O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari tarmoq vazirliklari va davlat qo‘mitalariga biriktirib berildi
Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoev 16 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori M.Xolmuxamedov, Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni tanlab olish va ularni oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashni tashkil etish uchun har bir oliy ta’lim muassasasi huzurida bittadan akademik litsey ochish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.
10-11-sinflar joriy etilib, kollejlarda kontingent qisqarishi munosabati bilan mavjud moddiy texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida 7 ta kollej va akademik litsey negizida yangi 3 ta oliy ta’lim muassasasi filiallari va 1 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etilmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ortiqcha hisobotlar, turli byurokratik topshiriqlardan ozod etish, ularning ilmiy salohiyatlarini ta’lim mazmuni va sifatini yanada yaxshilash, ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.