Qo‘shtepada tibbiy xizmat nega oqsamoqda?

Farg‘ona viloyatidagi ayrim qishloq oilaviy poliklinikalarida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari tibbiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida tibbiy xizmat sifati tanqidiy baholanib, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar aniq belgilab berildi.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash, muammolarni hal etish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida kam samarali qishloq vrachlik punktlari maqbullashtirilib, ularning negizida 88 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etildi. Ulardagi kunduzgi statsionarlarda bemorlarga pediatr, terapevt, akusher-ginekolog, stomatolog, jarroh va UTT (ultratovush tekshiruvi) kabi tor soha mutaxassislari xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.

Quva, Toshloq, Oltiariq, Beshariq tumanlaridagi qishloq oilaviy poliklinikalari xizmatidan aholi mamnun. Ularda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasallikni erta aniqlash va uning oldini olish, bir so‘z bilan aytganda, aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, barcha maskanlar zamonaviy bino va tibbiy uskunalar, malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan.

Toshloq tumanida qishloq vrachlik punktlari negizida 6 qishloq oilaviy poliklinikasi hamda 5 shifokorlar uyi tashkil etilgan. Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida «Qumariq» va «Qo‘rg‘oncha» mahalla fuqarolar yig‘inida tez yordam stansiyalari ochilgan.

“Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 52-qishloq oilaviy poliklinikasida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tibbiyot maskani 31 mingdan ortiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

– Aholi tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnun, – deydi ushbu poliklinika mudiri Muxtorjon Meliboyev. – Ilgari odamlar oddiy tomoq og‘rig‘i uchun ham tuman markaziga borishga majbur edi. Endi esa tor doiradagi mutaxassislar ham qishloqning o‘zida faoliyat olib borayotgani aholiga katta qulaylik yaratmoqda. Shu yerning o‘zida tashxis qo‘yilib, kerakli yordam ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda har bir xonadonga kirib borish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda.

Albatta, bu aholining oilaviy poliklinikalarga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda. Lekin, afsuski, bu boradagi ishlar hamma joyda ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi. Ayrim shahar va tumanlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘ngildagidek emas. Ba’zi joylarda malakali mutaxassislar yetishmaydi. Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan.

Qo‘shtepa tumani “Barot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 88-qishloq oilaviy poliklinikasidagi noxush manzara kishini ranjitadi. Hududni obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Xonalar ta’mirga muhtoj. Soat o‘n ikki bo‘lishiga qaramasdan, faqat bir nafargina umumamaliyot shifokori o‘z o‘rnida ekan.

qvp03

Mazkur oilaviy poliklinika 19 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tor soha mutaxassislarining navbatchiligi bo‘yicha jadval tasdiqlangan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida aholiga xizmat ko‘rsatishi nazoratga olinmagan. Tibbiy jihozlar yetarli emas, EKG apparati umuman ishlamaydi. Ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.

Yana o‘qing:  Darslarga ijodiy yondashuv

Tibbiyot maskanida kuz-qish mavsumiga hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagan. Albatta, ishning bunday o‘z holiga tashlab qo‘yilgani aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

“Garmdon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi tez tibbiy yordam stansiyasi filialida kunduzgi smenada birorta ham oliy ma’lumotli shifokor ishlamaydi, bo‘ladigan barcha chaqiruvlarga faqat hamshiralar chiqadi, xolos. Tungi smenada har tugul oliy ma’lumotlilar bor. Lekin, xodimlar uchun zarur sharoit yaratilmagan.

Shomirza qishlog‘idagi “O‘zbekiston” qishloq vrachlik punkti negizida shifokorlar uyini tashkil etish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatiladigan xonalar sanitariya talablariga javob bermaydi. Umumamaliyot shifokori Saydullo Asadullayevning ta’kidlashicha, ular qo‘llaridan kelgancha aholi salomatligini muhofaza qilishga hissa qo‘shmoqda. Albatta, bu yaxshi. Ammo davlatimiz rahbari tomonidan qishloqda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini zamon talablari darajasida tashkil etish vazifasi qat’iy qo‘yilayotgan bir paytda «qo‘ldan kelgancha» qabilida ish tutish nechog‘li to‘g‘ri?! Aholi salomatligi, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalashdek olijanob maqsadlarga kamarbasta bo‘lish, qolaversa, qishloq aholisining tibbiy madaniyatini oshirish, buning uchun keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish ham salomatlik posbonlarining vazifasi emasmi?

Binobarin, tumandagi mavjud 4 qishloq oilaviy poliklinikasida ham patronaj xizmatini takomillashtirish, har bir oilaga kirib borish va aholi salomatligidan xabardor bo‘lish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish kabi ishlarda mutasaddilar mas’uliyatini yetarli darajada, deb bo‘lmaydi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2017 yil 5 yanvar kuni tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvida sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar, ayniqsa, qishloq joylarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi. Tuman va qishloqlardagi tibbiyot muassasalari birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani, lekin ana shu uskunalarni ishlatadigan mutaxassislar kamligi, ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilayotgani, chekka hududlarda malakali shifokorlar yetishmayotgani tanqid qilinib, bu masalaga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Xalqimiz bugungi tibbiy xizmat sifatidan rozi emasligi, qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlashi lozimligi, buning uchun shu yerda ishlaydigan vrachga punkt yonidan uy qurib berish zarurligi qayd etilib, mutasaddilarga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Yana o‘qing:  MEHR VA SAODAT OSHYONI

Lekin xalqimiz salomatligi, kelajak avlod kamoloti bilan bog‘liq g‘oyat muhim bu vazifani barcha joylardagi tegishli mutasaddilar astoydil bajarayapti, deyish qiyin.

Qo‘shtepa tumanidagi ahvoldan ham ko‘rinib turibdiki, joylardagi ayrim mutasaddilar hamon ishni o‘zibo‘larchilik holatiga tashlab qo‘yganga o‘xshaydi. Odamlarning bugunidan rozi holda hayot kechirishi, ertangi kunga ishonchi mustahkam bo‘lishi yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil ishlarning joylarda o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga bevosita bog‘liq. Bunda esa joylardagi rahbarlarning mas’uliyati, o‘z vazifasini sidqidildan ado etishi muhim ahamiyatga ega.

Ma’sudjon Sulaymonov,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: