Uyqu yetishmovchiligi qanday oqibatlarga olib keladi?
Ma’lumki, uyqu yetishmovchiligi moddalar almashinuvi bilan bog‘liq muammolar, depressiya, xorg‘inlik, insult va infarktga moyillikni keltirib chiqaradi. 8 soatdan kam uxlash va kun bo‘yi uyg‘oq yurish inson organizmining bilish funksiyalariga salbiy ta’sir qiladi. Bu vaqtda odam normal uxlagan paytida bajaradigan vazifalarni bajara olmaydi. Shuningdek, kam uxlash diqqatni jamlashga ham xalaqit beradi. Uyqu vaqtida organizm uchun zarur gormonlar ajralib chiqadi.
Medisys kompaniyasi olimlari 5-6 soatlik uyqu, ya’ni surunkali kam uxlashning inson sog‘lig‘i uchun zararlarini o‘rganib chiqdi. Ular o‘tkazgan tadqiqotlar uyqu yetishmovchiligi tufayli odam stressni boshdan o‘tkazishi, bu esa miya faoliyatining yomonlashuviga olib kelishini ko‘rsatdi. Tajribada barcha ko‘ngillilar ishtirok etdi. Ular 3 guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhdagi ishtirokchilar cheklanmagan miqdorda, ikkinchi guruhdagilar salkam 8 soat, uchinchi guruh esa 4 soatga yaqin uxlashdi.
Tekshiruvlar uchinchi guruh qatnashchilarida salbiy holatlar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lganini ko‘rsatdi. Ikkinchi guruhdagilarda sezilar-sezilmas normadan chiqish hollari kuzatilgan bo‘lsa, birinchi guruhda hech qanday o‘zgarish yuz bermadi.
Kam uxlagan odam o‘zini yomon his qilishi bilan birga, tashqi ko‘rinishi ham sezilarlicha o‘zgaradi. Lanjlik, terining oqarishi, ko‘z qizarishi, qovoqlar shishganligi kam uxlaganlikdan darak beradi. Mutachassislar fikricha, surunkali kam uyqulik terining erta qarishiga ham sabab bo‘ladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.