Internetga qaramlik miya uchun xavfli
Hindistonlik mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, internetga qaramlik insonda jizzakilik, bezovtalik va xayoldan ketmaydigan fikrlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, u boshqalar bilan munosabatga, sog‘liq holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar internetga qaramlikni giyohvandlikka tenglashtirmoqda, deb xabar beradi The Hindustan Times nashri.
Olimlar internetga qaramlik epidemiyasi tarqalayotganini aytishyapti. Hozir aksariyat odamlar ko‘p vaqtini internetda o‘tkazmoqda. Undan olinayotgan axborotlar tufayli bilish funksiyasi bilan bog‘liq neyron tarmoqlari muntazam faollashib boradi. Bu esa ta’sirchanlik xavfini oshiradi va ishchi xotiraga oid muammolarni yuzaga keltiradi.
Internetga qaramlik miyaning turli hududlariga, jumladan, gippokamp (xotira markazi) va ko‘plab muhim funksiyalarni bajaruvchi old qobiqqa ta’sir o‘tkazadi. Internetga qaramlikning salbiy oqibatlari bolalar va o‘smirlarga eng ko‘p xavf soladi, chunki ularning miyasi faol rivojlanayotgan bo‘ladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.