Yashnayotgan “nihol”lar
Joriy yilning 25 avgust kuni “Istiqlol” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yosh iste’dodlar uchun ta’sis etilgan “Nihol” mukofoti sovrindorlarining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir uchun taklif etilgan turli ijodiy tashkilotlarning vakillari, san’at namoyandalari, musiqa san’ati muxlislari taqdirlash marosimi boshlanishini intiqlik bilan kutishdi.
Tadbir boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T. Norboyeva so‘zga chiqib, joriy yilda “Nihol” mukofoti sovrindorlarini kutayotgan yangi imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Milliy teleradiokompaniya hamkorligida imzolangan memorandumga asosan “Nihol”ning yangi sovrindorlari bir yil mobaynida o‘z qo‘shiqlarini teleradiokanallarda bepul efirga uzatish, audiostudiyalarda imtiyozli musiqa yozish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu yangilikni san’atkorlar, musiqa san’atining muxlislari va tadbirga yig‘ilgan tomoshabinlar gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi.
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq yosh iste’dodlar uchun “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda g‘oliblar ijrosidagi konsert dasturini bayramona tarzda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirning yuqori saviyada tashkillashtirilganidan ham buni bilish qiyin emas edi.
2016 yilning oktyabr-noyabr oylarida “Nihol” mukofoti tanlovining tuman (shahar) saralash bosqichlarida qatnashib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan 20 nafar eng munosiblar respublika bosqichida mumtoz qo‘shiq, musiqa ijrochiligi, estrada, opera ijrochiligi, raqs san’ati yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini “Nihol” mukofoti respublika kengashi a’zolari, mutaxassislar va ekspertlar, keng jamoatchilik, san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etdi. Ular yig‘ilganlar tomonidan iliq kutib olindi.
Tanlov g‘oliblari tomonidan kuylangan va ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslarni tomosha qilib, yoshlarni ezgulikka, Vatan oldidagi mas’uliyatini teran anglashga chorlovchi, el-yurt, jamiyat, san’at ixlosmandlari oldidagi ijtimoiy burchini teran anglaydigan, chin ma’nodagi iste’dod sohiblarini aniqlashga jiddiy yondashilganiga yana bir bor amin bo‘ldik. Shu bilan bir qatorda ishtirokchilarning insoniylik va vatanparvarlik fazilati, repertuari saviyasi, professional tayyorgarlik darajasi, san’atga bo‘lgan intilishiga katta ahamiyat qaratilgani tadbirning o‘zgacha ruhda o‘tishiga o‘zining munosib hissasini qo‘sha oldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 3 avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvda ta’kidlaganidek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongu shuurini turli zararli g‘oyalar ta’siridan ishonchli himoyalashda ijod ahli, jumladan, san’atga endi qadam qo‘yayotgan yosh ijrochilardan ham katta mas’uliyat talab etilayotganini bugun zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
– Berilgan mukofotdan cheksiz g‘ururlandim. Bu mukofot menga kelajakda yanada kuch-g‘ayrat bilan o‘z ijodimni davom ettirishga turtki bo‘la oladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqimizning ma’naviy kamolotida ijodkorlarning xizmati beqiyos, taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida barcha sohalar vakillari qatori madaniyat va san’at ahlidan ham yanada faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi talab etiladi, – deydi “Nihol” mukofoti sovrindori Salamat Ayapov.
“Istiqlol” san’at saroyida yosh san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlarini eshitib, ajoyib raqslarini tomosha qilib, mamlakatimizda milliy madaniyatimiz va san’atimizga bo‘lgan e’tiborning naqadar yuksak ekanligiga guvoh bo‘ldik. Shu bilan bir qatorda “Nihol” mukofoti ham musiqa san’atining turli yo‘nalishlarida g‘ayrat bilan ijod qilayotgan yosh yigit-qizlarni xalqimizga tanitish, ular ijodini yangi, yanada yuqori saviyada yo‘lga qo‘yishda yaqindan ko‘maklashishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini alohida e’tirof etish joiz.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tashabbusi bilan 2000 yilda ta’sis etilgan “Nihol” mukofotini qo‘lga kiritganlar soni bu yil 167 nafarga yetdi. Shu kungacha mazkur mukofot sovrindorlaridan 1 nafari O‘zbekiston xalq artisti, 22 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 6 nafari Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari bilan taqdirlangan.
Tadbir davomida, yigirma nafar yosh ijrochi “Nihol” mukofotining 2017 yilgi sohibi sifatida e’lon qilindi. Mazkur mukofot sohiblari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga imtihon va test sinovlarisiz davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyati, “Nihol”ning maxsus statuetkasi va eng kam oylik ish haqining 70 barobari miqdorida pul mukofotiga sazovor bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.
Xurshida HUSENOVA