Oila baxti – ikki yosh saodatida
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning «Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir» nomli ma’ruzasini o‘qib
Xalqimizning asrlar davomida shakllangan urf-odat va an’analari xususida gap ketganda beixtiyor ko‘z o‘ngimizda to‘yu tomoshalar, insoniylik va mehr-oqibat tushunchalarini jamlagan marosimlarimiz namoyon bo‘ladi. Zero, ushbu marosimlarda xalqimizning asriy udumlari, turmush tarziyu yuksak ma’naviyati mujassam.
Ammo tan olish kerakki, to‘y-hashamlarda yo‘l qo‘yilayotgan isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik singari salbiy holatlar millatni tanazzulga yetaklaydigan illat sifatida keng jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Kimo‘zarga to‘y qilib, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topayotgan ayrim kimsalarning kasriga bugun to‘y-ma’rakalar boylikni ko‘z-ko‘z qilish tadbirlariga aylanib qolmoqda.
To‘ylar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar shu darajada urchimoqdaki, Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bu ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Masalan, Andijon viloyatini olaylik. Ushbu viloyatda to‘y arafasida qudalar tomonidan kelin xonadoni zimmasiga minglab xarajat yuklanadi. To‘ydan oldin qiz uzatayotgan oiladan ikki vakil kuyov xonadoniga borib, hovli-joyning o‘lchamini oladi, pardasiyu gilamlarining rangi, mebel, oshxona anjomlaridan tortib so‘nggi rusumdagi maishiy texnikagacha kuyov tomonning talablarini eshitadi. Yana bir udum bor – “mazar oshi”. Ya’ni, kelin tomon kuyov jo‘ralarga yuboradigan tortiq bilan bog‘liq odat. Sovg‘a 30-40 savat ko‘rinishida bo‘lib, unda kiyim-kechak, hatto uyali aloqa vositalaridan tortib, sigaretu gugurtgacha uchratish mumkin. To‘y o‘tgach, kelinning ota-onasi qirq kungacha 2-3 mahal tansiq taomlar bilan qizini yo‘qlashga majbur.
Afsuski, bunday “odat”lar yurtimizning boshqa hududlarida ham uchraydi.
– Odatda kuyov tomon karnay-surnay sadolari ostida qiz xonadoniga borarkan, mahalla-ko‘yni to‘y haqida yana bir bor xabardor qilishni maqsad qiladi, – deydi Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi ilmiy xodimi Mastura Rahmonova. – Shu bois “kuyov navkar” iborasi hammamizga tanish. Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida jiddiy bir masalaga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida “kelin navkar” degan yangi odat paydo bo‘ldi. Kelinning ota-onasi yoshlarning nikohdan o‘tishi va bog‘ oralab suratga tushishi, turnaqator avtomobillarda yurishi uchun qiziga qo‘shib o‘nlab dugonalarini yasantirib, kiyintirishi kerak ekan. Bunday ma’nisiz rusumlarning bari ayrim ota-onalarning asossiz orzu-havas ketidan quvishi yoxud farzandining bachkana xarxashalariga ko‘nishi oqibatida kelib chiqmoqda. Qudalar o‘rtasidagi sovuq munosabat, qaynona-kelin nizolari, turmushdagi qo‘ydi-chiqdilarning asl sababi ham shundan.
Oila baxtini ikki yoshning saodatida deb bilgan ota-bobolarimizning to‘yni kamxarj, ixcham o‘tkazish borasidagi nasihatu o‘gitlarida chuqur ma’no mujassam. Achinarlisi, keyingi vaqtlarda oilaviy marosimlar shuhratparastlikka, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga aylantirib yuborilayotgani yoshlarimiz tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.
Kechagina qizlarimiz to‘ydan oldin yigit bilan uchrashishni o‘zi uchun uyat sanaganini bir eslaylik. Bugun ko‘pchilik qizlar to‘yga qadar bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan qayerlarga borgani, qanday ko‘ngilxushliklar qilganini “Sevgi tarixi” degan lavhalar orqali namoyish etishni o‘zlariga ep ko‘rmoqda. Yoki milliy qo‘shig‘imiz – “Yor-yor” sadolari ostida bo‘lsa-da, ibo va hayo libosini tark etgan ko‘yi yelkasi, yuzi ochiq davraga kirib kelishayotir. Kuyovlar esa “olomoncha madaniyat” ta’sirida kelin bilan raqs tushib, o‘z juftini ko‘z-ko‘z qilayotgani ma’naviyatimiz ildiziga urilayotgan bolta, nazarimizda.
