San’atkor odobi yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak

O‘zbek estrada olamidagi bugungi muammolar, xonandalarning yurishturishi, kiyinish odobi, bir so‘z bilan aytganda, ularning ma’naviy dunyosidagi qusurlar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Balki siz hambu mavzu haqida har erda gapirilaverib siyqasi chiqib ketdideyishingiz mumkin.

Lekin ayrim estrada xonandalari ijro etayotgan saviyasiz qo‘shiqlar farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ekan, bu haqda hali ko‘p bor gapirishga, bong urishga to‘g‘ri keladi.

– Avvallari televideniye va radiolarda san’atkorlarning qo‘shiqlarini saralaydigan badiiy kengashlar bo‘lardi, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori Dilorom Omonullayeva. – Uning a’zolari eng mashhur shoir va bastakorlardan iborat edi. Kengashda qo‘shiq matnining mazmuni, musiqasi ko‘rib chiqilardi. So‘ng orkestr ijrosidagi jonli musiqa bilan xonandaning ovozi, ijro mahorati eshitilardi.

Bugun nafaqat xususiy, balki davlat telekanallarida ham ana shunday badiiy kengashlarga ehtiyoj bor.

Achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytish kerak, hozir televideniye va radioda xohlagan odam istagan qo‘shig‘ini kuylamoqda. Aslida esa bu soha fidoyilik, mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shou biznesni san’at darajasiga tenglashtirish uchun yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish va ijodkorlardagi tashqi va ichki madaniyatni tarbiyalash lozim. San’atkor tarbiyachi bo‘lishi kerak, tarbiyasiz emas!

Yaqinda xususiy telekanallardan birida namoyish etilgan ko‘rsatuvni tomosha qildim. Unda estradada ijod qilayotgan yoshlar qandaydir “COVER” yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Final bosqichida hakamlik qilgan O‘zbekiston xalq artistlari – Farrux Zokirov hamda Nasiba Abdullayevalarning xalq olqishiga sazovor bo‘lgan bir necha qo‘shiqlari ishtirokchilar tomonidan shartga muvofiq kuylandi. Ajablanarlisi, ustoz san’atkorlar o‘z farzandlaridek bo‘lib qolgan qo‘shiqlarini buzib ijro etilganidan hayratga tushishdi. Jumladan, Farrux Zokirov: “Kechirasizlar-u, meni bu ko‘rsatuvga chaqirib bekor qilibsizlar. Chunki, men bu janr haqida umuman ma’lumotga ega emasman. Bundan tashqari ushbu yo‘nalishda ijod qilish biz uchun kerakmi, o‘zi? Sizlar o‘zi “COVER”, uning tub mohiyati haqida nimalarni bilasiz? Bizda milliy estrada shakllanib bo‘lgan. Avvalo shuni qoyillatib qo‘yish kerak. So‘ngra chetdan kelayotgan janrlarni agar milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelsagina targ‘ib qilish lozim”, – degan fikrlarni aytib o‘tdi.

Nasiba Abdullayeva ham ushbu mulohazalarga qo‘shilgan holda estrada san’atiga ulkan hissa qo‘shgan san’atkorlarning qo‘shiqlarini aytishdan oldin yoshlar o‘zlarida ulkan mas’uliyatni his etishlari kerakligi haqida fikr bildirdi.

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bugungi estrada xonandalarining faoliyati, ularning saviyasi haqida Yurtboshimiz kuyunchaklik bilan so‘z yuritdi. Yig‘ilishda estrada san’atini rivojlantirish Madaniyat vazirligi e’tiboridan chetda qolayotgani, bu sohada ijod qilayotgan aksariyat ijrochilar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usi tobora pasayib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, davlat rahbari “Men o‘z tajribamdan yaxshi bilaman, katta bayramlarimizni – bu Mustaqillik, Navro‘z yoki Konstitutsiya bayrami bo‘ladimi – ularni o‘tkazishda bizni eng qiynaydigan, xunobimizni chiqaradigan narsa – bu estrada dasturi ekanini hammangiz yaxshi bilasiz. Ming afsuski, mana shu holat hali ham barham topgani yo‘q. Estrada san’atidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Ko‘pchilik qo‘shiqchilar mas’uliyatni unutib, o‘z ustida ishlamay qo‘ygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy g‘oyalar bilan yashash, san’at dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona bo‘lib qolgan, desak, qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu ham haqiqat. Shunday san’atkorlar ham borki, unvon olgunicha tinimsiz yelib-yuguradi, hol-joningizga qo‘ymaydi. Unvon oldimi, tamom, suvga tushgan toshdek jim bo‘lib ketadi. Ulardan unvonga yarasha, xalqning e’tiboriga yarasha ijod qani, deb so‘rash o‘rinlimi yoki yo‘qmi? Ijodkorning talabi bilan birga burchi ham bo‘lishi kerak emasmi?”, – degan fikrlarni bildirib o‘tdi. Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimiz ustoz san’atkorlarning samarali mehnatlari haqida gapirar ekan, musiqa san’ati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, “O‘zbekiston xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini, bu borada qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlarni tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ta’kidlab,

“Unvon berishda san’atkorning faqat to‘rtta qo‘shig‘i emas, uning ijtimoiy faolligi, munosib shogirdlar tarbiyalagani, el-yurt o‘rtasidagi obro‘-e’tibori, eng muhimi, san’atga sadoqati ustuvor mezon sifatida belgilanishi shart,

– deya aytib o‘tdi.

Yana o‘qing:  Yer ostida ham qalampir o‘sadimi?

– Yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish tarixiy ahamiyatga ega desam yanglishmagan bo‘laman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Dilorom Omonullayeva. – Prezidentimiz ushbu uchrashuvda estrada san’ati haqida kuyinib gapirdi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda xonandalarning bilimi, ma’naviy qiyofasi, ular ijro etayotgan qo‘shiqlarning tarbiyaviy ahamiyati jiddiy nazoratga olinib, zaruriy choralar ko‘riladi. Qolaversa, Yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham biz pedagoglar zimmasiga katta vazifalarni yuklaydi.

O‘ylaymizki, bunday ijobiy o‘zgarishlar san’at sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: