O‘smirlik davri psixologiyasi
O‘tish yoshini turli olimlar turlicha chegaralaydilar. Ayrimlar 10-14 yoshni boshlanish yoshi, 14-18 o‘rta, 18-20 ni o‘tish yoshining yakuni deb hisoblaydilar. Zamonaviy tibbiyot esa organizmninganotomik-fiziologik o‘zgarishlarining 7 yoshdan boshlanishini o‘rganib chiqdilar. Shunga ko‘ra, taqvim bo‘yicha emas, aynan organizmdagi jinsiy o‘zgarishlariga qarab o‘tish yoshini belgilash lozim deb hisoblaydilar.
Organizmning fiziologik o‘zgarishining tezlashuvi natijasida bu yoshda bola o‘zida hayajon, ko‘tarinki kayfiyatda uyg‘onish va ba’zan o‘z-o‘zini yerga urish hissini sezadi.
Bu davrda bola o‘ziga nisbatan ko‘proq diqqat-e’tiborni talab qiladi. U o‘zini katta odam deb hisoblaydi va shaxsiga nisbatan kattalardek munosabatni talab qiladi. Lekin maktabda, kollej yoki litseyda va uyda uning mavqei avvalgidek qolaveradi. Natijada bolada o‘smir yoshi inqirozi boshlanadi. O‘smirlik yoshi inqirozi emansipatsiya, tengdoshlar bilan guruhlashish va xobbi reaksiyalarini keltirib chiqaradi. Emansipatsiya reaksiyasi holatida bola kattalar nazoratidan chiqish va mustaqillikka erishishni xohlaydi, unda o‘zining «men»i paydo bo‘ladi. Kattalar tomonidan o‘tkazilmoqchi bo‘lgan kichkina ta’qib ham bolaning xulqining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tengdoshlar bilan guruhlashish bolada o‘zaro harakat, jamoa tartibiga bo‘ysinish, hurmatga ega bo‘lish va o‘z xohishidagi mavqega ega bo‘lish qobiliyatlarini shakllaydi. Bolada o‘z-o‘zini baholash hususiyati o‘sadi. U tengdoshlarining fikrlarini kattalarning tanqidiga nisbatan ko‘proq qadrlaydi.
Xobbi – biror narsa bilan shug‘ullanish juda katta ahamiyatga ega. Uning sharofati bilan bolada qiziqishlar va individual qobiliyatlar shakllanadi.
Xobbining turlari: intellektual-estetik, ya’ni musiqa, rasm, tarix, texnika; biror narsa yig‘ish; ekssentrik, ya’ni diqqat markazda turish uchun ekstravagant kiyimlarga qiziqish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
O‘smirlarning qiziqishlarini bilish, ular va kattalar orasidagi o‘zaro tushunishlarni yaxshilaydi.
O‘smir psixologiyasida paydo bo‘ladigan yangi hissiyot bu – o‘z-o‘zini anglashdir. O‘z-o‘zini anglash, o‘smir yoshining asosiy yakunidir. Bu paytda inson o‘zining yangi «men»ini ochadi, kuchli va kuchsiz taraflarini o‘rganishga harakat qiladi. O‘zini boshqa odamlar bilan solishtira boshlaydi, o‘ziga nisbatan qiziqish uyg‘onadi, o‘ziga mos do‘st qidiradi.
Qoidaga ko‘ra o‘smirda o‘qituvchi yoki ota-onaga nisbatan jamoaning bolaga bergan bahosi ko‘proq ahamiyatga egadir. Bu yoshda bolada tashkilotchilik, ishbilarmonlik va boshqa shaxsiy qobiliyatlarini shakllantirishga yaxshigina sharoit yaraladi.
V.Suxomlinskiy asosiy shaxs xususiyatlrini quyidagicha ta’riflaydi.
1. Bir tomondan johillikka bo‘ysunmaslik, uni emotsional qabul qilmaslikning ikkinchi tomondan hayotdagi qiyin holatlarda hal qila olmaslik qobiliyati bilan uyg‘unlashadi.
2. O‘smir yaxshi bo‘lishni xohlaydi, idealga intiladi, lekin uni to‘g‘ri tarbiyalashlari yoqmaydi.
3. O‘smir shaxs bo‘lishni xohlaydi. Qandaydir qahramonlik, romantik, noodatiy narsalarni qilishni istaydi. Jarayonga talabning borligi va o‘zida ishonch hosil qilish xohishining mavjudligiga qaramay, o‘smir hali bunga qanday erishishni bilmaydi.
4. O‘smirda xohishning boyligi va kuchning chegaralanganligi qarama-qarshi qo‘yilgan. Qiziqishlarning turli-tumanligi va doimiy emasligi mana shundan kelib chiqadi. O‘smir o‘zining qobiliyatli emasligini bilib qolishdan qo‘rqadi. U o‘zini juda yaxshi ko‘radi va ortida yordamga muxtojligi yashiringan. Ko‘rgazmali ishonchlilik va qat’iyat ortiga yashirinishi mumkin.
