Ta’m sezishning pasayishi vazn ortishiga sabab bo‘ladi
Korneliya universiteti olimlari shirin ta’m sezuvchanligining pasayishi shirin mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirishini aniqladi. Bu holat 20 foiz odamning ratsionida shakar miqdori bir choy qoshiqqa ko‘payishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi The Daily Mail nashri.
Tadqiqotda 51 nafar sog‘lom odam qatnashdi. Ishtirokchilar tadqiqotchilar bilan o‘tkazilgan to‘rtta uchrashuvda har-xil tarkibli Gymnema sylvestre choyidan ichishdi. Bu o‘simlik shirin ta’m sezuvchanligini vaqtincha kamaytiradi. Shundan keyin ishtirokchilarga yegulikka istaganicha shakar qo‘shish taklif qilindi.
Natijada, shirin ta’m sezuvchanligi pasaygan odamlarda shakarga moyillik ortishi ma’lum bo‘ldi. Ishtirokchilarning 20 foizi bir choy qoshiq ortiqcha shakar iste’mol qildi. Mutaxassislar fikricha, buning oqibatida vazn ortishi mumkin.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.