G‘ilmindi isi

Sharq olamining betimsol ulug‘ mutafakkirlaridan biri Kaykovus tomonidan 1082 yilda yaratilgan “Qobusnoma” asari chin ma’nodagi pandnomadir. Har safar dilim do‘stlarimning mehridan yorishsa yo aksincha kimlarningdir “mehribonligi” tufayli tuman bilan qoplansa, ana shu aql sandig‘ini varaqlayman. Chunki bu kitobda “Do‘st tutmoq zikrida” bobi bor.

Onam rahmatli aytguvchi edi:

– Bolam, do‘stlar bo‘ladi choyingga, oshingga, boyligingga oshno. Ularni ajrata olsang qoqilmaysan.

Mening nazarimda do‘st so‘zining toshi o‘ylaganimizdan ko‘ra og‘irroq. Hayot yo‘llarimizga nazar tashlaylik. Qaysi do‘stlarimizning holidan u kutmagan paytda xabar oldik? Qaysi birlarining sog‘lig‘idan xavotirlandik? Yoki boshlariga ish tushganda “oyoqlarimizni qo‘llarimizga olib” yugurdik. Topilsa molim, topilmasa jonim, deb qaysi bir qadrdonimiz atrofida parvona bo‘ldik? Do‘stlarimiz koriga yaray olyapmizmi?…

Hayotimda shukrki, do‘stlar orttirdim. Men ulardan, ular mendan hamisha xabardor. Bir-birimizning hayotimiz, tashvishlarimiz, yaxshi kunlarimiz e’tibordan chetda emas.

Ana shunday ruhimga nur bag‘ishlaydigan do‘stu dugonamning ismi Klara. Qorachadan kelgan, ko‘zlari porlab turadigan, biror narsaga loqayd qaramaydigan, o‘zi yashaydigan Jomboy tumanidagi Ahmadjon Qurbonov mahallasining “o‘tidan kirib, kulidan chiqadigan” bu ayol bilan boshimga ish tushganda tanishganman. Bu voqeaga oz emas, ko‘p emas o‘n uch yil bo‘ldi.

O‘shanda ayni saraton payti edi. Ertalabdan quyosh zabtiga olgan. Vujud olov solingan tandirday qizib, chatnaydi. Mehri opam bilan Oyimgul singlim Toshkentga aylangani kelishdi. Ketar chog‘larida meni ham qo‘yarda qo‘ymay olib ketishdi.

Hali tong ro‘moli ko‘tarilmay yo‘lga tushdik. U yoq bu yoqdan gaplashib, kulishib, goho rahmatli bo‘lib ketgan ota-onamizni, bevaqt xazon bo‘lgan Ne’matilla akamni eslab “Qaydasan Qashqadaryo?” deb ketaverdik.

Jizzaxni ortda qoldirganimizda ko‘zimiz ilinibdi. Bir mahal nimaningdir qarsillagani, singlimning achchiq faryodidan uyg‘onib ketdim. Atrofni tumonat odam bosgan, kimlardir baqirib-chaqirar, Mehri opam jon holatda “Tirikmisan?” deb yelkalarimni siltalar, “Voy, senga nima bo‘ldi?” deb singlimni quchoqlar edi. Xullas, biz Jomboy tumani markaziga tutash joyda avtohalokatga uchragan edik. Mashinamiz oldida yana bir mashina ko‘ndalang bo‘lib ag‘darilgan, odamlar uning atrofida ham aylanishar edi.

Shu payt uzun bo‘yli, qorachadan kelgan bir yigit mashinamiz orqasidan yuklarimizni oldi:

Yana o‘qing:  Askarlar uyga qaytdi

– Opa mening mashinamga chiqinglar, do‘xtirga olib boraman, – dedi u.

Na ismini, na nasabini bilmaydiganim ana shu yigit bizni Jomboy tuman markaziy shifoxonasining “Tez tibbiy yordam” bo‘limiga olib bordi. Oyimgulni darhol jarrohlik stoliga yotqizishdi. Qo‘li gul, chehrasi ochiq, o‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokorlar operatsiyani muvaffaqiyatli yakunlashdi.

Begona elda qanday bo‘larkin, deb o‘ylab turganimizda chehralari nurga, so‘zlari durga to‘la, biz avval tanish bo‘lmagan turli kasb egalari, o‘sha paytdagi tuman rahbarlaridan tortib oddiy mehnatkash insonlargacha bizning holimizdan xabar olishdi.

