Ona yurting omon bo‘lsa, rangi-ro‘ying somon bo‘lmas
Ro‘zimurod Germaniyada davolanib qaytdi
Ko‘chada o‘z xayollaring bilan band ketayotganingda birov sendan manziliga qanday yetib olishni so‘raydi. To‘g‘ri va yaqin yo‘lni ko‘rsatib yuborasan… Beixtiyor diling yorishadi, tabassum qilasan…
Ro‘zimurodning dadasi Rahmatilla aka bilan shu yo‘sinda tanishganman. Poytaxtga kelayotib yo‘lovchi mashinada hamroh bo‘lganmiz. Qo‘llari mehnatdan qabargan, yuzi oftobdan qoraygan sodda va samimiy qishloq odami.
Olis yo‘l… Yeldek uchib borayotgan mashina… Bepoyon kengliklar, qir-adirlar… Har tasvirga xayollarimni muhrlab borayapman. Boshqa yo‘lovchilarning esa suhbati avj pallaga chiqqanda baland kulgu ko‘tarilar, o‘sha kezda xayolim bo‘linar, ularga bir nazar tashlab qo‘yar edim. Yonimda o‘tirgan Rahmatilla aka esa bundan xijolat tortib, “uzr, hamroh” deb qo‘yar edi. Bu hol ikki-uch bora takrorlandi. Rahmatilla akaning toqati toq bo‘ldi chog‘i, meni suhbatga qo‘shishga jazm qildi.
– Sizga xalal bermayapmizmi, do‘stim, — jilmayib so‘z boshladi Rahmatilla aka, – yo‘lda suhbat bilan ovunasan-da, bo‘lmasa, manzilga qachon yetarkanman deb toqating toq bo‘ladi.
– Hechqisi yo‘q, suhbatingizni tinglab ketayapman, – ularni o‘ng‘aysiz holatga qo‘ydim, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan.
– Ish poytaxtdami?…
Yo‘lda hamrohlar bilan ilk suhbat hamisha shu savoldan boshlanadi.
– H-a-a, o‘qishni tamomlab ishni o‘sha yerda boshlaganman. – dedim tushunarli bo‘lishi uchun va keyingi savolni bermasdan turib javob berishga chog‘landim. – Jurnalistman, “Sog‘lom avlod” gazetasida ishlayman.
Rahmatilla akaning chehrasi yorishib ketdi.
– Haligi, jamg‘arma… – shoshib qoldi u. Fikrini ilg‘ab gapni o‘zim davom ettirdim.
– Ha, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi gazetamizning muassislaridan biri.
Mashinada endi hamma bizning suhbatimizni tinglashga o‘tdi. Rahmatilla aka goh shoshib, goh xijolatomuz ana shu jamg‘armaga borishi zarurligini aytdi:
– “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi orqali nogiron bolalar Germaniyada davolanib kelayotgan ekan, televizor orqali ko‘rib turaman. Ammo bu borada kimga uchrashishimni, kimdan maslahat olishni bilmay yurgandim, – Rahmatilla aka og‘ir xo‘rsinib so‘zida davom etdi. Chehrasidagi oydinlikni endi g‘ussa bosa boshladi. – Ro‘zimurod degan o‘g‘lim bor, bolaligida beparvolik qilib qo‘lini kuydirib olganmiz. Uy-joy solib ota-onadan alohida ro‘zg‘or qurgan kezlarimiz. O‘shanda Ro‘zimurod to‘qqiz oylik norasida edi. Bola-da, emaklab borib cho‘g‘ bo‘lib turgan elektr plitaga qo‘lini bosibdi. Bir qo‘li qattiq kuyib jarohat oldi. Panjasi erib mushtga aylandi. U kunlarni eslasam, qo‘rquvga tushaman, odamning joni tosh ekan, bolam omon qoldi. Biroq, bir qo‘li nogiron. Har gal unga ko‘zim tushsa etim uvishadi. Onasi ikkimiz o‘zimizni aybdor sanaymiz.
Mashinada bir muddat jimlik cho‘kdi. Hammaning qalbida achinish hissi paydo bo‘ldi. Rahmatilla aka mashina oynasidan atrofga uzoq tikilib qoldi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Shu suhbatdan so‘ng unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdim, jamg‘armaning fidoyi xodimlari bilan telefon orqali bog‘lab berdim. Ro‘zimurod tibbiy ko‘rik jarayonlarida qatnashdi. Germaniyalik mutaxassislar uning jarohatlarini uzoq o‘rgandi.
Bir kuni qishloq vrachlik punkti mudirasi ularning darvozasini qoqib, xushxabar olib boribdi. Ishxonada o‘tirsam, Rahmatilla aka sim qoqdi:
– Allo… Ro‘zimurod Germaniyada davolanadigan bo‘ldi…
Uning so‘zlarida cheksiz quvonch aks etib turardi…
Ro‘zimurod Germaniyaga uchadigan kuni esa dadasi aeroportdan xomush ohangda qo‘ng‘iroq qilib, samolyotni kuzatib turganini, uning havoga ko‘tarilganini ovozlari titrab so‘zladi. Keyin yig‘lab yubordi… O‘sha kuni qattiq gapirdim.
– Rahmatilla aka, yigit kishi ham yig‘laydimi, yanganing yonida ham o‘zingizni shunday tutsangiz…, – qolgan gaplarim bo‘g‘zimda qoldi, o‘zimning ham ko‘zim to‘lib yosh keldi. Noiloj suhbatni uzib, telefonni o‘chirib qo‘ydim.
…Oradan olti oy o‘tdi. Ulug‘ ayyom — Ramazon Hayiti kuni qo‘l telefonim bezovta jiringladi. Shoshib qo‘limga oldim. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkiliy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i Firdavs aka Xoliqov ekan.
– Ayyom muborak, bayramni yaxshi kutib olayapsizmi? – yuqori kayfiyatda so‘z ochdi, — biz aeroportdamiz, Germaniyadan bir guruh bolalar davolanib qaytishdi, jamoa bilan kutib oldik.
– Bayram kunlariyam savobni etagidan tutib yurasizlar, yaxshilik yaxshi-da, ayniqsa, qutlug‘ ayyom kunlarida…
– Yakkabog‘lik Ro‘zimurod degan yigitcha bor, ota-onasi bexabar qolibdimi, kutib olishga chiqmabdi, sizga tumandosh ekan yaqinlari bilan bog‘lanib, kuzatib yuboring. Birozdan so‘ng uyingizga olib boraman.
…Ro‘zimurodning yaqinlarini topgunimizga qadar, u bir kecha uyimizda mehmon bo‘ldi. Ketayotganida tortinchoq o‘n uch yoshli qishloq bolasi, endi tamomila o‘zgargan, fikrini burro-burro bayon eta oladi.
– Qalay, Ro‘zimurod, Germaniya qanaqa joylar ekan? – suhbatga tortaman uni.
– Yaxshi joy, chiroyli, – so‘zini davom ettira turib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. – fotosuratlarim bor, o‘zingiz ko‘rasiz…
Albomlarini bir-bir varaqlab chiqdim. U ham yonimga kelib, engashib, suratlarga izoh berib turdi.
– …Bu Kakashi – yaponiyalik, tarbiyachimiz, judayam hazilkash… Bu Kixston xola – judayam mehribon… Bu Abdulsamat afg‘onistonlik do‘stim… Bu orol – atrofi suv bilan o‘ralgan… Bu angolalik do‘stlarimiz qo‘shiq aytayapti…
Fotosuratlarda Ro‘zimurodning o‘zi, do‘stlari, davolagan shifokorlari, tarbiyachilari bilan birga tabiat manzaralari, hayvonot bog‘lari, sokin daryo, osma ko‘priklar aks etgan.
