Kashtado‘zlik – o‘zbek ayolining ziynati
Biror qishloqning ayolini bilmoqchi bo‘lsangiz, sepini yoyganda ko‘ring, — deyishadi xatirchiliklar. «Bizda kelinchakning sepini yoyish va tomosha qilish an’ana. Shaxsan men xuddi muzeyga kirib qolgandek bo‘laman. Chunki, qizlar to‘rt-besh yoshidan boshlab kelinlik sepini tikish uchun ilk saboqni olishadi. To‘y arafasida kelinchakning sepi qo‘ni-qo‘shnilarga namoyish qilinadi. Avvallari tanlovlar, ko‘rgazmalar bo‘lmagan. Xotin-qizlar ana shu yo‘l bilan ko‘rgazma uyushtirishgan. Bu an’ana esa farzandlarimizni bolaligidan mehnatga, sabr-toqatga, go‘zallik yaratishga da’vat qilgan.
Ana shu «ko‘rgazma»dan dastlab kuyovto‘raga, so‘ngra qaynota-qaynonaga va to‘yning aziz mehmonlari – keksalarga sovg‘alar beriladi. Ularning duolari olinadi. Sovg‘a ulashish ham bejiz emas, bu udum oilani, yosh kelin-kuyovni yomon ko‘zlardan asraydi, oilaga to‘kin-sochinlik, qut-baraka olib keladi, – deydi Xatirchi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, tuman hokimi o‘rinbosari Mehriniso Pirmatova bizni opa-singil Nasiba va Oysara Muhammadiyevaning «Asrlar sadosi»ga olib kelgan ko‘rgazmasi bilan tanishtirayotib.
Ular yaratgan mo‘jizalarni biz kabi barcha zavq bilan tomosha qilardi. Bu yerda dastro‘moldan tortib choyshabgacha, turli-tuman kashtachilik buyumlarini ham uchratish mumkin. Hatto festivalga atab maxsus to‘qilgan so‘zanada ham yurtimiz kengliklari, Vatanimiz timsollari, milliy naqshlar ichida tasvirlangani barchani lol qoldirdi. Unda go‘yo yurtimizning tinchligi, gullab-yashnayotgani, milliy qadriyatlar ulug‘lanayotgani aks ettirilgan edi.
– Mehriniso opam aytganidek bular bolaliligimizdan buyon yig‘ib kelinayotgan ko‘zimizning nuri, kalbimizning qo‘ri. Faqat»Asrlar sadosi» deb nomlagan so‘zanamizni opam ikkalamiz ikki oy ichida zudlik bilan to‘qidik. Shuningdek, «Asrlar sadosi» festivali munosabati bilan yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdik. El-yurt mustaqil bo‘lib, hunarmandlarga keng yo‘l ochilganidan, ular qadr topayotganidan biz ham xursandmiz. – deydi Xatirchi tuman Hunarmandlar uyushmasi a’zosi Oysara Muhammadiyeva.
Shu uyushmaning yana bir a’zosi Obida Alimovaning ham shaxsiy ko‘rgazmasi festivaldagi hunarmandlar paviloniga o‘ziga xos chiroy bag‘ishladi. Yonma-yon turgan bu ikkala shaxsiy ko‘rgazmaning o‘ziga xosligi nafaqat mahalliy, balki xorijdan kelgan mehmonlarni ham o‘ziga jalb qildi. Obidaxonning ko‘rgazmasidagi o‘ziga xoslik shunda ediki, kashtachilik mahsulotlarining bari chiroyli ramkalarga joylangan edi.
– Mahsulotlarni ramkalarga joylashga anchagina mablag‘ ketgan bo‘lsa kerak, – so‘rayman Obidaxondan.
– Yo‘q. Unga mablag‘ sarflamadim. Turmush o‘rtog‘im Salim Yo‘ldoshev duradgor usta bo‘lgani sabab bularning barini o‘z qo‘li bilan yasadi.
– Kashtalaringiz juda chiroyli, mazmunga boy, san’atkorona yaratilgan. Asli kasbingiz ham tikuvchimi? – so‘rayman Obidaxondan.
– Men uy bekasiman. Kashtachilik onamdan meros. Yoshligimdan onajonim kashta tikayotganida oldiga o‘tirib kuzatardim va o‘sha paytlarda menda shu hunarga muhabbat uyg‘ongan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, kashtachilik naqshlarining asosida har xil gul elementlari, geometrik bezaklar, qora, to‘q qizil, ko‘k, yashil, sariq, oq ranglar did bilan uyg‘unlashtirilib to‘qilgan bo‘lib, o‘ziga xos go‘zallik kasb etgan. Turli naqshli palak, choyshab, kelinchak yopinchiqlari, dasturxon, parda, dastro‘mol, nimcha, ko‘ylak va so‘zanalar an’anaviy badiiy san’atning go‘zal namunasi bo‘lib, qadimiy qadriyatlarimizni aks ettirib turardi.