Ana shunday kunlarning birida palatamiz eshigi ohista chertildi. So‘ng eshik ochilib ostonada och yashiltob krepdeshin ko‘ylagi, boshidagi oppoq ro‘moli o‘ziga yarashgan, qorachadan kelgan, ko‘zlari porlab turgan ayol kirib keldi.

– Assalomu alaykum. Qashqadaryolik opalarning boshiga ish tushibdi, deb eshitib kelaverdim. Voy, aylanay sizlardan, xafa bo‘lmanglar, joningiz omon qolibdi, ko‘rmaganday bo‘lib ketasizlar, – deb javdirardi ayol har birimiz bilan egilib ko‘risharkan.

Palatani juvozmoyiga pishirilgan g‘ilmindi isi tutib ketdi. Ayolning porlab turgan ko‘zlariga qarab mehribonim onam rahmatli esimga tushdi.

– Bolam, juvozmoyiga g‘ilmindi pishirdim. Issig‘ida ikkitagina yeb olgin, – deb tansiq taom tutgan qo‘lida yuragini tutib turgan onamni esladim.

Qarang, Klara pishirib kelgan issiqqina, yog‘likkina g‘ilmindi ham og‘zimizga yoqdi. Ehtimol, bu onamni yo‘qotib garangsib yurgan paytimizga to‘g‘ri kelganidandir, balki bu ayol rostdan ham pazandadir. Xullas, uch opa-singil xuddiki onamiz qaytib kelgandek sevindik.

Chehrasidan mehr yog‘ilib turadigan Klara esa kun o‘tgan sayin bizning qadrdonimizga aylanib bordi. U uyidagi kutubxonasidan Stendal, Dyuma, Heyne asarlarini ko‘tarib kelar, bu durdonalardagi qahramonlar to‘qnash kelgan holatlar haqida biz bilan suhbatlashardi.

Ana shunday suhbatlar chog‘ida Klaraning onasi, o‘z davrining mohir pillakashi Kifoya opa haqida bilib oldik. Otasi, Jomboy tumanining Sarichashma qishlog‘i ziyolilarining qaldirg‘ochlaridan biri, xalq maorifi a’lochisi Ismoil ota Komilovning maorif rivoji yo‘lidagi fidoyiliklari, odamlarga qilgan yaxshiliklari haqida kamtarlik bilan aytgan so‘zlarini tingladik. Endi o‘ylab qolaman. Klaraning yetti yot begonalarga bu darajada e’tiborli bo‘lishi, ishi, oilasidan ortinib har kuni goho ikki martalab holimizdan xabar olishi ezgulikning davom etishi emasmi?

Yana o‘qing:  Har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi

Ana shunaqa. Jonkuyar, jonimjon Klara Komilova bilan tanishganimda tug‘ilgan bolakay bugun o‘n uchga to‘ldi. Ana shu yillar davomida bir-birimizni yo‘qlab turdik. Yaxshi kunlarda birga sevindik. Goho tashvishli vaziyatlar bo‘lganda birga qayg‘urdik. Xullas, ana o‘sha mening yuragimga har doim xotirasi bilan qo‘rquv bag‘ishlab turadigan avtohalokat sadoqatli dugonam Klarani topishimga turtki bo‘ldi.

Kecha uyga ishdan kechroq qaytdim. Horib qaytdim. Issiqdan sal bo‘g‘riqib qaytdim. Eshikdan kirishim bilan uy telefonim jiringladi. Kelinim Ozoda menga salom berdi-yu chaqqonlik bilan go‘shakni ko‘tardi va jarangdor ovozda:

– Oyijon, sizni Samarqanddan Klara opa so‘rayapti, – dedi.

Horiganlarim, issiqdan bo‘g‘riqqanlarim, ishxonadagi arzir-arzimas ko‘ngil xiraliklarim birpasda tumandek tarqab ketdi. Ko‘z oldim yorishib, go‘yo yuragimning tub-tubidan mehr otliq buloq otilib chiqa boshladi. Yashasin do‘stlar, yashasin yaxshi odamlar! Maqola yozib Jomboy tomonlarda ana shunday qalbi pok dugonam borligini sizlarga bildirgim, havasingizni keltirgim keldi.

Guljahon MARDONOVA,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: