Ishga yollash jarayoni xalqaro me’yorlarga mos bo‘lishi shart
Mehnat munosabatlarini tartibga solishda ikki jihat — bolalar mehnati hamda ishga majburiy yollashga yo‘l qo‘ymaslik dolzarb masala hisoblanadi. Ishchi taklif etilgan ish va unga doir sharoitlar haqida barcha ma’lumotga ega bo‘lishi, ixtiyoriy ravishda rozilik berishi shart. Ma’lumotlar taqdim etishda yolg‘onchilik va firibgarlikka, rozilik olishda esa majburlash yoki do‘q-po‘pisaga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.
Andijon viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fermerlar salohiyatini oshirish mavzusiga bag‘ishlangan seminarda mana shu jihatlar muhokama markazida bo‘ldi. Birlashma kengashi raisi Qodirjon Parpiyev kun tartibidagi masalaning ahamiyati, qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartib-qoidalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Bu borada viloyatda olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijalari haqida ma’lumotlar berildi.
Seminarda Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti Geshe Karrenbrok o‘zi faoliyat yuritayotgan tashkilotning maqsad va vazifalari hamda majburiy mehnatning oldini olish me’yorlari bo‘yicha xalqaro va milliy qonunchilikdagi asosiy tushunchalarga e’tiborni qaratdi.
Qayd etilganidek, Xalqaro mehnat tashkiloti faoliyati uch tomonlama hamkorlikka asoslangan. Ish beruvchilar va mehnatkashlarning birlashmalari hukumatlarning mehnat sohasidagi siyosiy yo‘nalishini belgilash, iqtisodiy dasturlarini shakllantirishda ular bilan teng ovozga ega. U mazkur sohadagi asosiy huquqlarning minimal standartlarini belgilovchi me’yorlarni ishlab chiqadigan hamda konvensiya va tavsiyalar shaklida qabul qiladigan xalqaro muassasadir. O‘zbekiston 1992 yili ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan, hozirga qadar 14 ta konvensiya ratifikatsiya qilingan.
Seminar doirasida ishga yollash jarayonida majburiy mehnat va bolalar mehnati qaltisliklarini anglash va ularning oldini olish masalalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Noan’anaviy yondashuvlar asosida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari sinaldi.
Nurillo NO‘MONOV,
“Ishonch” muxbiri