O‘ylab qolasan kishi: bunday illatlar bugun hayotimizga qayerdan kirib kelmoqda? Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek: “Hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur”.
Istihola bo‘lsa-da, aytish joiz. Keyingi paytlarda to‘ylardagi ortiqcha odatlarni ayollar o‘ylab topayapti deyishga odatlanib qoldik. Ammo oila boshlig‘i sifatida erkaklar ham bunga teng javobgar emasmi?! Afsuski, ayrim erkaklar oiladagi o‘z vazifalarini unutib qo‘ygandek. Bir zamonlar ota uyidan kelin bo‘lmishning tugun ko‘tarib kelishini or sanagan yigitlarimiz, bugun eshik yonida turib tog‘ora sanashgacha bormoqda. Qaynotasining sovg‘asini obro‘ sanash tobora urf bo‘lmoqda. Zamonaviy kuyovto‘ralarning choy ichayotgan piyolasidan tortib uyidagi gilamigacha, kiygan kiyimidan ko‘rpa-yostig‘igacha kelin keltirayotgani ular uchun oddiy hol.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, to‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masaladir. Zero, bu fikrda chuqur ma’no mujassam. To‘y-hashamlar asriy urf-odatlarimiz sifatida jamiyatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ayniqsa, uning ta’siri oilada yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
…Madina oilada to‘ng‘ich farzand edi. Qo‘li gul tikuvchi qizning eshigidan sovchilar arimasdi. Shunday tashriflarning birida xonadon ulug‘lari yoshlarga baxt tilab qo‘llarini duoga ochishdi, tengi chiqqan qizning fotihasi bo‘ldi. Ammo…
To‘y bilan bog‘liq xarajatlar va Madinaning qo‘ygan talablari kuyov tomonni biroz o‘ylantirib qo‘ydi: nikohdan o‘tish va undan so‘ng sayrga chiqish uchun turnaqator ulovlar, urfdagi to‘y libosi va muhtasham koshonada to‘y oqshomi. Yaxshi niyat bilan aka-ukalarning to‘yini bir kunda o‘tkazish borasidagi quda tarafning taklifi ham qiz tomondan rad etildi. U kechaning yolg‘iz malikasi bo‘lishni istardi. Tabiiyki, oraga sovuqlik tushdi.
– Voqeadan xabar topgach, avvaliga kuyov tomon bilan suhbatlashdik, – deydi Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mavjuda Mahmudova. – Ular to‘yni ixcham va kamxarj o‘tkazishni, tejalgan mablag‘ evaziga yoshlar uchun qulay sharoit yaratib berish istagida ekanliklarini aytishdi. Shundan so‘ng kelin va uning ota-onasini idoraga chorladik. Mahallaning nuroniy keksalari orzu-havas og‘ushidagi Madinaga nasihat qilishdi. Isrofgarchilik bilan, qolaversa, bir kunlik dabdaba bilan hech kim obro‘ topmasligini yotig‘i bilan tushuntirishdi. Tejaladigan mablag‘ borasida qudalarning taklifini ham bildirdik. Shukr, qiz rozilik berdi.
Bu voqeaga ikki yil bo‘ldi. Hozir Rabotak mahallasi Qo‘lba qishlog‘ida yashayotgan Madina iqtisod qilingan mablag‘lar evaziga tikuvchilik sexi tashkil etib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotir. Sexda u bilan birga uch nafar qiz ish bilan band…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda mutasaddilarga oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash vazifasini topshirdi.
Oila xalqning jamiyat hayotiga oid urf-odatlarini o‘zida sinovdan o‘tkazadigan muqaddas dargoh. Shu ma’noda, bugun ibratli oilalar misolida xalqimizning sof ma’rifati, oila tutumidagi oqilona siyosati, oila iqtisodini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish darkor. Buning uchun avvalo to‘y-hashamlarni ortiqcha isrofgarchiliklardan holi, kamtarona o‘tkazish borasida samarali va ta’sirchan harakatlarni amalga oshirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Bu borada ishlab chiqiladigan ta’sirchan chora-tadbirlar, amalga oshiriladigan yangi tashabbuslar jamiyatimiz ravnaqiga, oilalar totuvligi va yoshlarimiz baxt-saodatiga xizmat qiladi.
Ulug‘bek Shonazarov,
O‘zA