Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Bugungi kunda Toshkent viloyati xalq ta’limi tizimida 1348 ta ta’lim muassasasi, jumladan 406 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 871 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 2 ta Mehribonlik uyi, 31 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 19 ta “Barkamol avlod” markazi, 19 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qabul qilingan davlat dasturlari doirasida mazkur ta’lim muassasalarining samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida ta’lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash yo‘nalishlarida qator dolzarb masalalar mavjud.
Toshkent viloyati maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa, aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida:
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklarining takliflariga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tarkibida Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etilsin.
- Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali o‘qituvchilarni talab darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
yurtimizning pedagogika fani bo‘yicha qadimdan rivojlanib kelgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va Toshkent viloyati tumanlari ta’lim muassasalari talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga yosh istiqbolli bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institut ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
- Quyidagilar:
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziriga zarur hollarda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan normativlariga muvofiq o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich talabalar va professor-o‘qituvchilar tarkibiga muvofiq o‘rnatilgan tartibda shakllantirib borilsin.
- Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining 2017/2018 o‘quv yili uchun qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi 2017/2018 o‘quv yili uchun Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining talabalari kontingentini Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur ta’lim muassasalariga belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinmagan mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan, Toshkent viloyati tumanlari ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantirsin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2017/2018 o‘quv yili uchun talabalar o‘qishga amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha tasdiqlangan kvota doirasida qabul qilinsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari va oliy ta’lim muassasalari hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining ta’lim mazmunini takomillashtirish bo‘yicha faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilinsin. Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlansin.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilansin:
Toshkent viloyatidagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, pedagogik kadrlar va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarining ilmiy-metodik bazalarini shakllantirishni muvofiqlashtirish va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
pedagogika sohasidagi talab va ilg‘or xorijiy tajriba, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda, viloyat ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirishni amalga oshirish;
viloyatdagi pedagogika sohasida ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan, fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanishlar olib borishni muvofiqlashtirish;
viloyat ta’lim muassasalari ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni maqsadli tayyorlash asosida, pedagogika sohasini rivojlantirishning strategik vazifalaridan kelib chiqqan holda, viloyatdagi ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini sifatli oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash.
- O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Xalq ta’limi vazirligining taklifiga asoslanib Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti uchun tayanch oliy ta’lim muassasalariga doktoranturaga 2018 yil uchun maqsadli kvotalar ajratsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2017 yil 1 sentyabrgacha:
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) ustavini tasdiqlab, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin;
Institut tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini ro‘yxatdan o‘tkazsin;
respublika ta’lim va ilmiy muassasalarining tajribali xodimlari, jumladan, Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibidan o‘rnatilgan tartibda Institutni yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlasin;
Institut ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga muvofiq fanlarni o‘quv adabiyotlari va ilmiy-metodik qo‘llanmalar bilan hamda o‘quv xonalarini zamonaviy laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Institut uchun zarur pedagog kadrlarni jalb qilish uchun soatbay asosida haq to‘lash va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanishini moliyalashtirishning aniq choralarini ko‘rsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyiga tegishli Chirchiq shahar, Istiqbol ko‘chasi, 2″A»-uy va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga tegishli Chirchiq shahar, Amir Temur ko‘chasi, 104-uyda joylashgan binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyi va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejining 2- va 3-kurs o‘quvchilari bitirgunlariga qadar Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining binolarida ijara to‘lovisiz joylashadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida 2018 yildan boshlab Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2018 yilga va keyingi yillarga parametrlarini shakllantirishda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti ob’yektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
- Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini saqlash xarajatlari 2017 yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2018 yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
- Quyidagilar Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
- O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat, 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasi saqlashga limit ajratsin.
- Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida Toshkent shahridan qatnab ishlovchi professor-o‘qituvchi va ishchi-xodimlarga borish-kelishi uchun tegishli sharoitlar tashkil etilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017 yil 27 iyul
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini
tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga
ShARH
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, unga o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini keng joriy etish, oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi samaradorligini ta’minlash borasida qator ishlar qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, oliy ma’lumotli mutaxassislarni hududlar va sohalar bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda tayyorlash taqozo etilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent viloyati xalq ta’limi tizimida 1348 ta ta’lim muassasasi, jumladan, 406 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 871 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 2 ta Mehribonlik uyi, 31 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 19 ta “Barkamol avlod” markazi, 19 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qabul qilingan davlat dasturlari doirasida mazkur ta’lim muassasalarining samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa, aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining asosiy vazifalari, tuzilmasi va faoliyatini tashkil etish, moddiy-texnik bazasini shakllantirish hamda ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek, qarorda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2017/2018 o‘quv yili uchun 750 ta qabul kvotalari ajratilib, Institutga talabalar kontingentini Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur ta’lim muassasalariga belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinmagan mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan, Toshkent viloyati tumanlari ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantirish belgilangan. Bunda talabalarni o‘qitishning amaldagi bazaviy (oshirilmagan) to‘lov-kontrakt miqdori asosida tasdiqlangan kvota doirasida qabul qilish amalga oshiriladi.
Mazkur qaror bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari va oliy ta’lim muassasasi hamda viloyat pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining ta’lim mazmunini takomillashtirish bo‘yicha faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil qilish va uning asosiy vazifalari belgilanmoqda.
Institut uchun 2018 yilda tayanch oliy ta’lim muassasalarida doktoranturaga maqsadli kvotalar ajratish, ustavini va shtat jadvallarini tasdiqlash, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va fanlarni o‘quv adabiyotlari va ilmiy-metodik qo‘llanmalar bilan hamda o‘quv xonalarini zamonaviy laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash, shuningdek, ob’yektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash yuzasidan vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilmoqda.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarga Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish topshirilgan.
Ushbu qarorning qabul qilinishi Toshkent viloyati tumanlari va qishloqlaridagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlashni joylarda tashkil etish va ta’lim sifatini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi darajasini oshirish imkoniyatini yaratishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.