O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Jamiyatimiz hayotida, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda, mamlakatimiz ijodkor ziyolilarining salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda zarur sharoit va imkoniyat yaratish, shuningdek, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlar ijodiy birlashmasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zbekiston Rassomlar ijodiy birlashmasi), O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Rassomlar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini (keyingi o‘rinlarda – Fond) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
  1. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari etib belgilansin:

O‘zbekistonda madaniyat, san’at va jurnalistikani rivojlantirish uchun mablag‘ ajratish va yo‘naltirish, bu borada tegishli dastur va loyihalarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasini moddiy ta’minlash va ularning faoliyati bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish, mazkur uyushmalar a’zolari bo‘lgan va sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga manzilli moddiy yordam ko‘rsatish;

Fond tomonidan moliyalashtiriladigan muassasalarning moddiy-texnik bazasini izchil mustahkamlab borish, uning tasarrufidagi mulkni boshqarish, Fond ustavida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish.

  1. O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondining Homiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, Fondning Homiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod qilinadigan ijrochi direktor rahbarlik qiladigan Ijroiya direksiya Fondning ijro organi hisoblanadi.

Fondning Homiylik kengashi raisiga Fond tomonidan moliyalashtiriladigan muassasalar rahbarlarining takliflari asosida, zarur hollarda ushbu muassasalar tuzilmasiga, xodimlarning cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

  1. Fondning Homiylik kengashi (A.N.Aripov):

Fond daromad va xarajatlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni har yili tasdiqlasin;

Fond mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini belgilasin va tasdiqlasin;

Fond zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarini, shuningdek, homiylarni jalb etsin;

Fond Ijroiya direksiyasining daromadlari, xarajatlari asosli ekani va mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha faoliyati tizimli nazorat qilinishini ta’minlasin.

  1. Quyidagilar Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Fondga O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hududiy bo‘limlarining xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiyalar);

Yana o‘qing:  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’yezdi

Fond ixtiyoriga o‘tkaziladigan ijod uylarini ijaraga berish va Fondning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining Fond hisobraqamiga 7 milliard so‘mni xayriya asosida o‘tkazish to‘g‘risida;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Oliy sudning Fondga noqonuniy yo‘l bilan topilgan va musodara etilgan daromadlar hisobidan 13 milliard so‘m yo‘naltirish to‘g‘risidagi tashabbuslari ma’qullansin.

  1. Belgilansinki, Fond tomonidan moliyalashtiriladigan muassasalar xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi Fondning Homiylik kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda o‘rnatiladi.
  1. Fond va u moliyalashtiradigan muassasalar 2022 yil 1 yanvarga qadar barcha soliqlar, shuningdek, davlat maqsadli fondlariga majburiy to‘lovlardan ozod qilinsin.

Ushbu imtiyozlar taqdim etilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar faqat Fond zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.

  1. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Soyliq qishlog‘i manzili bo‘yicha joylashgan “Oqtosh” ijod uyi Fond tomonidan moliyalashtiriladigan ijodiy uyushmalar va birlashmalar a’zolarining to‘laqonli dam olishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida Fond boshqaruviga o‘tkazilsin.

Fondning Ijroiya direksiyasi Fond boshqaruviga o‘tkaziladigan mulkdan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017 yilning 1 oktyabridan boshlab Fondga O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hududiy bo‘limlarining xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun byudjetdan mablag‘lar (subsidiyalar) ajratsin.

Belgilab qo‘yilsinki, Fondning mablag‘lari mazkur qarorning 9-bandida ko‘rsatilgan muassasaning sarf-xarajatlarini qoplash uchun ham ajratiladi.

  1. Homiylik kengashi:

bir oy muddatda Fond ustavi, shuningdek, Fond mablag‘larini shakllantirish to‘g‘risidagi Nizom va ulardan foydalanish tartibini;

ikki oy muddatda mazkur qarorning 9-bandida qayd etilgan Ijod uyining kottejlari va mehmonxonalarini O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zolariga ular ijod qilish uchun borganlarida berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin.

  1. Fondning Ijroiya direksiyasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent shahar, Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ hududidagi binosida joylashtirilsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Yana o‘qing:  Sportchilarimiz g‘oliblar safida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 9 avgust

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

“O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom”

jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga

ShARH

Keyingi paytda mamlakatimizda hayotimizning eng muhim soha va tarmoqlari rivoji bo‘yicha bildirilgan, keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan amaliy taklif va loyihalarni izchil, vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha samarali tizim shakllanib, muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Buning amaliy tasdig‘ini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shu yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvida madaniyat, adabiyot va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan g‘oyat muhim taklif va tashabbuslar, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bilan mustahkamlanib, aniq huquqiy norma va qoidalar sifatida hayotga joriy etilayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ana shu uchrashuvda mamlakatimiz ijodkor ziyolilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish haqida ham dolzarb vazifalar belgilab olingan edi. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yana bir muhim hujjat – “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Qarorda mamlakatimizda madaniyat, san’at va jurnalistikani rivojlantirishni mablag‘ bilan ta’minlash, ushbu yo‘nalishlarda tegishli dastur va loyihalarni amalga oshirish “Ilhom” jamoat fondining asosiy vazifasi sifatida belgilab qo‘yilgani juda muhim ahamiyatga ega. Chunki shu paytgacha O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasini moddiy jihatdan ta’minlash, ularning faoliyati bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish, mazkur uyushmalar a’zolari bo‘lgan va sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga aniq yo‘naltirilgan moddiy yordam ko‘rsatish singari masalalarda muammolar mavjud edi. Mazkur Fond tashkil etilishi bilan ularning barchasi ijobiy yechimini topadigan bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Ilhom” jamoat fondi yuqorida tilga olingan ijodiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini muntazam mustahkamlab borish, ularga tegishli mulkni samarali boshqarish ishlariga ham bevosita mas’ul sanaladi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, unga binoan O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi Homiylik kengashining tarkibi hamda Fondning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi, Fondning ijro organi bo‘lmish Ijroiya direksiyasining faoliyat ko‘rsatish tartibi belgilandi.

Fondning daromad va xarajatlari bilan bog‘liq yillik prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlash, uning mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilash hamda tasdiqlash Homiylik kengashining zimmasiga yuklatildi. Shu bilan birga, bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirishga manfaatdor davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarini hamda homiylarni jalb etish mumkinligi ham nazarda tutilgan.

Yana o‘qing:  O‘tgan o‘quv yilida Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlarini tamomlagan bitiruvchilarning bor-yo‘g‘i 33 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlangan

Yana bir muhim masala – “Ilhom” jamoat fondining mablag‘larini shakllantirish manbalari aniq-ravshan ko‘rsatilgan. Xususan, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining hududiy bo‘limlarida ishlayotgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiyalar), Fond ixtiyoriga o‘tkaziladigan ijod uylarini ijaraga berish va Fondning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar shular jumlasidandir.

Prezident qarorida “Ilhom” jamoat fondining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan prinsipial jihatdan yana bir muhim masala o‘z aksini topgan. “Ilhom” jamoat fondi hisobraqamiga davlat byudjetidan 20 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi ijodiy muassasalar faoliyatini yanada yaxshilash va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgandir.

Fond tomonidan moliyalashtiriladigan muassasalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi Homiylik kengashi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda o‘rnatilishi belgilangan. Fond va u moliyalashtiradigan muassasalar 2022 yil 1 yanvarga qadar barcha soliqlar, shuningdek, davlat maqsadli fondlariga majburiy to‘lovlardan ozod qilinadi, buning natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar faqat Fondning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Qarorda Fond tomonidan moliyalashtiriladigan ijodiy uyushmalar va birlashmalar a’zolarining to‘laqonli dam olishi uchun sharoitlar yaratish masalasi ham inobatga olingan. Shu maqsadda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Soyliq qishlog‘ida joylashgan «Oqtosh» ijod uyi Fond boshqaruviga o‘tkazilib, bu yerda barcha ijodiy uyushma va birlashmalar a’zolarining to‘laqonli dam olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan.

O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining hududiy bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun Fondga davlat byudjetidan mablag‘lar (subsidiyalar) ajratish ham qarorda alohida ta’kidlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining faoliyatini rivojlantirish, ushbu sohalar vakillarini moddiy va ma’naviy jahatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ularga munosib ish va dam olish sharoitlari yaratib berishni ta’minlash borasida yangi imkoniyatlar ochib berishi bilan ulkan ahamiyatga ega.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: