Voris
– Bilaman. Hech kim yaxshi ko‘rmaydigan buvangni sen ham yaxshi ko‘rmaysan, – deyman nabiramning mayin sochlarini silab. So‘zlarimga hayron go‘dak bolalarcha beg‘uborlik bilan mo‘ltirab, ko‘zlarimga unsiz tikiladi. Kattalarning olamiga endi kirib kelgan farishta, mening gaplarimdan hech narsani tushunmasa ham go‘yoki shikasta qalbimda kechayotgan kechinmalarni anglagandek, momiq qo‘lchalari bilan yuzimni silab, “buvajon” deb bo‘ynimdan qattiq quchadi. Bag‘rimga singib xuddi dalda bergandek, – Menga ayting buva! Sizni kim xafa qildi. Hozir ta’zirini berib qo‘yaman, degandek bo‘ladi pahlavon go‘yo.
– Eh, bolam-a! Qay birini jazolaysan?! Bu aqllilarning hammasini jazolab bo‘lar ekanmi, keksayganingda kuching yetmay, gaping o‘tmay qolar ekan, deyman ilojsizlikdan xo‘rsinib. Himoyachimning ko‘zlari “g‘ilt-g‘ilt” yoshga to‘ladi. Billur tomchilarni orzular qanotida pokiza niyat bilan kattalar dunyosi tomon parvozga shaylanayotgan polapon qalbining beozor isyonidek qabul qilasan…
Farzandlarga mehring mavjlaridan yaralgan gavhar jilosidan ozurda ko‘ngling birdan yorishib, jannat ranglariga to‘lib ketadi. Avlodlar kelajagi haqidagi xavotir to‘la iztiroblaring, oniy bo‘lsa ham taskin topadi. Inson umrining davomiyligiga iymon keltirib, azaliy kitobga bitilgan ilohiy qonunlar tartibidan noraso aqling lol qoladi. Nabirang timsolida oltmish yil avval donishmand buvasining quchog‘ida shodon o‘tirgan ma’sum qiyofangni ko‘rgandek bo‘laverasan…
Yorqin INOG‘OMOV