– Ha-a, mazza qilib aylanibsan, shu yoshingda sen ham dunyo ko‘rding, – dedim albomni yoparkanman unga dalda berib.
– Shundayku-ya, – dedi “aytsammi, aytmasammi”, degan qarash bilan ko‘zlarimga boqarkan, – biz u yerda tug‘ilmaganmizda, ko‘nikolmadim…
Undan bu gaplarni kutmaganim uchun hayron bo‘ldim…
– Nima uchun?
– Aka, o‘zimizning yurtimiz boshqacha. Suvimiz boshqacha, daraxtlarimiz boshqacha, o‘t-o‘lanlarimiz boshqacha, ovqatimiz, nonimiz boshqacha… – O‘zining qarashlari bilan izohladi. Hamma notanish narsalari haqida gapirdi. – Sayohatga chiqsak ham qiziqib tomosha qilaman-da keyin sog‘inaman.
– Kimni sog‘inasan? – deyman uning suhbatidan hayratlanib.
– Oilamni, yurtimni…
Bu gaplarni shunday qat’iy ohangda aytdiki, badanim jimirlab ketdi.
Keyin yana gapida davom etdi:
– Do‘xtirlari, tarbiyachilari juda mehribon. Jarrohlik stolida yotganimni bilmayman. Hech joyim og‘rimadiyam… Yaxshi qarashdi, ahvolimizni so‘rashadi, so‘rayverishadi… Nemischani o‘rgandim, operatsiyalar oralig‘ida dam olayotgan paytlarimda to‘garaklarga qatnadim. Pialidan narsalar yasadik.
Tushunmagan joylarimda gapini bo‘laman.
– Nima u piali?
– Silindrga o‘xshagan munchoqlar, – gapida davom etadi u, – qayishga o‘xshab tizib chiqamiz. Ana shunda men birinchi bo‘lib O‘zbekistonning bayrog‘ini yasaganman. Tarbiyachimiz hammaga maqtab ko‘rsatgandi, keyin boshqa davlatlardan kelgan bolalarga ham o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtlarining bayrog‘ini yasashni vazifa qilib topshirgandi. Angolalik, afg‘onistonlik, gruziyalik, armanistonlik bolalar hamma-hammasi bayroq yasashga kirishgan. Ular mening do‘stlarim, xayrlashayotganda boshqacha bo‘lib ketdim.
– Yig‘ladingmi?
– Yo‘q, lekin hozir ayamnimi, dadamnimi ko‘rsam, yig‘lavorsam kerak, – uyalib, yerga qaraydi yigitcha.
O‘sha kuni tuni bilan Ro‘zimurodning ko‘ziga uyqu kelmadi. Faqat tongga yaqin qattiq uxlab qoldi. U qo‘l telefonimning ovozidan uyg‘ondi-yu, sapchib o‘rnidan turdi. Dadasi Rahmatilla aka ekan. Telefonda uzoq suhbatlashdik. U Ro‘zimurodning kelishidan bexabar ekanini, hozirda ish bilan boshqa joydaligini o‘g‘lini amakisi olib ketishini aytdi. O‘zi o‘g‘lini kutib ololmaganidan afsusda ekanini ta’kidlab, hammaga birma-bir minnatdorlik bildirdi. So‘zining oxirida o‘zining sodda shevasida “Davlatimizga rahmat, Prezidentimizga rahmat, shunday jamg‘armalarni ochib, bizday chorasiz qolgan odamlarga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun”, deb qo‘shib qo‘ydi.
Birozdan so‘ng eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Mendan avval Ro‘zimurod entikib yugurdi. Rahmatilla akaning ukasi Komiljon aka kirib keldi…
Bolaning his-hayajonlarini kuzatib, suhbatini tinglab, beixtiyor xalqimizning bir matalini esladim: “Ona yurting omon bo‘lsa, rangi-ro‘ying somon bo‘lmas”.
Faxriddin Hayitov