Tadqiqot: glyukoza yetishmovchiligi bilan tug‘ilgan bolalar miya bilan bog‘liq muammolarga ko‘proq duch keladi
Oklend universiteti olimlari qon tarkibida glyukoza miqdori kam chaqaloqlar kelajakda xotira, diqqat, masalalarni yechish bilan bog‘liq muammolarga 2–3 marta ko‘proq duch kelishini aniqladi. Qonda shakar miqdori kamligi bolalarning aql-zakovatiga esa ta’sir qilmadi, deb xabar beradi UPI.com.
Tadqiqotchilar 2006 yil dekabridan 2010 yilning noyabrigacha tug‘ilgan 477 nafar bolaning mahlumotlarini tahlil qildi. Bolalarning taxminan 50 foizida tug‘ilgan paytida glyukoza miqdori kam edi va ular kerakli muolajani olishdi. Ularning qonidagi shakar miqdorini nazorat qilish davom etdi. Ba’zi bolalarda glyukoza kamligi tug‘ilgan payti emas, keyinchalik paydo bo‘ldi.
Tadqiqot qon tarkibida shakar moddasi yetishmovchiligi bilan tug‘ilgan bolalar 4–5 yoshlarida bajarish funksiyalari va ko‘rish koordinatsiyalari bilan bog‘liq muammolarga ko‘proq yo‘liqqanini ko‘rsatdi. Lekin olimlar bunga aniq sabab bo‘luvchi bog‘liqliklar mavjudligiga hali ishonch hosil qilgani yo‘q.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.