Ayni paytda Samarqand viloyat bo‘yicha 200 mingdan ziyod yoshlar hasharda qatnashmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 avgustdagi farmoyishiga muvofiq, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida Samarqand viloyati aholisi ham faol ishtirok etmoqda.

Erta tongdan mahalla, ko‘cha, korxona va tashkilotlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari hududlarida yoshu keksa barcha obodonlashtirish ishlariga kirishdi.

Ayniqsa, Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami va “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan Samarqand shahrida hashar tadbirlari keng omma ishtirokida o‘tkazilmoqda.

–O‘qituvchi va talaba do‘stlarimiz bilan ikki kun davomida muassasamiz hududi hamda Obi Rahmat, Vohid Abdullayev, Shohruh Mirzo nomidagi ko‘chalarini obodonlashtirishni rejalashtirganmiz, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali yoshlar yetakchisi O.Rajabov. – Bu shahrimizda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va Mustaqillik bayramimiz, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘ladi. Shuning uchun ayni paytda barchamiz katta ishtiyoq bilan obodonlashtirish ishlarini boshladik.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda viloyat bo‘yicha 400 mingdan ortiq aholi, jumladan, 200 mingdan ziyod yoshlar hasharda qatnashmoqda.

Fondning tuman va shahar bo‘limlari kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularning uy-joyini ta’mirlash, hovlilarini obodonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Hozirgacha 100 ga yaqin xonadonda bu xayrli yumushga kirishildi.

Viloyatda umumxalq hashari qizg‘in davom etmoqda.

G‘olib Hasanov,

O‘zA

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda ilk bor AQSHdagi nufuzli universitet fakulteti ochiladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: