Tadqiqot: oilada asosiy daromad topuvchi bo‘lgan ayollar depressiyaga moyil bo‘ladi
Illinoys universiteti tadqiqotchilari 1463 nafar erkak va 1769 nafar ayolning ma’lumotlarini tahlil qilib chiqdi. Ishtirokchilarning ruhiy salomatlik darajasi baholandi. Ma’lum bo‘lishicha, turmush o‘rtog‘idan ko‘ra ko‘p maosh oluvchi ayollarda depressiya alomatlari ko‘proq namoyon bo‘ladi, deb yozadi Deccan Chronicle nashri.
Erkaklarda esa buning aksi. Agar oilada erkak asosiy daromad topuvchi bo‘lsa, uning ruhiy salomatligi vaqt o‘tishi bilan yaxshilanib boradi. Farzand parvarishi uchun ishdan ketish ayollarning psixologik xotirjamligiga ta’sir qilmaydi, lekin erkaklarda turli salbiy holatlarga olib keladi.
Shuningdek, tadqiqotchilar oila byudjetida oylik maoshning ortishi teng huquqli bo‘lish tarafdori bo‘lgan ayollarning sog‘lig‘iga unchalik ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidlaydi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.