Iqtidorlilarga imkoniyatlar

Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi 8-sonli musiqa va san’at maktabida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida mamlakatimizdagi iste’dodli bolalarni kashf etish uchun yana bir imkoniyat yaratildi.

O‘zbekiston respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika intellektual mulk agentligi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda «Barkamol avlod» respublika bolalar texnik ijodiyot markazi hamkorligida «Obod turmush yili»ga bag‘ishlab «Yilning eng yaxshi ixtirochisi» respublika ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 nafar eng iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Asosiy maqsad o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, qobiliyatlarini rivojlantirish, boshlang‘ich kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘lgan ko‘rik-tanlovda «Boshlang‘ich texnik modellashtirish va konstruksiyalash» turkumiga kiruvchi «Yosh konstruktor va ixtirochi» to‘garaklari (avtomodel, raketomodel, aviamodel, kemasozlik, robotexnika va elektron o‘yinchoqlar)da yaratilgan maket va harakatlanuvchi modellar bo‘yicha ixtirolari namoyish etildi. Yosh ixtirochilar talabchan hay’at a’zolariga o‘z modellarining xom ashyosidan tortib, ixtironing bugungi kundagi ahamiyati, avvalgi modellardan afzalliklari, texnik talablarga javob berishi-yu, dizayni qulayliklarigacha batafsil ma’lumot berishdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidagi 4-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Otabek Niyozov yaratgan «Virtual soat» eng yaxshi ijodiy ish deb topildi va 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Uyg‘un Samandarovning «Elektr manbai» ixtirosi uchun 2-o‘rin, Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 12-maktab o‘quvchisi Ilyos Quvvatovning «Suv nasosi» deb nomlangan ixtirosi 3-o‘ringa loyiq topildi.

Farg‘ona viloyati, Quva tumanidagi 44-maktab o‘quvchisi Javlon Abduvaliyev dehqon og‘irini yengil qiluvchi, ko‘p operatsiyali «Shun­qor» traktori uchun, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 4-maktab o‘quvchisi Behzod Sayfiddinov «Su-27 turboreaktiv samolyoti ishi uchun ko‘rik-tanlovning «Eng dolzarb loyiha sohibi» nominatsiyasi g‘oliblari bo‘lishdi.

G‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

M.HAMIDOVA

Yana o‘qing:  Qonunchilikda xotin-qizlar muhofazasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: