Osiyo chempionati yakunlandi
Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida shaxmatchilarimiz 8 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan iqtidorli yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda keskin va murosasiz bahslar namoyish etib, mahorat bobida manaman degan raqiblaridan ustun ekanini isbotlamoqda.
Joriy yilning 21—29 iyul kunlari Xitoyning Panszin shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida qit’a chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik yoshlar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Vakillarimiz blits, rapid va standart shaxmat yo‘nalishlarining barchasida medallarga sazovor bo‘ldi: standart yo‘nalishida — 1 oltin, 3 kumush, 1 bronza, rapidda — 2 oltin, 2 kumush, 2 bronza, blitsda — 5 oltin, 1 kumush, 1 bronza medal.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, jami 18 medalga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi. 1-o‘rin Xitoy va 3-o‘rin Filippin terma jamoasi vakillariga nasib etdi.
Yosh shaxmatchilarimizning natijalari bilan tanishing:
Umida Omonova (11 yoshgacha) — standartda — 1-o‘rin, rapidda — 2-o‘rin, blitsda — 1-o‘rin.
Olmos Rahmatullayev (11 yoshgacha) — standartda — 2-o‘rin, rapidda — 1-o‘rin, blitsda — 1-o‘rin.
Afro‘zabonu Ro‘zimatova (7 yoshgacha) — standartda — 2-o‘rin, rapidda — 2-o‘rin, blitsda — 1-o‘rin.
Sitora Saparova (15 yoshgacha) — standartda — 3-o‘rin, rapidda — 1-o‘rin, blitsda — 1-o‘rin.
Yuliya Xegay (13 yoshgacha) — standartda — 2-o‘rin, rapidda — 3-o‘rin, blitsda — 2-o‘rin.
Zilola Aktamova (9 yoshgacha) — rapidda — 3-o‘rin, blitsda — 1-o‘rin.
Mirfayz Sunnatov (13 yoshgacha) — blitsda — 3-o‘rin.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati