Shoir bo‘lish shuncha osonmi?..

Gazetamiz o‘quvchilari asosan yoshlardan iborat bo‘lgani bois, tahririyatga keladigan maktublar ham ko‘pincha yoshlar tomonidan yuborilgan bo‘ladi.

Endi ishga kirgan paytlarim qo‘limga konvert tutqazishsa, uning ichida go‘yo dunyodagi eng sirli bitiklar joylashib olgandek, ularni birinchi bo‘lib o‘qish sharafi menga nasib etayotgandek hayajonlanardim. Bu holat uzoq emas, bor-yo‘g‘i bir necha oy davom etdi. To‘g‘ri, avvaliga, xat tarzida jo‘natilgan she’rlarni (darvoqe, lof bo‘lmasinu, har o‘nta konvertning to‘qqiztasida she’r bo‘lardi) titroq bilan o‘qirdim. Gazetaga xat jo‘natishsa, uning ichida Vatan, ota-ona, bahor, oqil bobo, mehribon buvilar haqida she’rlar bo‘lsa, qanday yaxshi! Lekin bora-bora bunday mavzudagi she’rlar shu darajada “oqib” kelardiki, ular qanchalik ko‘p va zerikarli bo‘lsa, men shunchalik hafsalasizlik, loqaydlik bilan, shunchaki majburiyat yuzasidan o‘qiydigan bo‘ldim.

Hayron qoldirgani she’rlardagi badiiy saviyaning “yuksak”ligi emas, “yosh, kelajagi olovday porloq “shoir”ga tuppa-tuzuk nomi chiqqan ijodkorlarning yozgan “oq yo‘l”lari. So‘zim juda quruq bo‘lib qolmasin, bir misol aytay. Ikki yilcha avval, bir shoira kelib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga intilayotgani, she’rlarini shaxsan bir adibning o‘zi (u adibni hamma biladi, shoir emas, yozuvchi) ko‘rib, oq fotiha berganini aytdi. Qarasak, rostdan ham mashhur yozuvchining imzosi bilan ikki bet nimadir yozilgan. Qiziqib o‘qib ko‘rdimu, turli gumonlarga bordim. Sevimli adibim, asarlarini miriqib o‘qigan adibim shunchalar grammatik va orfografik xatolar bilan yozar ekanmi? Qolaversa, bir o‘rinda jumla yaxshi boshlanganu, qo‘shma gap bo‘lgani uchunmikan, muallif gapining davomida adashib ketgan. Shu gapni biror inshomda yozganimda, ona tili muallimimiz qizil ruchka bilan ustidan chizib tashlagan bo‘lardi. Bu esa mashhur adibning qalamidan to‘kilgan jumla edi… Sizni ishontirib aytaman, men bu “oq yo‘l”ni sevimli adibim o‘z qo‘li bilan yozganiga shubha qildim. Ha, endi, u zotning vaqti yo‘q bo‘lsa, shoira kelaverib bezor qilib yuborganu, adibimiz o‘zbekchilik qilib: qizim, o‘zingiz bir nima qoralab keling, qo‘l qo‘yib beraman, degan bo‘lsalar kerak-da, deb o‘yladim…

So‘zlarimni o‘qib, ayrim yosh shoirlar ranjisalar ham aytaman, tahririyatga yuboriladigan she’rlarning aksariyati she’riyatning eng oddiy talablariga ham javob bermasligi yetmaganidek, ko‘pchiligining mazmuni sayoz bo‘ladi. Masalan, Vatan haqidagi she’rlarning barida mazmun shunday: “Vatanim dunyoda tanho, uning ob-havosi zo‘r. Qizlari chiroyli, yigitlari mard, o‘zi serquyosh!”. Bu she’rning boshi va o‘rtasidagi mazmun. Yakunda: “Senga jonimni fido qilaman, baxtimga doim omon bo‘l!” deyiladi. Agar g‘azal bo‘lsa, oxirgi baytda ismini ham chiroyli minnat bilan tirkab qo‘yishadi. Baraka topkur, bekordan-bekorga joningni fido qilib nima qilasan, undan ko‘ra el-yurtga qo‘lingdan kelgancha (mayli, ulkan binolar qurma, unga bitta g‘isht uzat!) xizmat qil, degimiz keladi.

Yana o‘qing:  Xush kelding ey, navro‘zi olam!

Ona haqidagi she’rlarda, endi o‘zingizga ma’lum, onalarning mehribonliklari, fidoyiliklari madh etiladi. Go‘yo onalar shu qaytariq madhlarga muhtoj! (To‘ylarda bilasizmi, “Men shu ikki yoshga ulkan baxt tilayman” , deyishadi. Yo‘q narsa tilanadi, bor narsani tilab nima qilasiz, akasi, demaydi hech kim. Ular shundog‘am baxtli, ularga baxt tilamang, baxtingiz bardavom bo‘lsin, deng, yetadi).

Yo‘q, qalamkashlarni nosamimiy, maqsadsiz yoki ermak uchun yozishadi desam, juda ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Maqola, she’r, hikoya yozib jo‘natgan yoki bevosita tahririyatning o‘ziga olib kelgan mualliflarning ko‘pi bemaqsad emas. Deylik, aksariyat tengdoshlarimiz o‘z ijod namunalari bilan biror tanlovda qatnashishni maqsad qilgan bo‘ladilar. Albatta, bunda ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. Biroq bizni o‘yga soladigani shuki, ularning hammasi ham adabiyotni sevadi, badiiy ijodni o‘zlarining hayoti, qismati, dardu quvonchini ifoda etishga go‘zal bir vosita, ko‘ngil ishi deb biladi, deyish qiyin…

Yaqinda, tahririyatga bir shoir keldi. Keladiganlardan farqli ravishda, yoshi yigirma-yigirma beshda emas, ellikni qoralab qolgan, ko‘rinishidan tajribali qalamkash.

Vatan haqida she’r yozgan ekan. O‘qidik. Bildikki, muallif Vatanni juda ham sevar ekan. She’rda el-yurtga muhabbat aks etgan edi. She’rning ostiga, bilmadim, muharrir uchun bo‘lsa kerak, shunday izoh ham berilibdi: “Men ushbu kamtarona yozgan she’rim bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqchiman”.

Shoirning ulug‘ niyatlari ijobat bo‘lmog‘ini tilab, qachondir foydalanish maqsadida (ilgari tahririyatlardan mualliflarga “she’ringizdan (maqola, hikoyangizdan) o‘rni kelsa foydalanamiz” degan javob kelardi) uni “esdaliklar tortmasi”ga yaxshilab joylab qo‘ydik…

Elmurod NISHONOV

Manba: saviya.uz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: