Gazni hisobga olish asboblarini tekshiruvdan o‘tkazish shartmi?
Gazni hisobga olish asboblari soz ishlab turgan bo‘lsa, uni albatta, to‘rt yilda bir marta tekshiruvdan o‘tkazilishi shartmi?. Menga ushbu masalada tushuntirib bersangiz.
M.Sobirova,
Yakkasaroy tumani
Mamlakatimizda istiqlol yillarining dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan inson manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida ko‘pgina islohotlar amalga oshirildi. Buni aholini gaz bilan ta’minlash sohasida, jumladan, gaz hisoblagichlarini o‘rnatilishi misolida ham ko‘rish mumkin. Biz gaz hisoblagichlarining afzalligi, uni ishlatish tartibi xususida aholi ko‘pam tushinmayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Xo‘sh, gaz hisoblagichlarining afzalligi nimada?
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida jahon andozalariga mos gaz hisoblagichlari mamlakat istiqlolidan keyin o‘rnatila boshlandi. Avvallari mamlakatimizda gaz kishi boshiga to‘lanar edi. O‘zbek xalqining aksariyati ko‘p bolali oilalar ekanini hisobga olsak, bu anchagina qiyinchilik tug‘dirardi, albatta.
Gaz hisoblagichlar esa xonadon egalarining qancha iste’mol qilinganligini aniq ko‘rsatib turadi. Uning afzalligi aniqligida va real xizmatni to‘g‘ri baholay olishidadir. Har kim is’temol qilganiga yarasha haq to‘laydi. Bu davlatimiz uchun ham aholi uchun ham qulay va adolatlidir.
Shuning uchun hisoblagichlar Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 22 martdagi 99-sonli va Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 22 martdagi Qarorlari bilan xonadonlarga gaz hisoblagich asboblari ommaviy o‘rnatila boshlandi Bu gaz isrofgarchiligining ham oldini oladi.
Gaz hisoblagichdan foydalanishning ham o‘z tartibi bor.
Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 martdagi 99-sonli qarorida ushbu tartib belgilangan. Uning to‘rtinchi ilovasida ya’ni «Gazni hisobga olish priborlarini sotib olish, ulash, kvartiralarda va yakka tartibdagi uylarda o‘rnatish, va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 9-bandida shunday deyiladi: «Gazni hisobga olish priborlari individual pasportga ega bo‘lishi va uni tayyorlagan zavod yoki ularning texnik shartlarga muvofiqligini tekshirgan korxona tomonidan plombalangan bo‘lishi kerak. Gazni hisobga olish asboblarining har bir turini tekshirish davrlari «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilanadi».
Ana shu muddat bugungi kunda to‘rt yil qilib belgilangan. Ushbu nizomning 10-bandida: tekshirib ko‘rish muddati o‘tgan priborlar nosoz hisoblanadi va foydalanishga qo‘yilmaydi, deb belgilangan.
Gaz hisoblagichni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab, qayerga murojaat qilish kerakligini ham ko‘pchilik bilmaydi. Bu borada tuman gaz idorasiga murojaat qilinadi. U yerdan vakil kelib, xonadon egasining gaz hisoblagichini tekshirib, akt yozib, ulangan joyidan yechib beradi. So‘ngra xonadon egasi uni «O‘zstandart» agentligidan qayta tekshiruvdan o‘tkazishi kerak.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ayni kunda Toshkent shahrining har bir tumanidagi gaz idorasi yonida agentlikning vakillari faoliyat olib borishmoqda. Jumladan, bizning tumanda ham bu qulaylik mavjud. Arizachi o‘zi istiqomat qiladigan tuman gaz tashkiloti tomonidan berilgan akt bilan O‘zstandartga murojaat qiladi. Agentlik vakili ariza tushgan kundan e’tiboran 7 kunlik muddat ichida uni tekshiruvdan o‘tkazib, to‘rt yilga sertifikat beradi. Undan keyin sertifikat nusxasi tuman gaz idorasiga ariza bilan topshiriladi. Arizaga muvofiq tuman gaz xodimi uni o‘rnatib beradi.
Alisher Bekmurodov,
Toshkent shahar gaz ta’minoti boshqarmasi Yakkasaroy tumani filiali boshlig‘i