Bolalikdagi ruhiy siqilish uzoq vaqtgacha salbiy asoratini qoldiradi
Bolalik yoshidagi ruhiy siqilish uzoq muddatgacha o‘z salbiy asoratlarini qoldiradi va insonni voyaga yetgan paytida ham ruhiy va jismoniy kasallikka tez chalinishiga sabab bo‘ladi. Bolalikdagi ruhiy travmalar depressiya xavfini ikki marta, ovqatlanish tartibining buzilishi xavfini 3–5 marta oshiradi.
Stressning yuzaga kelishida kortizol gormoni katta ahamiyatga ega. Shuningdek, u immunitet tizimi mediatrining yallig‘lanishiga ham hissa qo‘shadi. Agar bolalar tez-tez va uzoq vaqt stress ta’siriga tushib tursa, gormonlarning miqdori hamda sutkalik ritmi o‘zgaradi, og‘riq kuchayadi, yallig‘lanishga moyillik ortadi. Bola miyasi uzoq vaqt kortizol ta’siri ostida bo‘lsa, miya faoliyati buziladi. Oqibatda diqqatni jamlash, o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati susayadi.
Bolaligida ruhiy bosimlarni boshidan o‘tkazganlar o‘smirlikda va voyaga yetgan paytida ham stress holatlariga ko‘p yo‘liqadi va ichkilik, tamaki vositalaridan foydalanishni boshlaydi. Ular 2-turdagi diabet, yurak infarkti, insult va ba’zi saraton kasalliklariga chalinishi mumkin.
Tadqiqotlar natijasida oiladagi davomli janjallar yoki ota-onaning ajrashuvi ham boladagi ruhiy siqilishga sabab bo‘lishi tasdiqlandi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.