Kalsiy yurakka qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Karolina institutida o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot ba’zi odamlar yurak ishemiyasi (tomirning siqilishi yoki to‘silishi natijasida qon kelmay qolishi) va yurak xuruji kasalliklariga moyil bo‘lishini ko‘rsatdi. Muammo faqat gen bilan emas, balki kalsiy bilan ham bog‘liq, deb yozadi Medical News Today nashri.
Qon oqimida kalsiy miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, kasallik xavfi shuncha yuqori bo‘ladi. Ma’lumki, kalsiy qon ivishi, qon bosimi boshqaruvi va yurak muskullari qisqarishida muhim ahamiyatga ega.
184305 nafar odamning ma’lumotlari asosida tadqiqot o‘tkazildi. Ulardan 60801 nafari yurak ishemiyasiga yo‘liqqandi. Shuningdek, bu guruh ishtirokchilarining 70 foizida yurak xuruji ham kuzatilgan. Genomlar tahlilidan so‘ng tanadagi kalsiy ko‘rsatkichi bilan bog‘liq oltita genetik variant belgilandi. Natijada, kalsiy miqdorining yuqoriligi va yurak kasalliklari bir xil genetik asosga ega ekani aniqlandi.
Ilgari mutaxassislar kalsiyga boy biologik faol moddalar xavfli deb ta’kidlashgan edi. Chunki ular tomirga toshma chiqarib yuborishi mumkin. Kalsiy miqdori yuqori oziq-ovqat mahsulotlari esa, aksincha, yurak-qon tomiri tizimi uchun foydali.
O‘n yil davomida 2700 kishining ovqatlanish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlari va tibbiy hujjatlari tahlil qilib borildi. Unga ko‘ra, kalsiyli biologik faol moddalarni faqat shifokor tavsiyasi bilan qo‘llash mumkin deb topildi.
Kalsiydan foydalanish haqida so‘z borganda, uni qancha ko‘p iste’mol qilinsa, tishlar va suyuklar shunchalik mustahkam bo‘lishi aytiladi. Lekin keragidan ortiq kalsiy yurak-qon tomir tizimiga zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, katta yoshli odamlarda kalsiy suyuklarni mustahkamlamaydi va siydik orqali to‘liq chiqib ketmaydi, yumshoq to‘qimalarda, xususan aorta va arteriya tomirlarida yig‘ilib, cho‘kib qoladi. Bu esa qon oqimiga to‘sqinlik qiladi va yurak huruji ehtimolini oshiradi, deb ta’kidlaydi olimlar.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.