Aloqa sohasidagi muammolar o‘z yechimini topmoqda
Zangiota tumanidagi 117 ta qishloq aholi punktlarining 61 tasida, 210 dan ortiq idora va tashkilotlarda hamda 60 dan ortiq mahallalarda “O‘zbektelekom” AK Toshkent filiali tomonidan telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. 2017 yil mobaynida Toshkent viloyati aholisidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelib tushgan 440 dan ziyod murojaatlarning 66 tasi mazkur tuman aholisi tomonidan yuborilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 8 avgust kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida sayyor qabul tashkil qilindi. Uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov tuman telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq rejalar xususida to‘xtalib, ayni paytda “O‘zbektelekom” AK Zangiota tuman aholisi uchun uy telefonidan Toshkent shahriga chiquvchi qo‘ng‘iroqlarga shahar tarifikatsiyasini joriy qilayotganini ma’lum qildi. Bu esa Zangitota aholisi Toshkent shahar telefonlariga kodsiz chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi.
Uchrashuvda aholi vakillari o‘zlarini qiynayotgan muayyan masalalar misolida AKT sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni bayon etdilar, aloqa sohasi xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiya hamda takliflarini aytdilar.
Jumladan, “Tokzor” MFY raisi Rahmat Mahmudov so‘zga chiqib, mahalla hududida yangi qurilgan 245 ta xonadonni shahar telefonlari bilan ta’minlanishida amaliy yordam so‘radi. Masala shu yerning o‘zida hal bo‘ldi. “O‘zbektelekom” AK hamda tuman telekommunikatsiya bog‘lamasi rahbariyatiga yangi xonadonlarni Toshkent shahar telefon tarmog‘iga ulash vazifasi topshirildi.
“Turkiston” qishlog‘i aholisi so‘zlariga ko‘ra, bu hududda 12 ta mahalla mavjud, ayni paytda aholining “Ittifoq” tarmoq stansiyasidan foydalanishini, aloqada uzilishlar mavjud ekan. Bu muammoga nisbatan Zangiota tuman telekommunikatsiya boshqarmasi rahbari “Ittifoq” tarmoq stansiyasida 10 avgustga qadar yangi avlod telefon stansiyalari ishga tushirilishini, ayni paytda ulash ishlari amalga oshirilayotgani ma’lum qildi.
“O‘zbektelekom” AK, Aloqa inspeksiyasining tuman bo‘linmasiga mazkur masalalarni yaqindan o‘rganib, zarur tadbirlarni amalga oshirish, kamchiliklar yuzasidan tegishli mas’ul shaxslarga choralar qo‘llash vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, aholi tomonidan Internet va IP-TV xizmatlari uchun telekommunikatsiya qurilmalarini kredit yoki lizing asosida berish imkoniyatlari yaratish bo‘yicha taklif berildi. Bu taklif yuzasidan vazifalarni amalga oshirish “O‘zbektelekom” AK rahbari Sh.Qodirov zimmasiga yuklatildi.
Sayyor qabul qizg‘in muhokama va muloqotga boy bo‘ldi. Tuman hokimi vazirlik bilan hamkorlikda Zangiota hududidagi 85 ta mahallani o‘zaro bog‘laydigan yagona ma’lumotlar tizimini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Vazirlik rahbarining “Mahalla” tarifini aloqa tizimini tajriba sifatida ishga tushirish taklifi aholi vakillari tomonidan iliq qarshi olindi.
Tadbir yakunida tuman aholisining sohada mavjud muammo va masalalari bilan ishlash to‘xtab qolmasligi, aholi axborot-kommunikatsiya sohasida mavjud muammolarni vazirlikka 200-41-07 ishonch telefon raqami, shuningdek vazirlikning internet tarmog‘idagi murojaat.mitc.uz virtual qabulxonasi orqali yetkazishi mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuvda ko‘tarib chiqilgan muammo va masalalar, xalq murojaati va takliflari yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, aniq yechimlar amalga oshirilishi belgilab olindi.
Navro‘z NORBOBOYEV