– Tumanimizda kashtado‘zlik bilan shug‘ullanish har bir oiladagi xotin-qizlarga momomeros kasbdir. Bu ish bilan xatirchilik xotin-qizlarning bari shug‘ullanadi. «Asrlar sadosi» festivali munosabati bilan yakka tartibdagi hunarmand sifatida ro‘yxatdan o‘tdim. Albatta bu mustaqilligimiz sharofati. Hozir uyda ishlab oilamizning to‘kisligi uchun xizmat qilayapmiz. Biz shundan xursandmiz. Ana shunday ulug‘vor tadbir qishlog‘imizga, tumanimizga yaqin joyda o‘tkazilishi bizlarga o‘z hunarimizni ko‘rsatish, tajriba to‘plash va shu bilan bir qatorda jahonga chiqish imkonini berdi. Eng asosiysi xorijliklar ham kashtalarimizni qiziqish bilan kuzatishyapti, — javob qiladi O. Alimova.
– Yana bitta gapni aytib qo‘yishimiz kerak. Bu tadbirda biz birinchi marta qatnashayapmiz. Tadbir bizga tajriba almashish, yon-atrofimizdagi shaxsiy ko‘rgazmalarni kuzatib, o‘rganish imkonini berdi. Kelajakda bunday tadbirlarda yanada ko‘proq mahsulotlar bilan qatnashishni rejalashtirayapmiz, – deydi Salim Yo‘ldoshev.
– Siz turmush o‘rtog‘ingiz Obidaxonga yaxshi g‘oyalar berayotgan ekansiz-da.
– Rahmat. Kashtachilik ko‘nglimizni to‘ldirish bilan birga, oilamizga qo‘shimcha daromad olib kelyapti. Bizga yo‘llanma berib, tadbirkorlar davrasiga olib kirgan kishi Azim Po‘latov bo‘ladi, – deya yonida suhbatimizga jimgina quloq solib turgan kishi bilan tanishtirdi u.
Azim Po‘latov Xatirchi tumani “Hunarmandlar” uyushmasining raisi ekan. U uyushma bu yil festivalga tayyorgarlik ko‘rilishi munosabati bilan tashkil etilganini, uning 349 a’zosi bo‘lib, amaliy san’atning 25 turi bilan shug‘ullanishlarini hikoya qilib berdi. Eng asosiysi, shu yilning o‘zida 349 kishiga mehnat daftarchasi ochildi.
Sarmishsoy qoya toshlariga bitilgan chizgilarda asosan turli hayvonlarning va butun bir voqealarning tasviri berilgan. Yillar o‘tib, islom dini aqidalari tufayli jonli obrazlar tasviri butunlay yo‘qolib, uning o‘rnini chizmachilikda geometrik shakllar va o‘simliklarning tasvirlari egallagan. Nazarimda, kashtachilikda ham ana shu an’anani qayta tiklash kerak, deb o‘ylayman. Siz bunga nima deysiz, – so‘rayman undan.
– Darhaqiqat, kelajakda so‘zanalarimizda ana shu qadimiy go‘shani aks ettirishni ham o‘ylayapmiz. Bu anchagina murakkab ish. Biroq, xalqimiz san’atkor. Qunt qilsa, hamma narsani eplaydi, – javob qiladi Azim Po‘latov.
Ular bilan suhbatlasha turib, beixtiyor xayolimdan donishmand Umar Xayyomning so‘zlari kechadi: «Dunyoning tilagi, samari ham, aql ko‘zi qorasi-javhari ham, to‘garak jahonni uzuk deb bilsak, shaksiz, uning ko‘zi gavhari ham insondir». Eng qadimgi davrlarda Sharq faylasuflari inson mavqeini nihoyatda ulug‘laganlar. Jamiyat rivoji insonga bog‘liq bo‘lib, shaxs kamolining asosiy manbai jamiyatda, inson faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar tizimida ekanligini alohida ta’kidlaganlar. Mustaqillik tufayli amaliy san’at ustalariga jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatib, ma’naviy yuksalishlarida yordam berilmoqda. Bu esa zamonamiz tinchligi va farovonligining ifodasidir.
Ushbu xatirchilik hunarmandlarning omadi va yutuqlari sog‘lom avlod tarbiyalashda xalq udumlarni asrab-avaylab kelayotganligidadir. Zero, ular hunarmandchilikni har bir oila bekasi bilishi kerak deb tushunishadi. Bu tushuncha kelajak avlod tarbiyasiga ham munosib hissa qo‘shadi. Farzandlar ota-onasi yonida bolaligidan hunar o‘rganib, mehnatda toblanib ulg‘ayishadi. Ana shu ezgu tilaklar, oddiy kishilarga xos beg‘uborlik, yurt osmonining tiniqligi bilan uyg‘unlashib boraversin.
Ra’no Zaripova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist