Yer ostida ham qalampir o‘sadimi?
Davomi. Boshi.
Xren ildizi kosmetologiyada sepkil va dog‘larni oqartirish uchun qo‘llaniladi. Buning uchun uning ma’lum miqdorda qaynatilgan suv bilan aralashtirilgan eritmasidan foydalaniladi. Shuningdek, u o‘t suyuqligi va terni haydash xususiyatiga ega. Yerqalampir tarkibidagi uchuvchi, kuchli antibakterial ta’sirga ega tabiiy o‘simlik antibiotigi zararli mikroblarga qiron keltiradi. Bu fitonsidlar organizmni yuqumli kasalliklardan asraydi.
Tavsiyalar:
Bemor terlashi uchun 30 foizli suvli eritma tayyorlash zarur. Keyin uni to‘q qoringa ovqatlangandan so‘ng bir kunda ikki-uch mahal 1/3 (stakanning uchdan bir qismi) miqdorida ichish zarur. Og‘iz bo‘shlig‘i raki (saratoni)da bunday eritma bilan ushbu a’zoni chayish kerak. Xasta kishining ishtahasi pasayib ketsa bir osh qoshiq qirg‘ichdan o‘tkazilgan xren ildiziga ikki stakan qaynagan suv solish darkor. Keyin uni kunda to‘rt mahal 50 ml. dan ovqatlanishdan 10-15 daqiqa oldin bemor ichishi lozim.
Yerqalampir ildizi tarkibidagi efir moylari kuchli ta’sirlantiruvchi xususiyatga ega. Shuning uchun uni bo‘tqa holiga keltirib, tayyor bo‘lgan mahsulotga limon sharbati aralashtiriladi. Buning uchun 150 gramm xren ildiziga 2-3 dona yirik-yirik limon sharbati aralashtiriladi. Bemor och qoringa ½ (yarim) choy qoshiq miqdordagi ushbu shifobaxsh bo‘tqani kunda ikki mahal iste’mol qiladi. Bunday aralashma bronxlarda shilliq va quyuq balg‘am to‘planib qolsa, uni eritib yuboradi. Shilliq qavatni ta’sirlantirmaydi hamda kuchli peshob haydash xususiyatiga ega bo‘lgani uchun shishlarda va istisqo (vodyanka)da samarasi kuchli.
Surunkali, allergiyasiz kechadigan tumovda bu aralashmani ½ choy qoshiq miqdorida kunda ikki mahal iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uni iste’mol etgach, xasta kishi 30 daqiqa davomida hech narsa yemasligi va ichmasligi kerak. Ammo, bir hafta davomida bemorning ko‘zidan tinmay yosh oqadi. Ko‘z yoshlarini faqat toza, paxta tolali oq mato bilan artish kerak. Aks holda ko‘zga infeksiya tushishi mumkin. Kir qo‘llar bilan ham ko‘zni ishqalamaslik lozim. Zero, xalqimizda “Ko‘zing og‘risa, qo‘lingni tiy” degan maqol bejiz aytilmagan.
Bel og‘rig‘i va katta quymich nervi yallig‘langan (ishias kasalligi)da og‘riqli joyga yerqalampir bargini dokaga o‘rab qo‘yish darkor. Shunda bu soha qizib, u joyda mikrotsirkulyasiya (kapillyar – qiltomirlarda qon aylanishi) faollashadi. Shuning hisobiga yallig‘lanish tez so‘rilib ketadi. Og‘riqli sohaga bargni qo‘ygach, bemorning ustini jun ro‘mol yoki sharf bilan o‘rab qo‘yish maqsadga muvofiq. Yana tananing lat yegan joylariga va dermatomikoz (oyoq va qo‘llarning zamburug‘li kasalligi)da xren bargini plastirday bog‘lab qo‘yish kerak.
Tish og‘riganda, og‘iz bo‘shlig‘ining yara kasalliklarida, nevralgiya (asab tolalarining yallig‘lanishi), yiringli yaralarda, seboreya (teri xastaligi), kallikda, terining yallig‘lanish jarayonlarini davolashda xren ildizi sharbatiga bir osh qoshiqqa bir stakan miqdorda qaynagan suv solib aralashma tayyorlash zarur. Keyin uni yuqorida tilga olingan kasalliklarni davolashda qo‘llash mumkin.
Shuningdek, yerqalampir qonda qand miqdorini me’yorlashtiradi. Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun 1 litr qatiqqa 100 gramm miqdorida qirg‘ichdan o‘tkazilgan xren ildizini yaxshilab aralashtirib, tabiiy dori vositasi tayyorlab berish darkor. 1/10 nisbatdagi ushbu shifobaxsh malham og‘zi mahkam yopilgan holda bir kecha-kunduz davomida salqinroq joyda saqlanadi. Keyin uni doka yoki elakdan suzib olasiz. So‘ngra ushbu shifobaxsh qatiqni bemor ovqatlanishdan yarim soat oldin kun davomida 3 mahaldan ichishi shart. Yana bir stakan qatiqqa bir osh qoshiq yerqalampir sharbatini solib ham ushbu dori vositasini tayyorlash mumkin. Kun davomida xasta kishi uch mahaldan bir stakandan ushbu shifobaxsh dori vositasini ichishi zarur.
Qay holatlarda xrenni iste’mol qilish mumkin emas?
Homilador va emizikli ayollarga, yosh bolalarga, shuningdek, me’da-ichak tizimida yallig‘lanishi mavjud bemorlarga, allergik kasalliklarga moyil xasta kishilarga hamda jigar va ayrim buyrak xastaliklarida yerqalampirni tanovul etish tavsiya etilmaydi.
Bu o‘simlik yuqori dozada qo‘llanilsa qon bosimini oshiradi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘i, me’da-ichak tizimi a’zolarining shilliq qavatini kuydirishi mumkin. Jigar xastaligida ham uni iste’mol qilish mumkin emas.
Gulchehra ShIRINOVA