“Eng obod ta’lim muassasasi – 2017” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Ta’lim muassasalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish, ularda sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, bu borada ilg‘or tajribalarni rag‘batlantirish va ommalashtirish maqsadida xalq ta’limi tizimidagi barcha maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida “Eng obod ta’lim muassasasi — 2017” ko‘rik-tanlovining yakuniy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Har bir hududdan g‘olib bo‘lgan jami 28 ta, 14 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 14 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari tanlovning respublika bosqichida qatnashdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov ishtirokchisi bo‘lgan ta’lim muassasasining yangi o‘quv yiliga namunali tayyorligi, jumladan, obodonlashtirish ishlarining tashkil etilganligi, maktab hovlisiga manzarali daraxt, gul va terak ko‘chatlarining o‘tqazilganligi, xolisona baholandi.
Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘rtasida 1-o‘rinni Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 13-sonli maktab, 2-o‘rinni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 4-sonli maktab, 3-o‘rinni Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 153-sonli maktab egalladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rtasida 1-o‘rinni Samarqand viloyati Camarqand shahridagi 84-sonli, 2-o‘rinni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 1-sonli, 3-o‘rinni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 17-sonli maktabgacha ta’lim muassasalari egalladi.
Respublika bosqichida ishtirok etgan barcha ta’lim muassasalari Xalq ta’lim vazirligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati