Obod bozorning savdosi barakali bo‘ladi
Bugun yurtimizdagi barcha savdo markazlari va bozorlarda ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “O‘rikzor” mahallasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Qurilish shaharchasi” savdo majmuasi ana shunday zamonaviy markazlardan biri hisoblanadi.
2014 yilning noyabr oyida xususiylashtirilgan va ayni damda 800 nafardan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat ko‘rsatayotgan markaz aholining xo‘jalik va turli maishiy ehtiyoj mollariga bo‘lgan talablarini qondirib kelmoqda.
Jumladan, majmuada turli qurilish materiallari hamda bolajonlarning tafakkur va zehnini o‘stiruvchi, vaqtlarini mazmunli o‘tishini ta’minlovchi o‘yinchoqlar savdosi keng yo‘lga qo‘yilgan.
– Savdo majmuamizda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ma’muriyat tomonidan sotuvchilarning muomala madaniyatiga, yon-atrof ozodaligiga alohida e’tibor beriladi. Bunday ezgu ishlar aholiga sifatli savdo xizmatini ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi, – deydi markazning xodimlar bo‘limi boshlig‘i Dilorom Ahmedova.
Bu yerdagi tadbirkorlar doimo o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadilar. Jamoada intizom ish unumining asosini tashkil etadi. Ayniqsa, hududda noqonuniy savdoning oldini olish maqsadida tez-tez targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib boriladi.
Yaqinda Uchtepa tuman Ichki ishlar bo‘limi va yana bir qancha mas’ul tashkilotlar hamkorligida “Odam virusi” hujjatli filmining namoyish etilishi tadbirkorlarni bugungi shiddatkor zamonda ogoh bo‘lib yashashga chorladi. “Ogohlikka da’vat”, “Muomala madaniyati”, “O‘z hududingni ozoda saqla” kabi ma’naviyat soatlarining o‘tkazilishi esa sotuvchilarning ichki madaniyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Hozir yurtimizda yozning jazirama kunlari hukm surmoqda. Shu bois, majmua hududida sanitariya talablariga javob bermaydigan turli oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy savdosining oldini olishga katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, tegishli tashkilotlar xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Aholining oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Sanitariya-epidemologiya osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek, “Toshkent shahri hududida noqonuniy savdoni bartaraf etish, mavsumiy savdo va umumiy ovqatlanish tarmog‘i ob’yektlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida majmua hududida sanitariya talablariga javob bermaydigan mors, kvas, o‘rik sharbati, ayron kabi yaxna ichimliklar, muzqaymoq, meva-sabzavotlar, go‘sht hamda sut mahsulotlari va go‘ja bilan savdo qilinishining oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Yon-atrof ozodaligini saqlashga ma’muriyat tomonidan katta e’tibor qaratilgan va bu borada farroshlar, bog‘bon va santexnik xodimlarning samarali mehnati tahsinga loyiq. Qolaversa, majmua hududidagi maishiy va texnik chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqib ketilishi qat’iy nazoratga olingan. Shuningdek, yong‘in xavsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan o‘t o‘chirish moslamalari, kuzatuv kameralari soha xodimlarining doimiy nazoratida.
Shuningdek, savdo markazi hududidagi barcha tadbirkorlar savdo xizmatini to‘lov terminallari va kassa apparatlari yordamida amalga oshirmoqda.
Darhaqiqat, bugun nafaqat poytaxtimiz, balki respublikamizdagi mavjud bozorlar go‘zal maskanlarga aylandi. Ular atrofi obod va ozoda, ko‘rkam hamda dilga quvonch ulashadigan qiyofaga keldi. Rastalar tartibli, qayerda qaysi mahsulot sotilishi aniq belgilab qo‘yildi. Bu esa iste’molchilarga yanada madaniyatli xizmat ko‘rsatish, shuningdek, xalq farovonligi, va iqtisodiyotimizning yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Maryam AHMEDOVA