Intiluvchan, izlanuvchan va champion

Poytaxtimizdagi 1-”Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari shunday ta’rifga munosib

Otayotgan tong yangi umid va orzular sari qo‘yilgan qadamdir. Oilasidagi kam-ko‘stini o‘rniga qo‘ygan Maqsud Ahmedov bugun yana 304 nafar “bola”si tomon oshiqadi. Bu inson umrining 14 yilini Toshkent shahridagi 1-”Muruvvat” uyiga baxshida etgan. U ayni paytda ham ushbu muassasada bosh shifokor lovozimida faoliyat olib borayotir. Yangi kunning taftidan entikib, ish tomon shoshayotgan Maqsud akaning ko‘nglida biroz hadik… “Kecha Oybekning sog‘lig‘i biroz yomonlashgandi. Bugun yaxshimikin? Rahimjon tunda yaxshi uxladimikin? Bir necha kundan buyon uyqusida bezovta bo‘layotganini navbatchi hamshiralar aytgandi”.

Biz bugun Maqsud Ahmedov rahbarlik qilayotgan Toshkent shahar Olmazor tumanining Chimboy mavzesida joylashgan 1-”Muruvvat” uyi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Parvarishga, maishiy va tibbiy ko‘makka hamda ijtimoiy mehnat ko‘nikmalarini egallashga muhtoj 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalarning yashashi uchun mo‘ljallangan mazkur dargoh tibbiy, ijtimoiy-muassasa hisoblanadi.

Ushbu maskanda bolajonlar uchun shart-sharoit ko‘ngildagidek. Har bir guruh uchun o‘yin xonalari, yotoqxona, ovqatlanish xonasi mavjud. Stomatologiya, fizioterapiya, muolaja xonasi, davolash va jismoniy tarbiya xonalari, chiniqtiruvchi cho‘milish havzasi bolalar ixtiyorida. Shifokor va hamshiralar tarbiyalanuvchilarning salomatligini nazorat qilib boradi. Ahamiyatlisi, bemor bolalarni jismoniy, hissiy va ruhiy rivojlantirish maqsadida “Muruvvat” uyi hovlisida “Sensor bog‘“, “Ertaklar olami” maydonchasi tashkil etilgan.

Mazkur “muruvvat” uyida chuqur, og‘ir, yengil va o‘rta darajadagi aqli zaif bolalar ta’lim-tarbiya oladi. Muassasada rasm chizish, kompyuter, sport, tikish-bichish, boshlang‘ich pazandalik, “Mohir qo‘llar”, “Yosh bog‘bon” to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Unda tarbiyalanuvchilar ijod, ilm-fan va kasb-hunar sirlarini o‘zlashtirmoqda.

– Yengil darajadagi aqli zaif bolalar uchun 36-maxsus mehnat ta’limi maktabi dasturi – 4 bosqichli ta’lim joriy etilgan, – deydi “Muruvvat” uyining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shoira Shermuhammedova. – O‘rta darajadagi aqli zaif bolalarga Respublika ta’lim markazi tomonidan tasdiqlangan “Imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim dasturi”ga muvofiq, og‘ir va chuqur darajadagi aqli zaif bolalarga esa yakka reabilitatsiya rejasi asosida ta’lim-tarbiya beramiz.

Muassasada yengil darajadagi aqli zaif bolalar uchun dars jadvali belgilangan va u asosida ta’lim olib boriladi. 36-maxsus mehnat ta’limi maktabi dasturining har bir bosqichiga bolaning yoshiga qarab emas, aksincha, uning kasbiy layoqati, qobiliyatining darajasi, bor malakasiga tayangan holda jalb etiladi. Oy so‘nggida esa bolaning o‘zlashtirishi o‘rganib boriladi. Undagi ko‘rish, idrok etish, diqqat qilish, aql yurgizish malakasining shakllanib borishi e’tiborga olinadi.

Яна ўқинг:  ҚУЧОҒИНГ ЗАВҚҚА ТЎЛА, ЖОНАЖОН МАКТАБ

Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoit va saxovatpesha insonlar ko‘magi bilan bolalarga, xususan, ularning ta’lim-tarbiya olishiga bir qancha qulayliklar yaratilgan. Barcha xonalarda zarur shart-sharoitlar muhayyo. O‘qitish uchun kerakli jihozlar va moddiy-texnik baza bilan ta’minlangan. Qolaversa, muassasada tarbiyalanuvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish borasida tarbiyaviy va ko‘ngilochar tadbirlar doimiy uyushtirib turiladi. Tug‘ilgan kun, “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”, “Nogironlarni himoya qilish kuni” shular jumlasidandir.

“Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilarining sport borasida erishayotgan yutuqlari ham diqqatga sazovor. Ular qator musobaqa va tadbirlarda faxrli o‘rinlarni egallamoqda. 2013-yili muassasa jamoasi respublikamizdagi “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan sport o‘yinlarining respublika bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Olmazor tumanidagi “Chig‘atoy” sport kompleksida Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan uyushtirilgan mini futbol bo‘yicha musobaqada tarbiyalanuvchilar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilning sentabr oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” deb nomlangan musobaqada muassasa o‘g‘il-qizlari birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, Muassasa rahbariyati DOKTOR – D klinikasi bilan ko‘pdan beri ezgu ishni amalga oshirmoqda. Ular har yili o‘g‘il bolalarning ruhiy va jismoniy holatidan kelib chiqib, xatna to‘ylarini o‘tkazishadi. Kuni kecha “Nogironlarni himoya qilish kuni”da olti nafar bolaning sunnat to‘ylari katta tantana bilan o‘tkazildi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: