Shirin so‘z – bemor dardiga malham
Insonga son-sanoqsiz ne’matlar ato etilgan. Ular orasida eng azizi ko‘rishdir. Ko‘zlari dardga chalingan kishi uchun dunyo qorong‘u, xursandchilik tatimaydi, ko‘ngli yorishmaydi.
Bu kabi bemorlar qalbiga quvonchni qaytarish qoraqalpog‘istonlik oftalmolog Yaxiya Saliyevning hayotiy mezoniga aylangan. Bolaligidan shifokor bo‘lishni chin dildan orzu qilgan Yaxiya bu yo‘lda tinimsiz izlandi. Uzoq yillar Xolmurodov nomidagi shifoxonada jarroh bo‘lib ishlagan otasi Mamutjon Saliyev, Nukus shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinikada katta hamshira bo‘lib mehnat qilgan onasi O‘g‘ilxon Xajabayevalarning nasihatlariga quloq tutdi. Ayniqsa, onasi o‘g‘lining chuqur bilim olishiga, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratdi. Yillar o‘tib, Yaxiya Saliyev o‘z sohasida yetuk va mohir jarroh sifatida el nazariga tushdi.
Yaxiya 1997–2003 yillarda Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)da tahsil oldi. Oliygohni tamomlab, 2006–2013 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘z kasalliklari shifoxonasi maslahat poliklinikasi vrach-oftalmologi, 2013–2015 yillarda operatsiya bo‘limi vrach-oftolmologi, 2015 yildan bugunga qadar bosh shifokor lavozimida ishlab kelmoqda.
Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz sabr va matonat barcha yutuqlarning doyasi deyishadi. Yaxiya Saliyev shifokorlik og‘ir va mashaqqatli kasb ekanini bilsa-da, bu yo‘lda tinimsiz o‘qib, izlandi. U o‘tgan davr davomida Rossiya, Hindiston, Gollandiya, Buyuk Britaniya hamda Koreya Respublikalaridagi nufuzli klinikalarda tajriba orttirdi. Ayniqsa, uning Koreyaga qilgan safari hayotida muhim iz qoldirdi. Seul shahrida joylashgan “Siloam eye hospital” shifoxonasida Yaxiya koreyalik hamkasblari 3bilan og‘ir jarrohlik amaliyotlarida qatnashib, tajriba orttirdi.
– Xalqimiz shifokorlarni “Qo‘lingiz dard ko‘rmasin. Bor bo‘ling”, deb alqaydi. Ammo bu nomga munosib bo‘lish uchun inson kasbga vijdonan yondoshishi kerak, – deydi Yaxiya Saliyev. – Bemorga mehr bersangiz, unga yordam qo‘lini cho‘zsangiz u hech qachon sizni unutmaydi. Shifokor bir og‘iz shirin so‘zi bilan bemor dardiga malham bo‘lishi kerak.
U mehnat qilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘z kasalliklari shifoxonasi bugun yurtimizdagi eng zamonaviy tibbiyot maskanlaridan biri sanaladi.
Yaqinda ushbu muassasa 400 ming dollar mablag‘ evaziga Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Chet eldan kelgan malakali shifokorlar bu yerda yil davomida 44 ta jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Koreyaliklar tomonidan hadya qilingan 500 dona sun’iy ko‘z gavhari kam ta’minlangan oila a’zolari va nogiron insonlarga quvonch ulashdi.
– Men bir-biridan mohir, o‘z ishining ustasi bo‘lgan fidoyi insonlar bilan yelkama-elka mehnat qilayotganimdan faxrlanaman. Gap maoshda, shart-sharoitlarda emas. Eng asosiysi, bir-birimizni tushunishga harakat qilamiz, og‘ir kunlarda yelkadosh bo‘lamiz. Men shunday farovon, tinch-osuda yurtda yashayotganimdan baxtiyorman. Muhimi, bu Vatanda yoshlarning o‘qib-izlanishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan, – deydi Yaxiya Saliyev.
Odamni mehnat ulug‘laydi. Ba’zida baxtli insonga ta’rif berilayotganda quyidagi ibora yodga olinadi: Baxtli inson ertalab uyidan ishga, kechki payt ishdan, oilasi bag‘riga shoshiladiganlardir. Bizning qahramonimiz ham ana shunday insonlar toifasiga kiradi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U “Ilm egallang! Ilm sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir!” degan hikmatli hadisni o‘zining hayotiy shioriga aylantirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, unga qanday yashashni umr yo‘llaridagi ibratli voqea-hodisalar o‘rgatadi.
Oygul RAZZOQOVA,
jurnalist