‘ylayman.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday ezgu amallar xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Aytish kerakki, bu borada ham Birinchi Prezidentimiz barchamizga o‘rnak edi. O‘tgan chorak asr davomida u inson qilgan ishlari hammamiz uchun ibrat maktabi bo‘ldi.
Quvonarlisi, bugun ham mamlakatimizda bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ota-ona mehridan benasib bolalarga muruvvat qilish, yordam qo‘lini cho‘zish, holidan xabar olish, ularning ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.
– Islom Karimov bilan uchrashgan kunimiz menga, “Siz dunyodagi eng baxtli ayolsiz. Chunki siz bu yerda tarbiyalanayotgan bolalarning mehribon onasisiz. Tilagim, farzandlaringiz baxtiga doimo sog‘ bo‘ling. Hech qachon charchamang!”, deya aytgan mehrli so‘zlarini eslasam, hanuz ko‘zlarimga yosh keladi, – deydi muassasa rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Saida Sharipova. – Shu kuni Birinchi Prezidentimiz bolalarga avtobus sovg‘a qilgan edi. O‘sha avtobus bugun ham bolalarimizning uzog‘ini yaqin qilmoqda. Bu buyuk va bag‘rikeng insonning xalqimiz, farzandlarimiz uchun qilgan yaxshiliklari, ezgu ishlari bir umr yodimizda qoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev 2016 yil 8 sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma yig‘ilishida “Islom Abdug‘aniyevichga xos bo‘lgan bukilmas iroda, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoladi”, degan edi. Davlatimiz rahbari ushbu so‘zlari bilan bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti boshlagan barcha xayrli ishlar, olib borgan izchil islohotlar davom etishini alohida ta’kidladi. Quvonarlisi, bugun oradan bir yil o‘tib, shu narsaga amin bo‘lmoqdamizki, Islom Karimov o‘ziga munosib shogirdlarni ham tarbiyalab, mamlakat istiqboli, yurt kelajagi uchun mehrdan munosib poydevor yaratgan ekan.
Ona xalqimiz istiqlolimiz bunyodkori, Birinchi Prezidentimizning ko‘rsatgan jasorati, yurt taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasini hech qachon unutmaydi.
Sa’dullo TURSINOV