O‘zbekiston 100 yoshdan oshgan fuqarolari bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turadi
Bundan 26 yil muqaddam mamlakatimizning bosh maydoniga Mustaqillik maydoni nomi berilgan edi.
Ezgulik arkasi… Tinchlik, osoyishtalik, buyuk kelajak darvozasi sifatida qad rostlagan bu inshoot xalqimizning g‘ururi kabi yuksak. Parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimizning buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi intilishlari, qat’iyati va irodasi, oq laylaklar esa tinch va osuda hayotimiz, farovonlik va qut-baraka timsolidir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari esa mamlakatimiz taraqqiyoti poydevorining baquvvatligi ifodasidir.
Muqaddas dargohga qadam qo‘yar ekansiz, vujudingizni allanechuk hayajon chulg‘aganini his qilasiz. Hamisha yashnab, barq urib turadigan ko‘kalamzor, yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gullar, manzarali daraxtlar beixtiyor kishini maftun etadi.
Mustaqilligimizning dastlabki yilida qad rostlagan Mustaqillik va ezgulik monumenti oldida farzandini bag‘riga bosib, unga ishonch bilan termulib turgan Baxtiyor ona – ona Vatan ramzi. Buyuk tushunchaning mamlakatimiz bosh maydonida aynan ona siymosi orqali ifodalanib barpo etilgani yurtimizda onaga, ayol zotiga hurmat-ehtirom nishonasidir.
Motamsaro ona haykaliga yaqinlashganingizda onaizorning ma’yus qiyofasi chuqur o‘yga toldiradi. Uning mas’um nigohlarida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 1,5 million er yigitning qayg‘usi mujassam. Cheksiz dard, alam, hijron va ayriliqdan qon yig‘lab, ko‘z yoshlari qurigan mehribon onaning farzandidan, opalar ukasidan, singillar akasidan ajralgani timsoli bu. Xotira xiyobonidagi zarhal “kitob”larda nomlari qayd etilgan yarim million askarning ruhi ona boshi uzra uchib yurgandek, ular motamsaro onaga “Dard chekma ona, endi farzandlaring urush degan baloga aslo yo‘liqmagay”, deyayotgandek.
Soya-salqin joylardagi o‘rindiqlar otaxonu onaxonlar bilan gavjum. Bugungi dorilomon kunlardan ichiga sig‘mayotgan farzandlari, nabiralari ular atrofida girdikapalak. Nuroniylar yuzidagi ajin, qo‘llaridagi qadoq kechagi mungli tariximizdan hikoya qilayotgandek.
Ha, aynan shunday nuroniylarimizning zahmati, matonatli mehnati tufayli dorilomon kunlarga yetdik. Shu bois istiqlolning dastlabki yillaridanoq hukumatimiz ulug‘ va mo‘tabar zotlarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Mamlakatimizda keksalarga hurmat-ehtirom, oqibat ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi, xalqimiz yoshi ulug‘ insonlarning qadriga yetish, ularga alohida izzat-ikrom ko‘rsatishni yuksak insoniy fazilat va sharafli burch, deb bildi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq yolg‘iz pensionerlar va nogironlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 27 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida o‘z aksini topdi. Oradan bir yil o‘tib qabul qilingan mamlakatimiz Bosh qonunining 39-moddasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yildi.
Faxriylarga ana shunday yuksak e’tiborning amaliy natijasi sifatida Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 1996 yilda O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma faoliyatida urush va mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga zarur moddiy, ma’naviy, tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, milliy an’ana va qadriyatlarimiz bardavomligini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etdi.
Birgina misol: 2010-2015 yillarda mamlakatimizda yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordamni kuchaytirishga qaratilgan qator ezgu va xayrli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, keksalar va pensionerlarga mo‘ljallangan 12 ta Saxovat va Muruvvat uyi moddiy-texnik bazasi, 14 ming 600 yolg‘iz keksa, pensioner, nogironning turar joy sharoitlari yaxshilandi, 5 ming 400 nuroniy reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, 6 ming 400 nogiron va pensioner sanatoriyalarda sog‘lig‘ini tikladi.
O‘tgan vaqt mobaynida jamg‘armaning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash uchun muhim tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi. O‘z navbatida, jamg‘arma o‘tkazayotgan ma’rifiy tadbirlar, ijtimoiy loyihalar mustaqilligimizni, tinch va farovon hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Mamlakatimizda faxriylarga davlat va jamiyat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida 2002 yil “Qariyalarni qadrlash yili”, 2015 yil “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilingani va bu yo‘nalishda bir qator savobli ishlar amalga oshirilgani tahsinga sazovor.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2 trillion 246 milliard so‘m va 225 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ sarflanganining o‘zi bu boradagi ishlar ko‘lami qanchalar keng bo‘lganini yaqqol ifodalaydi. Shuni ham ta’kidlash joizki, mamlakatimizda 1999 yildan boshlab 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida yuqori saviyada nishonlab kelinmoqda.
O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish 1990 yilda 67 yoshni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib 73,5 yoshga, ayollarniki esa 75,8 yoshga yetdi. Yurtimizda 80-90, hatto yuz yoshga yetgan qariyalar soni tobora oshmoqda. Ma’lumotlarda qayd etilishicha, aholi soniga nisbatan olinganda O‘zbekiston 100 yoshdan oshgan fuqarolari bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turadi.
So‘nggi paytlarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, katta avlod manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangicha ruh va shiddat kasb etdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning ma’naviy-ma’rifiy hamda moddiy salohiyatini yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbusi fikrimizning yorqin isbotidir.
Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatlar bilan jamg‘arma O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasiga aylantirildi. Prezident nuroniylarimiz, faxriylarimiz jamiyat hayotining faol ishtirokchisi bo‘lishi kerakligiga urg‘u berib, katta avlodning boy tajribasi Vatanimizning buyuk kelajagini qurishda nihoyatda muhimligini qayd etdi. Binobarin, bugungi tezkor va globallashuv davrida yoshlar tarbiyasiga yanada hushyorlik bilan yondashish, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarda tabarruk yoshdagi insonlarning tajribasi, yo‘l-yo‘riq va nasihatlaridan unumli foydalanishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Bu yil davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 9 may – Xotira va qadrlash kuni o‘zgacha ruhda, yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar va o‘zgarishlarga hamohang tarzda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.
Farmonga asosan yurtimizdagi 1 ming 615 Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga ikki million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari, “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillardan bir marta navbatsiz sotib olish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatlar tantanali va bayramona vaziyatda topshirildi.
Prezidentimizning qarori ijrosi doirasida 14 Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga yangi qurib bitkazilgan zamonaviy uy-joylar tuhfa etildi. Urush faxriylari istiqomat qiladigan 172 ta uy-joy to‘liq qayta ta’mirlanib, bu ishlar uchun 2 milliard 322 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, 346 urush faxriysiga 3 millard 894 million so‘mlik ijtimoiy himoya va moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 135 ehtiyojmand urush qatnashchisiga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, qo‘ltiqtayoq va boshqa zarur jihozlar uchun qariyb 132 million so‘m mablag‘ ajratildi. 55,2 million so‘mlik dori-darmon vositalari yetkazib berildi.
Mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 600 urush qatnashchisi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimlarda ishtirok etdi. Ayniqsa, Prezidentimizning ushbu marosimdagi nutqi nafaqat tabarruk yoshli keksalarimiz, urush va mehnat faxriylari, balki barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta qiziqish, hayajon hamda mamnuniyat bilan kutib olindi. Zero, Yurtboshimizning “Mo‘tabar otalarimiz, mehribon onalarimiz boshimizdagi toji davlatimiz ekanini hech qachon unutmaylik” degan purma’no so‘zlari barchamizni keksalarni doimo aziz va mo‘tabar bilib, yuksak qadrlashga undaydi.
Yurtimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining muborak haj ziyoratiga borish istaklari hamda “Nuroniy” jamg‘armasining taklifi inobatga olinib, ilgari haj ziyoratiga borolmagan va bunga imkoni bo‘lmagan 70 dan ortiq urush faxriysi davlat mablag‘lari hisobidan haj safariga yuborildi.
Yurtboshimiz mamlakatimizning qaysi hududiga tashrif buyursa, eng avvalo, o‘sha manzildagi qutlug‘ qadamjolarni ziyorat qiladi, nuroniylar bilan samimiy muloqotda bo‘ladi. Uchrashuvlarda faxriylarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatib, bugungi yorug‘ kunlarga yetib kelishimizda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz, nuroniylarimizning xizmati juda katta bo‘lganini, ular oldida doimo qarzdor ekanligimizni eslatadi.
Muxtasar aytganda, nuroniylar Vatanimiz obodligi, elimiz farovonligi, farzandlarimiz tarbiyasi, oilalarimiz tinchligi yo‘lida hamisha hushyor va javobgar ekanini chuqur his etib, bu borada boy hayotiy tajribasi, kuch va shijoatini safarbar etmoqdalar. Zero, barcha sa’y-harakatlarimiz mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, ertangi porloq kelajakni qurishga qaratilgandir.
Shuhrat Jalilov,
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi
boshqaruvi raisi