Yana mavsum mavzusi: yoz bozori
* Uyda tayyorlanib, bozorda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga kim kafolat beradi?
* KEChKI SAVDO: “Egasini qidirib bozor tashqarisiga “o‘rmalayotgan” mahsulotlar.
* Bozor nozirlarining yo fe’li keng yo “tili qisiq”.
* Unutmaylik: oziq-ovqat xavfsizligi – salomatligimiz kafolati.
Yurtimizda yozning ayni jazirama kunlari hukm surmoqda. Yaxshi bilamizki, bu paytda iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari salqin va ozoda joyda yoki muzlatgichda saqlanmasa, ularning sifati tezda buziladi.
Shu bois, har bir yegulikni yeyishdan avval uning iste’molga yaroqliligi borasida ishonch hosil qilish lozim. Chunki, noqonuniy tarzda sotilayotgan, hech qanday tibbiy nazoratdan o‘tmagan qo‘lbola mahsulotlarni qachon va qanday sharoitda tayyorlanganini bilmaymiz. Ayniqsa, odam gavjum bo‘lgan dehqon bozorlari atrofida, uning ichkarisida, ko‘cha-ko‘y va yo‘laklarda noqonuniy tarzda sotilayotgan o‘rik va meva sharbatlari, gazli suv, mors, kvas, ayron, uy sharoitida tayyorlangan somsa, xonim, norin, hasip, go‘ja kabi ovqatlarni tanovul qilishdan oldin ularning sifatiga jiddiy e’tibor qarating. Sababi bunday yegulik va ichimliklar doim ham sanitariya-gigiyena talablariga javob beravermaydi.
Aslida dehqon bozorlarida sotilayotgan har qanday mahsulotning sifati hamda xavfsizligini ta’minlash, hududda ozodalikni saqlash uchun bozorlarda sanitariya-epidemologiya va veterinariya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ammo “Har to‘kisda bir ayb” deganlaridek, har qancha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramay, ayrim o‘zboshimcha fuqarolar bozorlar hududida sanitariya-epidemologiya qoidalarini qo‘pol ravishda buzishmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq, Angren va Ohangaron shaharlaridagi dehqon bozorlari, poytaxtimizdagi “Chorsu”, “Sergeli”, Farhod, Qo‘yliq dehqon bozorlarida bunga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Yaqinda Toshkent shahri markazidagi supermarketlarning biridan konservalangan yashil no‘xat xarid qildim. Uyga kelib qarasam idishning ikki tomoni biroz ko‘tarilgan. Shundan so‘ng uni darhol Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazi laboratoriyasiga tekshirishga olib bordim. Hali mahsulotning muddati o‘tmagan bo‘lsa-da, uning iste’molga yaroqsizligi aniqlandi.
Shuni unutmaslik kerakki, sifatsiz konserva mahsulotini yegan inson o‘tkir zaharlanish – botulizm xastaligiga chalinadi. Agar bemorga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u hatto, vafot etishi mumkin.
Bugun oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga sifatli tarzda yetkazilishini ta’minlash maqsadida yurtimizdagi barcha dehqon bozorlari muzlatgichlar bilan ta’minlangan. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, meva-sabzavotlarni sotish uchun ochiq va yopiq rastalar tashkil etilgan. Ammo shunga qaramay, ba’zi bozor rastalarining bo‘m-bo‘sh turishi, tadbirkorlarning esa yerda savdo qilayotganliklarini ko‘rib, ajablanasan, kishi. Ayniqsa, kechga tomon go‘sht va sut mahsulotlarini muzlatgichdan tashqarida sotilishi achinarlidir.
Bunday holatlarni ko‘rib, ko‘rmaslikka oladigan sanitariya-epidemologiya nazorati va veterinariya xodimlari, noqonuniy savdoni nazorat qiluvchi Davlat soliq nazorati inspeksiyasi mutaxassislarini qanday tushunish mumkin? Menimcha buni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan tegishli nazotarchilarning yo fe’li o‘ta keng yoki ular bu holatdan manfaatdor.
Kuni kecha “Chorsu” dehqon bozoriga borib, yana dilim xufton bo‘lib qaytdi. Ko‘kaldosh madrasasi yonidan bozorga kiraverishda qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, mato bilan o‘ralgan tor yo‘lakda kiyim-kechakdan tortib, oziq-ovqat mahsulotlari savdosi avjida. Issiq havoda sotilayotgan kvas, mors, ayron kabi chanqovbosdi ichimliklarni odamlar navbatga turib ichishmoqda. Bu holatni kim nazorat qiladi?
– Mamlakatimizda inson salomatligini saqlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Bu borada yurtimizda qator farmon va qonunlar qabul qilinib, hayotga keng tatbiq etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Aholini sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunlari sohani rivojlantirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Shayxontohur tumani DSENM xodimi Hamidulla Abdullayev. – Ammo, mas’ul xodimlar tomonidan ko‘plab targ‘ibot va profilaktik ishlar olib borilayotganiga qaramay, tadbirkorlar orasida qonunga xilof ravishda faoliyat olib borayotganlari uchrab turibdi. Ularning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar asosida amaliy tadbirlar olib borilmoqda.
Har bir fuqaro o‘zi va oila a’zolarining salomatligiga ma’suldir. Zero, oilada ota-ona tibbiy savodxonlikka e’tiborli bo‘lsa, bolalar ham o‘z sog‘lig‘i uchun jon kuydiradi. Hatto, ular loqayd kimsalarni ham bu aziz ne’matni asrashga da’vat etadi.
Agar inson nafaqat o‘zini, o‘zgalarni ham o‘ylab yashasa, bu ezgulik aslo beiz ketmaydi. Shu bois salomatligimiz yo‘lida barchamiz ogoh bo‘laylik!
Maryam AHMEDOVA