“EXCLUZIVE EDUKATION AND BUZINES” xalqaro mutaxassislar e’tirofida
Bugun yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat o‘quv markazlari bilimga chanqoq yoshlarning ilm olishga bo‘lgan intilish va istaklarini zamonaviy dars berish usullari orqali rivojlantirib bormoqda. Bunday markazlar taklif etayotgan o‘qish muddatlari, kurs tarkibiga kiritilgan fanlar, bilim va malakaning darajasi bir-biridan tubdan farq qiladi.
O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi qoshidagi “EXCLUZIVE EDUKATION AND BUZINES” nodavlat ta’lim markazi ham yangi yo‘nalishda faoliyat yuritayotganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.
O‘quv markazi marketing, menejment, tadbirkorlik, bozor iqtisodiyoti, moliya bozori, arxitektura va dizayn, oshpazlik kabi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha davlat korxonalaridagi ishchi-xodimlarning malakalarini oshirish va mutaxassislikka tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, bu yerda tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar soha bo‘yicha chuqur bilim oladi. Markazda Qarshi davlat iqtisodiyot va Qarshi davlat muhandislik universitetlarining malakali fan nomzodlari va oliy toifali pedagog-mutaxassislari ta’lim beradi. Qolaversa, yana 5 nafar mutaxassis-xodim targ‘ibot ishlarini olib borib, tinglovchilar bilan seminar-treninglar o‘tkazadi. Shuningdek, ularga o‘zlari qiziqadigan yo‘nalishda suhbatlar, ma’ruzalar o‘qiydilar.
Aytish joizki, ushbu nodavlat ta’lim markazi Qashqadaryo viloyati miqyosida Xalqaro oliy o‘quv yurtlarida o‘tiladigan 8-dastur bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yagona tizimli o‘quv markazidir. Chunki boshqa o‘quv markazlari abiturent tayyorlash yoki bilimlarni chuqurlashtirishga xizmat qilsa, “EXCLUZIVE EDUKATION AND BUZINES”da kasb-hunarga yo‘naltirish, kadrlar malakasini oshirish, tadbirkorlarning biznes yuritishi qo‘llab-quvvatlanadi.
Jumladan, oshpazlik yo‘nalishida davlat byudjetidagi kollej, maktab, MTM va oliy o‘quv yurtlaridagi oshpazlar sanitariya-epidemologiya sohasi bo‘yicha o‘qitiladi. Tinglovchilarga 72 soatlik trening mobaynida viloyat DSENM xodimlari, Savdo-sanoati palatasi mutaxassislari, Viloyat oshpazlar uyushmasi, muhandislik va iqtisodiyot bo‘yicha ta’lim beruvchi o‘qituvchilar oziq-ovqat texnologiyasi, ovqatlanish xavfsizligi va sanitariya-epidemologiya qoidalariga rioya qilish kabi mavzularda bilim beradilar.
– Ta’lim markazimiz o‘zining dasturiga ega bo‘lib, boshqa o‘quv markazlaridan farqli o‘laroq, yurtimizda bozor iqtisodiyoti sharoitida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznesni boshqarish va korxonalarda menejment faoliyatini tashkil etish, ularning rivojlanish tendensiyalarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi, – deydi ta’lim markazi rahbari Nargiza Abdullayeva. – Buning uchun markazda tinglovchilarga barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Biznes yuritish guruhlarida bir kunda 8 soatdan dars o‘tilib, kursni tugatganlarga sertifikat beriladi. O‘qitish tizimi korxona va tashkilotlar bilan shartnoma asosida pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tinglovchilar o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng standart biznes-reja, biznesni rejalashtirish va ishlab chiqish, biznes-reja natijalarini talqin qilish va uni rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy bilimga ega bo‘ladilar.
E’tiborga molik tomoni, yaqinda Gretsiyadan mamlakatimizdagi nodavlat ta’lim markazlari faoliyatini o‘rganish maqsadida tashrif buyurgan xalqaro tadqiqotchi janob Yanis Zervis “EXCLUZIVE EDUKATION AND BUZINES” faoliyatini yuqori baholadi. Ayniqsa, tadqiqotchi bu yerdagi seminar-trening va darslar xalqaro standartlar asosida o‘tilayotganiga, shuningdek, tinglovchilarning izlanuvchanligi va hozirjavobligiga alohida e’tibor qaratdi. Yanis Zervis joriy yilning sentyabr oyida ushbu o‘quv markazi faoliyatini qayta monitoring qilishni rejalashtirdi.
Bu kabi yutuqlarga erishishda avvalo O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi rahbari Sa’dulla Boboqulovning mutaxassis-o‘qituvchilarni tanlash va jalb etishdagi yuqori malakasi va e’tibori, seminar-treninglarning rejali va mazmunli olib borilishi, tinglovchilar uchun yaratilgan imkoniyat va zamonaviy o‘quv dasturlari alohida ahamiyatga ega.
M. QODIROVA