“Tilla bola” – bu Shahram G‘iyosovga ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan ta’rif
“Tilla bola”. Bu Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan sportchimiz Shahram G‘iyosovga ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan ta’rif.
Shahram 2016 yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. O‘shanda ko‘pchilik mutaxassislar jahon boksida o‘z uslubiga ega yangi nom paydo bo‘lgani haqida gapira boshladi.
Bu tasodif emasligini o‘zbek boks maktabining yosh vakili Gamburgda o‘tkazilgan jahon chempionatida yana bir bor isbotladi. Dastlab ukrainalik Yevgeniy Barabanovni mag‘lub etgan Shahram keyingi bosqichda angliyalik Pet MakKormakka ro‘baro‘ bo‘ldi. Raqib chindan ham epchil va chaqqon edi. Ammo Shahram uni ham ringni bosh egib tark etishga majbur qildi.
Navbatdagi bosqichda vakilimiz qozog‘istonlik ring ustasi Ablayxon Jusupovga qarshi ringga chiqdi. Shahram 20 yoshli raqibi haqida uchrashuv arafasida shunday dedi: “Men Ablayxonni hurmat qilaman. U juda yaxshi, kelajagi porloq bokschi”. Raqibining hurmatini joyiga qo‘yib, u haqda iliq fikr bildirish, istiqboliga omad tilash uchun ham odam mard bo‘lish kerak. Bizning Shahram shunday qildi.
Qozog‘istonlik sportchi o‘z g‘alabasiga ishonib astoydil kurashdi. Ammo, Shahram baribir kuchli edi.
Final faqat oltin medal uchungina kurashdan iborat emas, balki Vatan sha’ni, el-yurt g‘ururi uchun jang edi. Finalda kubalik Roniyel Iglesiasga qarshi ringga chiqqan Shahram buni o‘n chandon ko‘proq his etardi. Gap shundaki, ungacha uch nafar jamoadoshi oltin medal uchun bahslarda turli holatlar sabab mag‘lub bo‘lgan edi. Birining ozgina omadi kelmadi, boshqasining harakatlarini baholashda xolislik yetishmadi. Olimpiadada uchta oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasining bori shumi, degan kinoyali iddaolar bo‘lishi mumkinligini ham Shahram yaxshi sezib turardi. Buning ustiga, o‘zbekistonlik muxlislar ham o‘z suyuklilarining oltin medal bilan qaytishiga o‘rganib qolgan bo‘lsa?! Shunday kezlarda kimga qiyin, so‘nggi finalchiga-da! Binobarin, kuchli va tajribali raqibiga qarshi ruhiy bosim ostida qolishi, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi ham hech gap emas.
– Ba’zi bokschilar taktik usulni xush ko‘radi, – deydi Shahramning otasi, sobiq ring ustasi Jamshid G‘iyosov. – Ular raqibni biroz o‘rganib, uning xato qilishini kutib hujumga o‘tadi. Menimcha, g‘alabani o‘ylagan sportchi raqibini o‘z uslubiga mos jang qilishga majbur etishi kerak. Birinchi murabbiysi Olim Muhamedov, hozirgi ustozi Ravshan Xo‘jayev va terma jamoa murabbiylari o‘gitu ko‘rsatmalariga amal qilib kelayotgan o‘g‘limga shunday yo‘l ko‘p naf keltirgan.
Har bir jang o‘ziga xos. Kechagi ustunligingni unutgan holda qarshingda yanada kuchli raqib turganini his etib harakat qilishing lozim. Shahram shunday qildi. U mustahkam himoyani ta’minlagan holda raqibini shoshirib qo‘yadigan tezkor va tajovuzkor hujumga zo‘r berdi. Kutilmagan vaziyatlarda ortga chekinib, ketma-ket zarbalar yo‘lladi. Hisob ham shunga yarasha bo‘ldi – 5:0. O‘zbekistonlik sportchi foydasiga. Roniyel ham mard ekan, o‘zbek sportchisini g‘alaba bilan tabrikladi. Haqiqatan ham kuchli bo‘lganlargina o‘zlaridan zo‘rga tan beradi.
Shahramning qarindosh-urug‘lari, ayniqsa, 81 yoshli bobosi Bekmurod ota Ahadov nabirasining haqiqiy muxlisi.
– Shahramning boks tushganini ko‘rdingizmi, deysizmi, – savolimga savol bilan javob qaytaradi otaxon. – Eh-he, men ko‘ray-da nabiramning janglarini, naqd televizorning ichiga kirib ketaman o‘ziyam. Kampirim Latofat bibingizni ham chaqiraman. U yuragim chidamaydi, deydi. Qo‘rqadi-da kampiri tushmagur. Men ichkarida, u tashqarida duo qilamiz. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Ilgari bunday tuyg‘ularni bilmaganmiz. Umrimizda ko‘rmagan, bilmagan birov ringga tushsa ham muxlislik qilaverganmiz. O‘zingniki baribir boshqacha bo‘lar ekan. Shahramjonimizning ko‘ksiga tillo medal taqilib, yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda boshqacha bo‘lib ketdim. Go‘yo butun dunyo: «Ana, chempionning bobosi», deb havas qilayotgandek. Xursandligimdan yig‘ladim, kampirim ham yig‘ladi. Tabrik qo‘ng‘iroqlari-ku, tinmayapti. Sezib turibman, ularning ham o‘pkasi to‘lgan. Yurak qurg‘ur qiniga sig‘maydi shunday paytlarda. Axir, O‘zbekiston yutdi-da, bolam! Buning bari mustaqillikdan.
Bokschilar o‘z g‘alabalarini turlicha nishonlaydi. Shahramniki ham o‘ziga xos – ikki qo‘lini yozgan kuyi sakraydi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Hayotda ko‘pchilik mashhurlarga havas qiladi, ayniqsa, yoshlar. Bugun Shahram G‘iyosovga havas qilayotgan, uni o‘ziga ibrat deb biladiganlar nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ko‘pchilik. Mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanish, o‘z qobiliyatini namoyish etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Demak, bugungi yutuqlarini 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi sari yo‘l deb biladigan “tilla bola”lar – Shahramning izdoshlari safi kengayaveradi.
Erkin Yodgorov,
O‘zA