Axborot erkinligi bu qonunlarga rioya qilmaslik degani emas
Ommaviy axborot vositalarining erkinligi, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu me’yorlar O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarida o‘z ifodasini topgan.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq 2014 yil may oyida qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini yanada oshirdi.
Davriy nashrlarning soni, matbaa sifati, materiallarining saviyasi, mazmun-mohiyatida sodir bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni inkor etmagan holda, ularni hozirgi kun talabiga to‘la javob beradimi yo‘qmi? Aholining davr bilan birga o‘sib borayotgan talabi, didi, ma’naviy ehtiyojini to‘la qondiradimi? Milliy matbuot markazida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani shu kabi savollarga javob berildi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olinib, davlat reestriga kiritilgan ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 1 ming 564 tani tashkil etadi. Bular 694 gazeta, 330 jurnal, 14 axborotnoma-byulleten, 4 axborot agentligi, 68 televideniye, 37 radiostansiya, 418 veb-saytdir. Ular 7 tilda va siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, sport kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda.
Agentlikdan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qonunbuzarlik holatlariga bepisandlik bilan qarayotgan nashrlardan biri “Oltin asr” jurnalidir. Ushbu jurnal mualliflik huquqi me’yorlariga rioya qilmaslik, o‘zbek tili qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga yo‘l qo‘ygan nashrlardan biri. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi “Denov-ATR”, Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon-TV”, Jizzax viloyatidagi “Jizzax TV2” telekanallari, Andijon viloyatidagi “Diydor FM” radiokanali, “Taraqqiyot” telekanali sohaga oid qator me’yoriy hujjatlarning tegishli moddalarini doimiy ravishda buzib kelgan.
Qonunbuzilishlarga chek qo‘yish maqsadida 2017 yilning o‘tgan yetti oyi davomida agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalariga 100 dan ortiq, nashriyot va matbaa korxonalariga 70 ga yaqin ta’sir choralari qo‘llanildi. Afsuski, qonunbuzilishlar yuzasidan tahririyatlar va muassislarga nisbatan qo‘llanilayotgan ta’sir choralaridan tegishli xulosa chiqarmaslik, ularga yaratib berilayotgan imkoniyat va erkinlikni suiiste’mol qilish oqibatida ko‘plab taqdimnoma va ko‘rsatmalar qog‘ozda qolib ketmoqda, natijada tahririyatlar faoliyatidagi xato va kamchiliklar takror sodir etilishi aniqlanmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasida ham bugungi kunda yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radiostansiyalar ko‘payib borayotgani keskin tanqid qilindi, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev. – Bundan har birimiz tegishli va zarur xulosalarni chiqarib olishimiz shart. Bugungi kunda yurtimiz, xalqimiz oldida ommaviy axborot vositalarining sha’ni va qadrini, jurnalist, ziyoli degan sharafli nomni oqlash, unga munosib bo‘lish har bir ijodkorning yuksak mas’uliyati va vijdon ishi bo‘lmog‘i lozim.
Shu bois sohadagi kamchilik va salbiy holatlarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, ayrim tahririyatlar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari faoliyatida aniqlangan salbiy holatlar haqida o‘z saytida materiallar e’lon qilib, ularni keltirib chiqargan omillarni jiddiy tanqidiy tahlil etib, bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar, amaliy yo‘riq va ko‘rsatmalar berib borishni yo‘lga qo‘ydi. Kelgusida agentlikda tashkil etilajak maxsus studiya orqali onlayn tarzda OAVning kunlik tahlili natijalarini berib borish ham rejalashtirilgan.
Navro‘z NORBOBOYEV