Chet tillarini bilish milliy test tizimida baholanadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 610-sonli qarori asosida uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillariga o‘qitish sifatini ta’minlash, chet tillarida erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida chet tillarini bilish darjasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.
Buning uchun uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarini o‘zlashtirish darajasini davlat ta’lim standartlarida belgilangan “Tinglab tushunish” (Listening), “O‘qish” (Reading), “Yozish” (Writing), “Gapirish” (Speaking) ko‘nikmalari asosida baholab borish mexanizmi ishlab chiqiladi.
Chet tillarini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchi, talaba va pedagoglarga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida til o‘rganish amaliyotlari tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bulgan talabgorlarga sertifikatni olgandan boshlab 3 yilgacha quyidagi imtiyozlar beriladi:
Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi belgilangan darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari, abituriyentlar va bakalavrlarga ta’limning keyingi bosqichi uchun test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball beriladi va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etiladi.
Shuningdek, V2 va undan ortiq darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talim muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonlarida maksimal ball bilan baholanadi va sinovlardan ozod etiladi.
Sertifikat olish istagini bildirgan talabgorlar uchun talab hajmidan kelib chiqqan xolda tizimli ravishda hududlarda test sinovlari o‘tkaziladi.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati