Sharqdan taralgan navolar
Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do‘stona muhitning guvohi bo‘lmoqda.
Turli xalqlar vakillari va madaniyatlar uchrashgan manzil – Samarqandda qo‘shaloq bayram shukuhi kezmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik shaharga o‘zgacha fayz va chiroy baxsh etgan.
So‘lim bog‘ va xiyobonlar, nurafshon ko‘chalar tarovati, turfa gullar ifori har qanday kishiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan turfa odamlar chehrasidagi mamnunlik, o‘zaro samimiy munosabat Samarqandda katta bayram boshlanayotganidan darak beradi.
Qadim va navqiron Samarqandda 28 avgust kuni “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
San’at – odamlarning orzu-havasi, quvonchu shodligi, armon va iztiroblari, ichki kechinmalarini ifoda etadigan vosita. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, qalban yaqinlashtiradi.
Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do‘stona muhitning guvohi bo‘lmoqda. Bu yerda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 20 yil avval asos solingan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘n birinchi bor o‘tkazilmoqda.
Samarqandning Registon maydonidagi Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalari gulgun shafaq yog‘dusida yanada go‘zal va salobatli ko‘rinadi. Betakror amfiteatr hosil qilgan bu muhtasham obidalar anjumanga o‘zgacha ruh, ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Maydon “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan gavjum. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, san’at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.
Festival ishtirokchilari va tomoshabinlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni qarsaklar bilan kutib oldi.
Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur anjumanning chuqur insonparvarlik ruhi va falsafasi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa an’analarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi boshlanadi. Maydon uzra sehrli kuy taraladi. Ohang sekin-asta butun vujudingizga kirib boradi. Bu oroyishning qiyosi yo‘q. Musiqa izmidasiz. Sehrli ohang ta’sirida iliq xotiralar yodga tushadi, ba’zan umringiz bino bo‘lib bormagan maskanlarni tasavvuringizda gavdalantiradi. Bu kuy sehri, ohang zavqi, musiqa qudratidir.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali mamlakatimizda madaniyat va san’atga qaratilayotgan alohida e’tiborning jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan yuksak namunasidir.
Festivalning nufuzi ortib, ishtirokchilari geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, mashhur san’at namoyandalari unda qatnashishni o‘zlari uchun sharaf, deb biladi. 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga 60 ga yaqin davlat san’atkorlari tashrif buyurdi. Festival YUNYeSKO shaf’yeligida o‘tkazilayotgani ham anjumanning yuksak maqom va nufuzini ko‘rsatadi.
To‘g‘ri, yer yuzida tan olingan va keng e’tirof etilgan o‘nlab xalqaro musiqa festivallari bor. Ammo ular orasida “Sharq taronalari” alohida mavqega ega. Chunki boshqa xalqaro miqyosdagi musiqa festivallari san’atning muayyan turiga ixtisoslashgan. Ya’ni ayrimlarida faqat qo‘shiq kuylansa, boshqasida musiqa ijro etiladi yoki raqs tushiladi. “Sharq taronalari” esa san’atning barcha ko‘rinishlarini o‘zida mujassam etgan. Buni boshqa xalqaro musiqa festivallari qatnashchilari ham keng e’tirof etmoqda. Ushbu festivalda dunyoning barcha qit’alaridan san’atkorlar qatnashayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Xalqaro musiqa festivali qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, Samarqand shahridagi qator madaniy-ma’rifiy muassasalar, Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om, Jomboy tumanlarida ham konsert dasturlari namoyish etmoqda. Samarqand shahridagi istirohat bog‘lari va xiyobonlar, teatrlar, mahalla guzarlari, bolalar musiqa va san’at maktablarida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Festival ishtirokchilari va mehmonlar Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, ona diyorimizda yetishtirilgan turfa noz-ne’matlar bilan to‘la bozorlarimizni ko‘rish, istiqlol yillarida xalqimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan ulkan yutuq va marralar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Vahobjon O‘RAZMATOV,
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmati bo‘limi boshlig‘i