Tibbiy xizmat sifati yuksalmoqda
Farg‘ona viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi qishloq vrachlik punktlari maqbullashtirilib, 88 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etildi. 37 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilib, zamonaviy avtomashinalar bilan ta’minlandi.
Aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida zamonaviy sharoit yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashida, ertangi kunga ishonchi yanada ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Marg‘ilon shahrida ham tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida aniq tadbirlar belgilanib, ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda. Markaziy va bolalar shifoxonasi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, tug‘ruq majmuasi hamda 7 oilaviy poliklinika xizmatidan aholi mamnun.
– Ayniqsa, keyingi paytlarda hayotimizda ulkan o‘zgarish va yangilanish jarayonlari kechmoqda, – deydi Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Avazjon G‘aniyev. – Davlatimiz rahbari joriy yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda tibbiy xizmat sifatini tanqidiy baholab, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni aniq belgilab berdi. Patronaj xizmatini takomillashtirish, har bir oilaga kirib borish va salomatligidan xabardor bo‘lish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish shular jumlasidandir. Shahrimizdagi tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida aniq tadbirlar ishlab chiqilgan.
Ona va bola salomatligini muhofaza qilish g‘oyat muhim vazifadir. Bu borada shahar bolalar shifoxonasida chaqaloqlar, pediatriya, xirurgiya, shoshilinch tibbiy yordam va reanimatsiya bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. 33 nafar malakali shifokor tibbiyotning so‘nggi yutuqlari asosida ish olib borib, murakkab jarrohlik amaliyotlari ham shu yerning o‘zida bajarilmoqda.
Shahardagi 1-oilaviy poliklinika 33 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. «Yovqochar», «Yoyilma», «Ariqbo‘yi», «Tuttagi» kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatidan mamnun.
Poliklinika “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy uskunalar, jumladan, raqamli ultratovush diagnostika tizimi, UZI apparati, distillyatorlar, laboratoriya tahlillari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Buning samarasida tashxis qo‘yish sifati yaxshilanib, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligi oshmoqda.
– Turli kasalliklarning oldini olish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishidir, – deydi poliklinika bosh shifokori Valijon Mallaboyev. – Oilaviy shifokor va patronaj hamshiralar o‘zlariga biriktirilgan hududlardagi oilalar tibbiy-ijtimoiy holatini o‘rganmoqda. Bemorlarni uyida ko‘rikdan o‘tkazish va zarur muolajalarni amalga oshirish, emlash orqali turli yuqumli kasalliklarning oldini olish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Hududimizda ro‘yxatga olingan 7 ming 500 nafar fertil yoshidagi ayol salomatligi doimiy nazoratimizda.
Poliklinikada birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tashxis qo‘yish, fizioterapiya, sog‘lomlashtirish muolajalarini amalga oshirish, fitobar va laboratoriya xonalari ishlab turibdi. Ayniqsa, tor doiradagi mutaxassislarning faoliyat ko‘rsatayotgani aholiga ko‘plab qulayliklar yaratmoqda. Jarroh, pediatr, akusher-ginekolog, stomatolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi kabilar shular jumlasidandir.
Tibbiyot xodimlarining samarali faoliyati va bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va salomatligini yanada yaxshilash, yuqumli kasalliklar bo‘yicha barqaror holatni saqlash hamda bolalar o‘rtasida kasallikka chalinish holatlarini kamaytirish imkonini berayotir.
Ma’sudjon Sulaymonov,
O‘zA