Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini rag‘batlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ularning boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish, xalqaro sport aloqalarini yanada mustahkamlash, jahonda O‘zbekistonning obro‘sini yanada yuksaltirish maqsadida:
- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekistonning mashhur sportchilarini jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol ko‘maklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishga doir “Katta sportdan keyingi faoliyat” harakatlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- 2018 yil 1 yanvardan boshlab nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining tegishli yil uchun Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanishini nazarda tutsin.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bir yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga egadirlar.
- Belgilab qo‘yilsinki:
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar uchun to‘lanadigan umrbod oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi;
Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularni sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalariga yuborish yo‘llanmalari hamda yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlagan trenerlarga bir martalik pul mukofotlari berishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi (A.N.Aripov) tomonidan ko‘rib chiqiladi va taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan amalga oshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari uchun to‘lanadigan umrbod oylik to‘lovlar va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlagan trenerlarga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotlarini berish tartibi to‘g‘risidagi hamda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarining salomatligini sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda O‘zbekistonning yuqori malakali sport mutaxassislarini va mashhur sportchi vatandoshlarimizni mamlakatimizga xorij mamlakatlardan olib kelish, ularni jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish ishlariga jalb etish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnatlarini moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
uch oy muddatda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindor sportchilari trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida ular uchun 3 va 6 oylik qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari tashkil etsin;
uch oy muddatda Trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan maxsus o‘quv kurslarini bitirgan O‘zbekistonning mashhur sportchilariga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli ravishda ruxsat berish tartibini joriy qilsin;
ikki oy muddatda O‘zbekistonning nomdor sportchilarini xususiy sport muassasalarini tashkil etishga ko‘maklashish, biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish turlari (bino va inshootlardan bepul foydalanish, mablag‘lar hamda sport anjomlari bilan ta’minlash va h.k.) bo‘yicha takliflari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini belgilovchi tizimni yaratish bo‘yicha choralar ko‘rsin;
bir oy muddatda Respublika oliy sport mahorati maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari va Respublika sport maktablarida “Sportchi” lavozimini joriy etish, ularga oylik ish haqi va ustamalar belgilashni o‘z ichiga olgan Hukumat qarorini qabul qilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddatda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab sirtqi bo‘limni tashkil etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar xususiy sport muassasalarini tashkil etishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi taqdimnomasiga asosan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sport yo‘nalishidagi faoliyatni saqlab qolish sharti bilan, o‘rnatilgan tartibda “nol” qiymatida bo‘sh bino va inshootlar berilishi hamda aholi zich joylashgan hududlardan yer uchastkalari ajratilishini ta’minlasin;
tijorat banklari tomonidan imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar ajratilishi tavsiya etilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda bir oy muddatda Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlarining boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish, ularni yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jarayonlariga faol jalb etish, xalqaro sport tashkilotlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, jahonda O‘zbekistonning obro‘sini yanada yuksaltirishda ularning rolini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikdagi kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.
- O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari ishtirokidagi reklama mahsulotlarini imtiyozli joylashtirish tartibini ishlab chiqsin va 2018 yil 1 yanvardan joriy etilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekistonning iqtidorli sportchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yetakchi xorijiy sport muassasalarida shartnoma asosida malaka oshirishlarini tashkillashtirish, xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston sport agentlari va seleksionerlari uyushmasi”ni tashkil etish va uning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir barcha masalalarni hal etilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi yuqori mahoratli sportchilar hamda ularning trenerlari faoliyati va erishgan yutuqlarini yosh avlodga o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi orasida muntazam va keng yoritilishini ta’minlasinlar.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017 yil 10 avgust
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga
erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport
ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va
ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga
ShARH
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston milliy terma jamoalari sportchilarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishlari, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori, sport salohiyati va yutuqlari tizimli ravishda oshib borishini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalarini o‘zida mujassamlagan uch bosqichdan iborat yaxlit tizim yaratildi. Mazkur tizim orqali nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilar yetishib chiqmoqda.
Bugungi kunda yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda mashaqqatli mehnat va katta kuch talab etilishini inobatga olgan holda sportchilarning o‘z mahoratlarini muntazam oshirib borishlari, jismonan va ma’nan yetukligini ta’minlash bilan birga, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirib borish zarur.
Mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq keng miqyosdagi aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekistonning mashhur sportchilarini jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol ko‘maklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishga doir “Katta sportdan keyingi faoliyat” harakatlar dasturi ishlab chiqilishi belgilangan.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish miqdorlari belgilangan. Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar uchun umrbod to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Yuqori mahoratli sportchilar uzluksiz ravishda o‘quv-mashg‘ulot jarayonida bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida sirtqi bo‘lim ochish yuzasidan aniq taklif kiritish belgilandi. Bu, o‘z navbatida, sportchilarga mashg‘ulot va musobaqalar bilan bog‘liq faoliyatlaridan ajralmagan holda ta’lim olishlariga hamda jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi bilimlarini oshirishga va kelajakda murabbiylar safiga qo‘shilishlariga imkoniyat yaratadi.
Qarorga muvofiq, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bir yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muddatda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindor sportchilari trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida 3 va 6 oylik qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari tashkil etilishi va O‘zbekistonning mashhur sportchilariga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli ravishda ruxsat berish tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonning mashhur sportchilariga xususiy sport muassasalarini barpo etib, o‘zlarining mahorat maktablari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida ularga “nol” qiymatida binolar berish, yer hamda banklardan kreditlar ajratish, boshqa imtiyozlar berish yuzasidan zarur choralar ko‘rish belgilandi.
Mazkur qaror O‘zbekistonda sportchi va murabbiylarni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, dunyoga mashhur sportchilarimizga xususiy sport muassasalarini ochish yo‘li bilan nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etadigan sportchilar zaxirasini tayyorlashda munosib hissalarini qo‘shishlariga imkoniyat yaratadi.
Qaror doirasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jismoniy tarbiya va ommaviy sportning jamiyatimiz hayotidagi rolini yanada kuchaytirish, sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilar va ularning trenerlari mehnatini munosib rag‘batlantirish, qolaversa, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.