Navoiyda yoshlar haftaligi
Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir viloyat yoshlarini bir g‘oya atrofida birlashtirishga qaratilgan.
Haftalik doirasida “Mustaqillik – eng oliy ne’mat”, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?”, Mustaqillik – ma’naviy tiklanish va yuksalish”, “Sog‘lom avlodni tarbiyalash kelajagi buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir”, “Mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash – bosh maqsadimiz” mavzularida uchrashuvlar o‘tkazildi. Mahallalarda keng aholi qatlami, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Qiziltepa tumanidagi markaziy istirohat bog‘ida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida tumandagi 85 korxona-tashkilot 1 ming 235 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. 105 ishtirokchi turli tashkilot va korxona bilan ishga joylashish uchun shartnoma imzoladi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi, Konimex tumani hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tumandagi 20 nafar imkoniyati cheklangan yoshlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga sovg‘a-salom ulashildi.
Karmana tumani hokimligida o‘tkazilgan “Adabiyot va san’at shaxs ma’naviyatini boyitish va yuksaltirish omili” mavzusidagi davra suhbatida viloyatdagi iqtidorli yoshlar ishtirok etib, turli takliflarni ilgari surdi.
– Tengdoshlarimiz uchun munozara klubi va kitob mutolaasi bo‘yicha tanlov tashkil etish taklifim barchaga ma’qul bo‘ldi, – deydi Karmana tumanidagi 20-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi M.Ro‘ziyeva. – Tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Ilg‘or g‘oyalar mana shunday bahs-munozaralarda tug‘iladi. Yoshlar uchun bunday klublar faoliyati ayni muddao bo‘ladi, deb hisoblayman.
Nurota tumanidagi “Chashma” majmuasida 100 dan ortiq yosh hunarmand va rassomlar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etilib, 20 nafar mohir mo‘yqalam sohibi va hunarmand saralab olindi. G‘oliblarga “Kitob olami” do‘konidan bepul badiiy asarlar olish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlar topshirildi.
Haftalik doirasida viloyat hokimi Q.Tursunov yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ochiq muloqotlarda uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash, ularni birlashtirish maqsadida markazlar tashkil etish, olis hududlarda aholi madaniyat va dam olish markazlari barpo etish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘armalar tuzish takliflari bildirildi.
Nuriddin Rahimov,
O‘zA