Kitob – tafakkur gultoji
G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i 23-24 may kunlari haqiqiy kitobsevar o‘quvchilarning saylgohiga aylanib ketdi. «Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor» shiori ostidagi o‘zbek adabiyotining vakillari bilan birga ko‘plab maktab, o‘quv dargohlarining o‘quvchi va talabalari, turli yoshdagi adabiyot ixlosmandlari tashrif buyurishdi.
Tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Respublika ma’naviyat targ‘ibot Markazi, «Kamolot» YOIH, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, «Sharq» nashriyot-matbaa aksionerlik kompaniyasi, «O‘zdavkitobsavdota’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Kitob bayramida respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan yuzga yaqin nashriyotlar, matbaa korxonalari, kitob savdosi tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, respublika fuqarolarining, shu jumladan, yosh avlodning bilim olish, ma’naviy va ma’rifiy saviyasini yuksaltirish ularni milliy g‘oya va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirishdan iboratdir.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Basitxanova so‘zga chiqib kitobning inson hayotidagi o‘rni xususida so‘z yuritdi.
Shuni ta’kidlash joizki, bu yerda kitobxon o‘zi istagan kitobni xarid qilishi yoki «Eng yaxshi kitobxon», «Kitobxon oila» kabi mavzularda intellektual o‘yin va viktorinalarda ishtirok etish orqali qo‘lga kiritish imkoni tug‘ildi. Qolaversa, kitobxonlar o‘rtasida mutolaa madaniyatiga oid ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilishi asnosida aholining kitobga bo‘lgan munosabati darajasi belgilab olindi.
– Kitob inson tafakkurining gultoji, deb bejizga aytishmaydi. U hamisha insonga yaqin do‘st va yaxshi hamroh bo‘lib qoladi. Aslidaku, kitob hech qanday reklama yoki tashviqot va targ‘ibotga muhtoj emas. Ammo bugungi kundagi texnika taraqqiyoti jadal sur’atda odimlayotgan bir pallada kitobning o‘rnini nechog‘lik ahamiyatli ekanligini yoshlarga tushuntirib bermog‘imiz lozim.
Mazkur tadbir davomida biz o‘z nashriyotimiz orqali chop etilayotgan kitoblarimizni keng o‘quvchilar ommasiga namoyish etib, o‘z faoliyatimizni yaqindan tanishtirish imkoni tug‘ildi, – deydi «Akademnashr» nashriyoti muharriri Shahnoza To‘raxo‘jayeva.
Bog‘ sahnasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan tayyorlangan madaniy dastur doirasida taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilarning chiqishlari namoyish etildi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari tomonidan o‘tkazilgan mushoiralar kechaga mazmun bag‘ishladi.
Dilfuza MALIKOVA