5. O‘smirda romantik hissiyot va dag‘al qiliqlar uyg‘unlashgan. Go‘zallikdan zavqlanadi va unga surunkali munosabatda bo‘ladi. Lekin o‘z hissiyotlaridan uyaladi. Bu tuyg‘ularni yosh bolalarga xos deb hisoblaydi. U uni o‘ta hissiyotli deb hisoblashlaridan qo‘rqadi va dag‘allik ortiga berkinadi.
Jismoniy kuchning quyilib kelishi uni faoliyatga boshlaydi.
O‘smirlar bilan ishlaganda ularning yosh va shaxsiy xususiyatlarini, bu yoshning asosiy psixologik yangilanishini inobatga olish zarur.
O‘smir organizmi ham bu paytga kelib ancha o‘zgarishlarga duch keladi: husnbuzarlar chiqadi, tanadan turli noxush hidlar kela boshlaydi. Shuning uchun ham tarbiyaviy soatlar o‘tganda o‘qituvchi albatta, shaxsiy gigiyena haqida ham to‘xtalib o‘tishi lozim.
Bu yoshda bolada juda katta psixologik o‘zgarishlar yuzaga keladi va biz buni ko‘rib chiqamiz.
Birinchi galda bu yoshdagi bolalarda uyatchanlik va tezda hafa bo‘lish kuzatiladi. U arzimagan narsalardan ham hafa bo‘ladi va bunga katta ahamiyat beradi. U o‘z tashqi ko‘rinishidan uyaladi, harakatlari bukchaygan holatga keladi. Chunki, u hali o‘z tanasini ilgarigidek boshqara olmaydi. Shunga o‘xshab o‘smir o‘z hissiyotlarini ham jilovlay olmaydi. U o‘zini katta odam deb hisoblaydi va atrofdagilardan ham shunga yarasha munosabatni talab qiladi.
Erkinlikni talab qilish ularda qo‘rquv uyg‘otadi. Deyarli barcha o‘smirlar ota-onasi ularning erkinligini siqib qo‘yganligidan shikoyat qiladilar. O‘sayotgan bola o‘z haq-huquqini talab qilishi tabiiydir, lekin ota-ona uning har bir talabini bajarishga majbur emas.
O‘smirlar ustidan rahbarlik qilish zarur. Ko‘pincha ularning ba’zilari ota-onalari ular bilan qat’iyatliroq bo‘lishini xohlashadi. Bolani to‘g‘ri yo‘lda uni o‘qitayotgan qoidalar emas, sog‘lom tarbiya va unga bo‘lgan ishonch ushlab turadi. O‘smirga esa qoida ham, ota-onasining hayotdagi bo‘shliqlarni to‘ldiradigan bu qoidalarni o‘rgatish uchun unga berayotgan e’tibori ham kerak.
Ota-ona bilan bo‘ladigan kelishmovchiliklar o‘smir o‘zini katta his qilib, ota-onasining o‘rnini egallamoqchi bo‘lganligi oqibatida yuzaga keladi. Albatta, ota-onaga bu yoqmaydi. Ota-ona va farzand o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘ladi. ba’zida bu ota va qiz, ona va o‘g‘il o‘rtasidagi ziddiyatlar ham bo‘lishi mumkin. Otaga qiz, onaga esa o‘g‘il bola yaqinroq bo‘ladi, deyishadi. Lekin, vaqt o‘tgan sari, ya’ni balog‘at yoshida bola buni unuta boshlaydi. Chunki, oiladan tashqaridagi boshqa odamlarga o‘z his-tuyg‘ularini yo‘naltirgan bo‘ladi. U ota-onaga bo‘lgan munosabatini yo‘qotishga harakat qila boshlaydi. Agar uyda o‘smir yoshini hisobga olib, bola bilan o‘zaro do‘stona, yumshoq muomalada bo‘linsa, sharoitga qarab farzandining xohish istaklarini inobatga olib ish ko‘rilsa, farzandga shaxs sifatida qaralsa, u buni sezadi va yaxshi yo‘ldan yurishga harakat qiladi. Aks holda o‘smir ko‘chadan o‘ziga boshqa mashg‘ulot topadi va yomon yo‘lga yurib ketish ehtimoli katta bo‘ladi.
Bizning mentalitetimizda, ayniqsa, qiz bolani faqat turmushga chiqishga tayyorlaymiz. Oqibatda qizlarimiz ham ayni o‘qib, oila quradigan paytda turmushga chiqish va oilali bo‘lishni o‘ylay boshlaydilar.
Bizning ajdodlarimiz farzandlarini milliy qadriyatlarimizga asoslanib tarbiya qilganlar va natijada ular orasidan ko‘pgina buyuk insonlar yetishib chiqqanligi sir emas.
O‘smirlik davrini qiyin davr deymizu, lekin mana shu oraliqning paydo bo‘lishi va sekin o‘tishiga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolayotganimizni sezmaymiz. Biz farzandlarimizga ozgina vaqt ajratib, ularning ko‘ngliga yo‘l topa olsak, ertaga jamiyatimizga foydasi tegadigan insonlarni tarbiyalab, kamolga yetkazamiz.
Zamira HAKIMOVA,
Yakkasaroy yengil sanoat kasb-hunar kolleji rus tili o‘qituvchisi